Deduktiv fikrlashni o‘rgatadigan fan
Har safar sinfxonaga kirishdan oldin bir fikr хayolimdan o‘tadi: “Dars davomida o‘quvchilarning matematika dunyosidan yiroqlasha olmasligiga erishish o‘qituvchi mahoratiga bog‘liq”.
Matematika tushunish birmuncha murakkab fan hisoblanadi. Kuzatishlarim davomida shunga amin bo‘ldimki, ba’zi o‘quvchilar o‘zlarini bu fan “o‘ta mujmal” ekanligiga ishontirib qo‘yishgan. Balki shuning uchun ham o‘zlashtirishni uddalay olishmas. Bu borada birinchi navbatda o‘qituvchi ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishi va dars mobaynida o‘quvchilarni faollikka undab turishi lozim.
Fanni o‘rgatish jarayonida faqatgina teoremalar, qoidalar bilan cheklanib qolmaslik kerak. Darsni tashkil etish jarayonida 45 minutni to‘g‘ri taqsimlay olgan o‘qituvchining o‘quvchilari o‘zlashtirishi yuqori va tushunishi oson bo‘ladi. Masalan, dars davomida biror-bir mashhur shaxsning matematikaga oid fikridan iqtibos keltirib o‘tish ham o‘quvchilarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi. Misol tariqasida P.Gassendining fikrini keltiraylik: “Agar biz hayotda nimanidir o‘rgangan bo‘lsak, buning uchun matematikadan minnatdor bo‘lishimiz
kerak”, yoki Pogorelovning fikrini olaylik: “Maktabda ikkita asosiy fan bor — ona tili va geometriya. Biri kishini o‘z fikrini tushunarli bayon qilishga, ikkinchisi — deduktiv fikrlashga o‘rgatadi”.
Psixologlarning ta’kidlashicha, inson bir narsaga ko‘pi bilan 15 daqiqa e’tiborini jamlab tura oladi, undan keyin toliqadi. O‘quvchilar ham 10–15 daqiqa diqqat bilan tinglaydi, so‘ngra zerika boshlashadi. Mana shu holatni e’tiborga olgan holda mavzuni tushuntirish oralig‘ida interaktiv metodlarni o‘rni bilan qo‘llash o‘quvchining diqqati fandan chetlashmasligini ta’minlaydi. Qolaversa, dars jarayonini turli dizaynda tashkil etish ham o‘quvchida o‘zgacha qiziqish uyg‘otadi. Proyektor orqali ko‘rsatiladigan slaydlar, animatsiyalar, turfa rangdagi, har xil shakldagi stikerlar bu borada yordam bera oladi.
O‘quvchilarga berilgan misol yoki topshiriqlarning bir-birini takrorlamasligi ham o‘ta muhim, chunki turli ko‘rinishdagi topshiriqlar mustaqil ravishda ishlashga undaydi va partadoshidan ko‘chirib olish imkonini yo‘qqa chiqaradi.
Qolaversa, iloji boricha o‘quvchilar bilan induvidual tarzda ishlashga harakat qilish kerak. To‘g‘ri, bir sinf o‘quvchining har biri bilan ishlashga dars uchun ajratilgan vaqt yetmaydi. Topshiriqlarni tekshirish ham ancha vaqt talab qiladi. Agar berilgan topshiriqlarni o‘quvchilar o‘zlari bir-biri bilan almashgan holda tekshirib chiqsa, ham vaqt tejaladi, ham o‘rtoqlari oldida mulzam bo‘lib qolmaslik uchun o‘quvchi astoydil harakat qiladi.
Qizlardona O‘TAYEVA, Boysun tumanidagi 49-maktab o‘qituvchisi