Muhimi ilk qadam tashlangani
1
Yaqindagina ham masofadan turib olinadigan ta’lim haqida so‘z ochilsa, ishonish qiyin edi, ko‘pchilik:
— Hali bu tizimga o‘tishga ancha-muncha qovun pishig‘i bor, — deya mulohaza bildirardi qat’iy qilib. Malaka oshirish tizimida o‘tkazilgan bir-ikki sinovlar ham yetarli natijani bermagandek edi, go‘yo.
Otam rahmatli biror ishga qo‘l urishdan cho‘chib tursak, bir ibratli maqolni ko‘p takrorlar edi:
— Bolam, “ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir” deyishadi, cho‘chimay ishni boshlash kerak, yo‘lini yaratganning o‘zi ko‘rsatadi.
Donishmand xalq bir narsani bilmasa aytmaydi. So‘nggi uch yil ichida ta’lim sohasida qo‘l urilgan yangiliklarni birma-bir sanab o‘tishning o‘zi, izlangan imkon topishiga yorqin misol bo‘loladi:
— maktabgacha tarbiya muassasalari alohida vazirlikka biriktirildi;
— boshlang‘ich ta’lim besh kunlik ish kuniga o‘tkazildi;
— o‘quvchilar tabaqalanishini bartaraf etish maqsadida yagona maktab formasi joriy etish yo‘llari qidirilyapti;
— o‘n bir yillik maktab ta’limi tizimi yaratildi;
— malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarda maxsus sirtqi bo‘limlar ochildi;
— o‘qituvchilar oylik maoshi bosqichma-bosqich oshirilayapti;
— umumiy o‘rta ta’limga kasb-hunar ta’limi qo‘shib olib borilayapti;
— maktablar moddiy-texnik bazasi kun sayin takomillashtirilyapti;
— majburiy mehnat, shu jumladan o‘qituvchining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etilishi taqiqlandi;
— xalq ta’limi tizimini boshqarish yangilanyapti...
Prezidentimizning 2018-yil 5-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “2018–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” istalgan bandiga nazar solsak, yana ko‘plab islohot qirralarini kashf etaveramiz. Qisqacha ta’rif beradigan bo‘lsak, maktab ta’limi, umuman ta’lim tizimi shaklan yangilanyapti, endigi vazifa mazmunan o‘zgarishga kelib taqaladi. Mazmun o‘zgarishi esa o‘qituvchi kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Garchi maktablar eng so‘nggi rusumdagi axborot texnologiya vositalari bilan qurollantirilgan bo‘lsa-da, uni ta’limga joriy etish zimmasiga tushadigan o‘qituvchi “eski hammom, eski tos” qabilida ish yuritar ekan shakl o‘zgarishlari qay darajada foyda keltirardi? Zamonaviy o‘quvchi boshqacha, u internet olamida yashayapti, biz yillar davomida izlab kelayotgan voqea, xabar va yangiliklardan u “Google” qidiruv tizimi tugmasini birgina bosish bilan tanishyapti. Ishonmasangiz, oddiygina qo‘l telefonini bog‘cha bolasining qo‘liga berib ko‘ring, u siz oddiygina aloqa vositasi deb qarayotgan telefonning o‘nlab hayratangiz funksiyalarini kashf etib beradi. Shunday ekan “o‘z joyimizda qolish” uchun biz tashlaydigan ilk qadam eski uslublardan voz kechib, faoliyat mezonlarimizni yangilashga qaratilishi kerak. Aks holda tezkor taraqqiyot sur’atlari bizni bir zumda o‘z oqimidan chetga surib tashlaydi. Oqimdan chetda qolish esa davr shiddatkor kemasidan tushishimizni taqozo qiladi. O‘z navbatida kemani erta tark etish necha yillardirki ardoqlab kelgan, mehr qo‘ygan muallimlik faoliyatimiz intihosiga yirik nuqta qo‘yish bilan yakun topadi.
Dunyoni larzaga keltirgan koronavirus pandemiyasi bir oqimga tushib olgan turmush tarzimizga o‘zimizga bog‘liq bo‘lmagan o‘zgarish va yo‘nalishlar kiritdi. Ayni ta’lim tizimida yil davomida egallangan bilimlarni sarhisob qilish bosqichiga o‘tilganida karantin sharoiti joriy etildi. Tizim ijrochilari va iste’molchilarini bir savol qamrab oldi:
— Endi qanday yo‘l tutiladi, o‘quv yili yakunlanmay qoladimi?
Ta’lim-tarbiya tizimi ta’til bilmaydigan jarayon, yo‘l qo‘yilgan ozgina sustkashlik barcha sa’y-harakatlar zoye ketishiga turtki berishi muqarrar. Prezidentimizning pandemiya sharoitida har bir tizim vakillari zimmasiga kelib chiqadigan vazifalarni aniq-ravshan qilib belgilashdagi qat’iyati, Xalq ta’limi vazirligining yuklatilgan vazifani bajarish borasidagi hozirjavobligi samarasi o‘laroq yuzaga kelgan vaziyatdan chiqib ketish omillari topildi. Mart oyining so‘nggi ikki kunidan boshlab “uyda qolish” va televizion darslar o‘tish yo‘lga qo‘yildi. Zaruriyat tufayli onlayn ta’limga o‘tilishi faoliyat mezonlarimizda nafaqat tub burilish yasab berdi, balki ayrim kemtiklarni ham ro‘y-rost qo‘rsatdi.
2
Bu kemtiklar nimalardan iborat edi:
— ayrim hududlarda, ayniqsa qishloq sharoitida internet past tezlikda ishlashi;
— hamma o‘quvchilar yoki ularning ota-onalarida birdek zamonaviy aloqa vositasi mavjud emasligi;
— dars jarayonida ko‘rgazmalilikka yetarlicha e’tibor berilmaganligi;
— eng asosiysi, nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar orasida ham zamonaviy aloqa vositalarini qo‘llay bilish malakasi yetarli emasligi.
Xalq ta’limi vazirining 1-apreldan barcha ta’lim muassasalari va ularda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar masofadan ishlash tizimiga o‘tkazilishi to‘g‘risida chiqargan buyrug‘i tizimning zamonaviy talablar darajasida qurollanmagan, ya’ni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish malakasini egallash ishiga panja orasidan qarab kelayotgan xodimlari oldiga qisqa fursatda yangilanish sari yo‘l tutish vazifasini yukladi.
Yangicha tizimda ishlashga o‘tilgan ilk kunlarda eng ko‘p takrorlangan savol quyidagicha ko‘rinish oldi desak xato bo‘lmaydi:
— Biz nima qilishimiz kerak?
Javob esa bir qarashda oddiy:
— O‘zingiz rahbarlik qiladigan sinf yoki fan bo‘yicha “Telegram” kanal ochib, unga o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ota-onalarni biriktiring. Televizion darslar o‘quvchilar tomonidan qanday o‘zlashtirilayotganini nazoratga oling.
Ammo bu ishni bajarishning o‘zi bo‘ladimi? Hamma o‘quvchilar yoki ularning ota-onalarida zamonaviy aloqa vositalari mavjudmi, bor bo‘lsa unda ishlash malakasini egallaganmi?
— Boshda ancha qiyin bo‘ldi, — deydi Mirishkor tuman kengashi deputati, maktabimizning 4-“B” sinfi rahbari O‘g‘iljahon Qurbonnazarova. — Rosti “Samsung” rusumdagi, keng profilli qo‘l telefoni ishlatsam-da, unda mavjud bo‘lgan ko‘pgina xizmat turlaridan foydalanishni bilmas edim. “Bir asr yashasang, bir asr o‘rgan”, deganlari bejiz emas ekan. Pedagogika oliygohida tahsil olayotgan kenja farzandimdan o‘rgandim. O‘quv yili boshida hamma o‘quvchilarimning ota-onalari telefon raqamlarini sinf jurnaliga qayd etganim asqotdi. 32 nafar o‘quvchining 20 nafari bevosita onlayn guruhimizga a’zo. 9 nafarini ota-onasining, 3 nafarini qo‘shnisining telefon raqami orqali nazorat qilib boryapman. Onlayn dars sinfimizda a’lo baholarga o‘qish bo‘yicha raqobat muhitini yanada kuchaytirdi, nafaqat o‘quvchilar, ota-onalar qiziqishini ham oshirdi. Negaki, ular bugun o‘zlarini muallim sifatida ham sinovdan o‘tkazishyapti.
Shu o‘rinda yaqindagina sobiq o‘quvchilarimdan biri qo‘l telefonimga qo‘ng‘iroq qilib aytgan gaplar qulog‘im ostida qayta-qayta yangragandek bo‘laverdi:
— Domla, gapning ochig‘i bolani maktab tejar ekan. Karantin bo‘ldi-yu, bolalarimiz uyda o‘tirib qolganlaridan keyin ular bilan murosa-yu madora qilishning naqadar qiyinligini his qildik. Kuni kecha televizion dars jarayonida qancha o‘rgatmay misolni noto‘g‘ri yechgan o‘g‘limning yuziga shapaloq tortib yubordim. Barakalla, sizlarning joningizga, hammasiga dosh berasizlar...
— O‘qishni tugatib o‘qituvchilik faoliyatimni boshlagan ilk yildayoq bunday sinovga duch kelishimni kutmagandim, — deydi 1-“B” sinf o‘qituvchisi Hilola Maktimova. — Yaxshiyamki universitetda AKT bilan ishlash malakasini puxta o‘rgatishgan ekan. Onlayn darslarning esa menga eng maqbul tomoni ko‘rgazmalilikka alohida e’tibor berilayotgani bo‘ldi. O‘quvchilarga birgina eshitish bilan chegaralanib qolish emas, balki ko‘rib xulosa chiqarish imkoni taqdim etilyapti.
Masofadan berilayotgan ta’limning ijobiy va salbiy tomonlari haqida hali bahslar ko‘p bo‘ladi. Bu tabiiy jarayon, har bir yangilik o‘ziga osongina yo‘l topib ketavermaydi. Biz uchun eng muhimi ilk odim zaruriyat tufayli bo‘lsa-da tashlangani. Yana bir muhim jihati, bu jarayonga kimdir mas’uliyat bilan yondashib, o‘zidagi yutuq va kamchiliklarni o‘zi uchun sarhisob qilib olgan bo‘lsa, kimdir chetdan tomoshabin bo‘lib turdi, boisi yangilanish sari yo‘l tutishga kamchilikni tashkil etgan ikkinchi toifadagilarning bilim va ko‘nikmasi yetishmadi.
Abdunabi ABDIYEV, Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori