Maktablarda o‘quv yili yakunlandi
Joriy yilning 25-may kuni mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2019-2020-o‘quv yili rasman yakunlandi.
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sababli e’lon qilingan karantin tufayli “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazilmadi.
2019-2020-o‘quv yilida mamlakatimizda 9942 ta umumta’lim maktablarida 6,12 mln. o‘quvchi tahsil oldi.
Albatta, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq mamlakatimizdagi vaziyat tufayli o‘quv yilining to‘rtinchi choragini masofadan tashkil qilishga to‘g‘ri keldi.
Qisqa vaqt davomida uchta telekanalda videodarslar tashkil etildi. Unda 200 nafardan ortiq pedagoglar O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi xodimlari bilan hamkorlikda 3900 dan ziyod darslar tayyorlab,efirga uzatdi. Karantin davrida O‘zbekistonda o‘quvchilarga bilim berish uchun televizion darslarni efirga berish bo‘yicha qarorni YUNESKO, YUNISEF, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar yuqori e’tirof etdi.
Mazkur jarayon mamlakatimizda yangilik bo‘lgani, o‘qituvchilarda kamera oldida ishlash ko‘nikmasi bo‘lmagani uchun kamchiliklar ham uchradi. Televizion darslar ustida ishlagan jamoa aholidan tushgan taklif va e’tirozlarni o‘rgangan holda tasvirga olish jarayonlariga o‘zgartirish kiritib, videodarslarni takomillashtirib bordi.
Shuni ta’kidlash lozimki, Online-maktab loyihasi davom ettiriladi. Yozda telekanallar orqali o‘quvchilarga ingliz tili va zamonaviy kasb hamda ko‘nikmalar bo‘yicha bilim beradigan darslarni namoyish etish rejalashtirilgan.
Xalq ta’limi vazirligi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlarini o‘tkazmaslik bo‘yicha qaror qabul qildi.
Maktablarga o‘quvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida joriy o‘quv yilining 3 ta chorak baholari asosida chiqarish tavsiya etildi. Shu bilan birgalikda kundalik.com tizimi joriy etilgan maktablarda karantin vaqtida tirishqoqlik bilan o‘qigan o‘quvchilarga rag‘batlantirish sifatida 4-chorakdagi faqat ijobiy baholarini yillik baholarini hisoblashda inobatga olish tavsiya etildi.
2019-2020-o‘quv yili natijalariga ko‘ra 9-sinfni jami 490 mingga yaqin va 11-sinfni 451,3 mingdan ziyod o‘quvchilar bitirdi va hayotlarining yangi sahifasiga qadam qo‘ydi.
9-sinf bitiruvchilarining bir qismi 2020-2021-yildan qayta tashkil etilayotgan o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida, 11-sinf bitiruvchilari oliy o‘quv yurtida tahsil olishni davom ettiradi. 11-sinf bitiruvchilarining bir qismi (oliy ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan) o‘zlarining mehnat faoliyatini boshlaydi.
Bitiruvchilar 15-iyunga qadar chop etilgan attestat (shahodatnoma)larni elektron shaklini (skaner) oladi.
2019-yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida” nizomni tasdiqlagan edi.
Nizomga ko‘ra, oltin medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10- va 11-sinflari hamda akademik litseyda barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazorat, chorak, yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli, shuningdek, jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga berilishi belgilangan.
Kumush medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseyda barcha fanlar bo‘yicha yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Hududlardan olingan buyurtmalarga asosan, jami 6901 nafar o‘quvchi oltin va kumush medal sovrindorligiga da’vogar bo‘lmoqda. Ulardan 4682 nafari oltin medal va 2219 o‘quvchi esa kumush medal sohibi bo‘lishi kutilmoqda.
Tayyorlangan attestat (shahodatnoma)lar, oltin va kumush medallar hududda epidemiologik vaziyat yaxshilanib, o‘quvchilarga topshirilgunga qadar barcha xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda umumiy o‘rta ta’lim muassasasida saqlab turiladi.
Karantin cheklovlari olib tashlanganidan so‘ng attestat (shahodatnoma)lar, oltin va kumush medallar o‘z egalariga topshiriladi.
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati