Maktab binosi yaroqsiz, kollejning esa egasi bor!..
Gazetamizning 2020-yil 25-mart kuni chop etilgan 13-sonida “Maktab binosi nega MTTga olib berildi?” maqolasi chop etilgan edi. Unda ma’lum qilinishicha, Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 18-umumta’lim maktabining 1974-yilda qurilgan binosi hozirda ushbu maskanda tahsil olayotgan 520 nafar o‘quvchi sig‘imiga mos kelmaydi.
Shu bois 2018-yilda “Obod qishloq” davlat dasturi asosida maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari boshlanadi. Ammo ta’lim maskani jamoasi va o‘quvchilarining orzulari endigina ushalay deb turgan bir vaqtda maktabning mukammal qurilishi boshlangan o‘quv binosi maktab tasarrufidan olinib, shu qishloqda joylashgan 27-maktabgacha ta’lim tashkilotiga berilgan. Mazkur holat ortidan yana ko‘plab muammolar vujudga keladi. Ushbu maqola yuzasidan Chortoq tuman xalq ta’limi bo‘limi munosabat bildirdi. Ulardan kelgan xatni e’tiboringizga havola etamiz.
“Chortoq tuman xalq ta’limi bo‘limi sizga shuni ma’lum qiladiki, haqiqatan, hozirgi kunda Alixon qishlog‘i, Alixon MFY hududida joylashgan tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 18-sonli umumtalim maktabi o‘z binosining 360 o‘rinli asosiy binosida faoliyat olib bormoqda. 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti 18-sonli maktabning 320 o‘rinli binosiga ko‘chirilgan.
2018/2019-o‘quv yilida Tuman hokimligining 12-iyul 2018-yildagi 1121-sonli qarori asosida 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga olib berilgan. Hozirgi kunda maktabda 360 o‘rinli maktab binosida 515 nafar o‘quvchi to‘la 2-navbatda tahsil oladi. Bu esa sinfdan tashqari mashg‘ulotlarni muntazam o‘z vaqtida o‘tishga sharoit yo‘qligini ko‘rsatadi. Qarorda maktabning yuqori sinf o‘quvchilari Alixon qishlog‘idagi Alixon MFY hududida joylashgan Alixon ijtimoiy-iqtisodiy kolleji binosiga chiqib o‘qishgan. Qish mavsumi boshlanishi munosabati bilan Kollej binosining isitish tizimi mutlaqo nosoz bo‘lgani sababli, qish mavsumida o‘quvchilar 18-sonli maktabga chiqib o‘qishni davom ettirishgan. Hozirgi kunda 18-sonli umumta’lim maktabining binosida 2-navbatda ta’lim-tarbiya olib borilmoqda.
Kollej binosi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Namangan muhandislik iqtisodiyot universiteti tasarrufiga filial sifatida o‘tkazilgan.
Biroq hozirda kollej binosi bo‘sh holatda turibdi. Agar imkoniyat bo‘lsa bo‘sh turgan kellej binosini Chortoq tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 18-sonli umumta’lim maktabiga olib berilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bunday bo‘lishiga sabab, 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti 1954-yilda xom g‘isht bilan qurilgan. Bino zamonaviy rekonstruksiya talabiga javob bermaydi”.