Bolangizni matematikaga qiziqtiring! Buning yo‘li oson
Bolada matematika faniga qiziqishni qanday uyg‘otish mumkin? Bolalarga matematikani o‘rgatishning olti usuli xususida so‘z yuritamiz.
Asosiy matematika qonuniyatlarini bilish deyarli hamma uchun kerak. Ko‘p kasblar matematika bilan bog‘liq: moliya, kompyuter texnologiyalari, muhandislik va boshqalar. Shuning uchun ham garchi bu oson bo‘lmasa-da, farzandlarimizga “fanlar shohi”ni o‘rgatish juda muhim.
Avvalo, bolada matematikaga ilk qiziqish konstruktor yig‘ish jarayonida paydo bo‘ladi, degan fikrga aksariyat ota-onalar qo‘shilsa kerak. Ayniqsa, “lego” toifasidagi yig‘ma o‘yinchoqlarni bolalar yaxshi ko‘radi. “Lego” ularning qanday qilib kichkina qismlardan katta va murakkab qurilmalarni yasash mumkinligini tushunib olishiga ko‘maklashadi.
Bir matematik olim maktab davrida ota-onasi uni origami to‘garagiga olib borishganidan so‘ng geometriyaga qiziqib qolganini aytgandi. Chindan ham bu qadimiy san’at geometriyaning aksariyat teoremalarini o‘zida mujassamlashtirgan, qog‘ozdan turli-tuman shakllarni yasash asnosida bolada geometriyaga qiziqish oshib boradi.
Bolada tahlil va mantiqiy fikrlashni rivojlantirishda strategiya janridagi o‘yinlarning o‘rni katta. Masalan, xitoyliklarning “go” o‘yini. “Go” — jahon intellektual o‘yinlarining besh asosiy o‘yinidan biri sanaladi. “Go” qoidalari juda oddiy: oq va qora toshlarda o‘ynaladi. O‘yindan maqsad taxtadagi ko‘proq maydonni egallash va o‘rab olishdir.
Bolada tasavvur paydo bo‘lishi va u taxminlar
qilishi uchun unga quyidagi kabi savollar berish tavsiya qilinadi: “Hovuz suvga to‘lishi uchun qancha vaqt ketishi mumkin?”.
Bunga o‘xshash savollar qiziqarli bo‘lishi barobarida bolada matematik qobiliyatlar rivojlanishini rag‘batlantiradi. Tabiiyki, bola aniq javobni bilmaydi, biroq barcha jihatlarni (hovuzning maydoni, suvning tezligi, quvurning kengligi) hisobga olib, har xil taxminlarni ilgari suradi.
Olimlar va pedagoglarning fikricha, musiqa va matematika chambarchas bog‘liq ekan. Ko‘pincha matematikani va musiqani o‘rganish uchun bir xil qobiliyat va ko‘nikmalar bo‘lishi talab qilinadi.
Ma’lumki, shaxmat tahliliy qobiliyatni eng yaxshi rivojlantiruvchi o‘yin sanaladi. Shuning uchun ham ota-onalar farzandlarini shaxmat to‘garaklariga berishgani ma’qul. Balki professional shaxmatchi bo‘lmas, lekin orttirgan ko‘nikmalari kelgusida qo‘l kelishi aniq.
Maqsuda YO‘LDOSHEVA,Toshkent shahridagi 285-maktab o‘qituvchisi