Dars faqat o‘yindan iborat emas
Bugun zamonaviy ta’lim jarayoni o‘qituvchilardan ko‘proq izlanishni, interaktiv metodlar va didaktik o‘yinlardan unumli foydalanshni talab etadi. Didaktik o‘yinlar vositasida o‘tilayotgan mavzular o‘quvchi ongiga tezroq kirib borib, adaptatsiya hosil qilishlariga ham ko‘mak beradi.
Yangi dars boshlanishida yoki o‘tgan darsni mustahkamlash payti didaktik o‘yinlardan foydalanib, o‘quvchilarning darsga qiziqishlarini oshirish mumkin. O‘yin vositasida muomala madaniyati ham shakllanadi. Ammo didaktik o‘yinlardan mohirona, o‘z o‘rnida va izchil foydalansakkina, natijaga erishamiz.
Ba’zi darslarni kuzatganimda o‘qituvchilar mashg‘ulotni qiziqarli o‘tkazaman deb, butun bir dars jarayonini o‘yinlarga to‘ldirib tashlashlariga guvoh bo‘laman. O‘yinlar o‘z o‘rnida emas, tanlanmasdan, pala-partish qo‘llaniladi. Eng yomoni, o‘tiladigan mavzuni yoritib berish e’tibordan chetda qoladi. Didaktik o‘yinlarni bu tarzda qo‘llash hech qanday samara bermaydi, aksincha, vaqtimiz va harakatimizni behuda sarflagan bo‘lamiz.
O‘yinlar o‘rtasidagi izchillik o‘quvchi va o‘qituvchini shoshirib, chalg‘itib qo‘ymasligi kerak. U darsning sifat-samaradorligini oshirishga xizmat qilishi lozim. Ya’ni, birinchi o‘yin ikkinchisiga, ikkinchisi uchinchisiga o‘zaro aloqador va bog‘liq bo‘lib, dars mavzusini ochib bersa, kutgan natijamizga erishamiz.
Shu bois har bir noan’anaviy darsni tashkil qilishdan oldin biz uchun yaratilgan metodik qo‘llanmalarni, tajribali o‘qituvchilarning ommalashgan dars ishlanmalarini yana bir bor kuzatib, o‘rganib chiqishdan erinmasligimiz kerak.
Mahfuza RAJABOVA, Denov tumanidagi 42-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi