“Tashlab ketaversak” to‘g‘ri bo‘lmas!
Internet taraqqiy etgan hozirgi davrda “Falon fandan ish reja tashlab yuboringlar”, “Falon mavzuda dars ishlanmasi tashlab yuboringlar”, degan iltimoslarga ko‘p duch kelamiz. Hatto bu odatiy holga aylanib qoldi. Rahbarlik qilayotgan sinfim har yili bir sinf yuqorilashini inobatga olib ish rejamni darslik asosida tuzib, tasdiqlataman. O‘quv yili tugashi arafasida darslikning oxirgi sahifalarida mustaqil bajarish uchun berilgan takrorlash darslariga mo‘ljallangan mashqlar qay holatda bajariladi, deya yil boshidan sarhisob qilaman.
Bu yil 4-sinfga rahbarlik qilyapman. N.U.Bikbayeva, E.Yangabayeva, K.M.Girfanova hammuallifligidagi 4-sinf “Matematika” darsligining 2017-yili qayta ishlangan va to‘ldirilgan 4-nashrini ko‘zdan kechirar ekanman, darslikning oxirgi sahifalaridagi 13-masala diqqatimni tortdi. Bu masalani yechishga qancha urinsam-da, hisoblay olmadim. O‘z bilimimdan ikkilandim, balki buning boshqacha yechish yo‘llari bordir, tajribam kamlik qilayotgandir, deb o‘ylab ko‘p yillik tajribaga ega ustozlarga yuzlandim, masalani telegram guruhi orqali hamkasblarim hukmiga ham tashladim, ammo javob ololmadim. Nahotki mendan oldin dars berganlar bu masalani bajarmagan bo‘lsa, deb hayratlandim. Oxiri bir ustozim “Bu masala xato berilgan, tashlab o‘tib ketaverasan” dedi. Yana hayratim oshdi, “Xato berilgan” deya tashlab ketaversak, darsliklarimiz qachon xatodan xoli bo‘ladi.
13-masala bunday edi:
Said balandlikka sakradi. Sakragan balandligi o‘zining bo‘yidan 34 sm past va singlisining bo‘yidan 1 m 5 sm baland bo‘lsa, Saidning bo‘yini toping?
Sharbatoy SHOMURODOVA, Pitnak shahridagi 9-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi