Poytaxtda ko‘rsatkichlar pasaymoqda
Har yili mart-iyun oylarida pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalarini berish jarayonlarini tashkil qilish an’anaga aylanmoqda. Jumladan, joriy yilda oliy va birinchi malaka toifalari hamda bosh va yetakchi o‘qituvchi lavozimlariga talabgor 57 ming 743 nafar pedagogning malaka (test) sinovlarini Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan real vaqt rejimida, onlayn tarzida Toshkent shahri pedagoglari uchun 2–7-mart kunlari, qolgan hududlar uchun esa 25-martdan 10-aprelga qadar o‘tkazish belgilangan edi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli Respublikamiz hududida e’lon qilingan karantin sababli ushbu jadvallarga o‘zgartirish kiritilib, sinovlarni respublikadagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan keyin o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilda amal qilish muddati tugaydigan attestatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi SERTIFIKATlarning amal qilish muddati 31-dekabrga qadar uzaytirildi.
Shu o‘rinda Toshkent shahri pedagog kadrlari uchun o‘tkazilgan malaka (test) sinov natijalarining tahlillari bilan tanishtirmoqchimiz. Zero, ushbu tahlillar orqali pedagoglarimiz o‘z ustida samarali ishlab, vaqtdan unumli foydalangan holda malaka (test) sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Bu yilgi pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonlariga tayyorgarlik ishlari esa birmuncha vaqtli, aniqrog‘i o‘tgan yilning oktabr oyidan boshlangan bo‘lib, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan 2020-yilda attestatsiyadan o‘tadigan pedagog kadrlar to‘g‘risidagi buyurtmalar qabul qilinib, tahlil qilinib, umumlashtirildi hamda
112 ming 935 nafar (ulardan 57 ming 743 nafari oliy va birinchi malaka toifalariga talabgor) pedagog to‘g‘risidagi ma’lumotlar pka.tdi.uz elektron bazasiga joylashtirildi.
Oliy va birinchi malaka toifali hamda ushbu malaka toifalariga talabgor pedagoglar uchun o‘quv fani bo‘yicha malaka (test) sinovlari nazorat materiallarini ekspertizadan o‘tkazish, nazorat materiallari mazmunini malaka toifalariga mos ravishda tabaqalashtirish maqsadida 200 nafardan ortiq amaliyotchi pedagog o‘qituvchi-metodistlardan iborat ekspertlar guruhi shakllantirildi. Attestatsiyadan o‘tuvchi pedagog kadrlar uchun 29 ta umumta’lim o‘quv fanlaridan test savollari bazasi o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida, shu jumladan boshqa ta’lim tillari bo‘yicha boshlang‘ich sinf hamda ona tili va adabiyot o‘quv fanlaridan qozoq, tojik, turkman va qirg‘iz tillarida ekspertlar xulosalari va takliflari asosida texnik talablarga mos keluvchi sifatli savollar bazasi shakllantirildi.
Attestatsiyaga jalb qilingan pedagog kadrlar uchun qulayliklar yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan fevral oyidan boshlab barcha o‘quv fanlaridan onlayn-repetitsiyalar tashkil etildi. Onlayn-repetitsiyalar orqali attestatsiyadan o‘tuvchilar onlayn-test dasturi bilan yaqindan tanishishlari, dasturdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishlari, o‘zlari haqidagi ma’lumotlarning elektron bazaga to‘liq va to‘g‘ri kiritilganligiga ishonch hosil qilish va nazorat materiallari yo‘nalishlari bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lishlari imkoni berildi.
Davlat inspeksiyasining hamda tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan pedagog kadrlar attestatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha 9 ta qo‘shma qaror imzolanib ijroga yo‘naltirildi.
Joriy yilning 2–7-mart kunlari Davlat inspeksiyasi binosida Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan birinchi va oliy malaka toifali hamda ushbu malaka toifalariga talabgor pedagoglar uchun o‘quv fani bo‘yicha malaka (test) sinovlari o‘tkazildi. Ushbu malaka sinovlarida ishtirok etishi kerak bo‘lgan 1 444 nafar pedagogdan 1 372 nafar (davomati 95,0%) pedagog ishtirok etdi, 72 nafar pedagog uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etmadi. Malaka (test) sinovlari natijalarining dastlabki tahlillariga ko‘ra, pedagoglarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 59,1 balni tashkil qilib, bu ko‘rsatkich 2019-yilga (63,8 b.) nisbatan -4,7 ball pasayganligi kuzatildi.
Shahar pedagog kadrlari ko‘rsatkichlarini 100 ballik reyting tizimi asosida tahlil qilinganda, ishtirok etgan 1 372 nafar pedagogdan:
• 38 (2,7%) nafari — 86–100 ball (a’lo);
• 272(19,8%) nafari — 71–85 ball (yaxshi);
• 548 (39,9%) nafari — 55–70 ball (qoniqarli);
• 514 (37,6%) nafari — 55 baldan past (qoniqarsiz) natija ko‘rsatgan.
Test sinovlari natijalarining tahlillariga ko‘ra, 93 nafar (qatnashganlarning 6,7%) pedagog oliy malaka toifasiga, 461 nafar (33,6%) pedagog birinchi malaka toifasiga, 247 nafar (18,0%) pedagog ikkinchi malaka toifasiga, 571 nafari (41,6%) esa mutaxassis malaka toifasiga mos keladigan ko‘rsatkichlarni qayd etishdi.
Poytaxt pedagoglari natijalarining o‘rtacha ballar bo‘yicha tumanlar kesimi tahlilida Mirzo Ulug‘bek (62,1 ball), Yunusobod (61,1 ball), Yashnobod (60,9 ball) tumanlari nisbatan yuqori, Uchtepa (57,7 ball), Mirobod (56,9 ball), Shayxontohur (56,0 ball) tumanlari esa past natijalarni ko‘rsatishgan.
Natijalar o‘quv fanlaridan o‘rtacha ballar bo‘yicha tahlil qilinganda Kimyo 63,6 ball (o‘tgan yilga nisbatan +17,7 ball), Biologiya 56,8 ball (o‘tgan yilga nisbatan + 2,6 ball), Ona tili va adabiyot 56,7 ball (o‘tgan yilga nisbatan +1,8 ball) fanlaridan o‘sganligi quvonarli holat bo‘lsa-da, Geografiya 53,9 ball (o‘tgan yilga nisbatan -18,1 ball), Informatika 48,6 ball (o‘tgan yilga nisbatan -17,1 ball), Ingliz tili 54,7 ball (o‘tgan yilga nisbatan -13,2 ball), Tarix 49,8 ball (o‘tgan yilga nisbatan -6,8 ball) fanlaridan keskin pasayib ketishi tashvishli holat albatta.
Ma’lumki, 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi o‘quvchilari ilk marotaba o‘quvchi-yoshlar bilimlarini baholashning PISA xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishadi. Mazkur tadqiqotlar o‘tkaziladigan: Informatika (o‘rtacha 48,6 ball), Tarix (49,8 ball), Geografiya (53,9 ball), Ingliz tili (54,7 ball) Fizika (55,0 ball) o‘quv fanlaridan past ko‘rsatkichlarni qayd etishgan.
Toshkent shahrining pedagog kadrlar attestatsiyasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichlar (59,1 ball) so‘nggi ikki yilda pasayib ketayotganligi, ayniqsa, test sinovlarida 514 nafar 55 balldan past “qoniqarsiz” natijalar qayd etilishi pedagoglarning o‘z ustida yaxshi ishlamayotganliklari va o‘z malakalarini oshirishga yetarli e’tibor qaratmaganliklaridan dalolat bermoqda. Shunday ekan, ushbu tahlillarni kuzatish orqali pedagoglar o‘z ustida samarali ishlab, vaqtdan unumli foydalangan holda malaka sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari maqsadga muvofiq.
Safarali HAMROYEV, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i