O‘quvchi hamkoringiz bo‘lsin
“So‘zlab bering — esdan chiqaraman. Ko‘rsating — eslab qolaman. Meni jalb qiling — o‘rganaman”. Bu xitoy xalq maqolini ta’lim-tarbiya jarayonining asosi qilib olish, zarur va kerakli natija garovidir.
Shuning uchun ham bugungi kun pedagogi — innovator, tashabbuskor, ijodkor va albatta zamon bilan hamnafas bo‘lishi shart. Ta’lim-tarbiya jarayonida AKTdan foydalanmaslikning o‘zi bir qolipda qotib qolishdek gap. AKTdan foydalanish o‘ziga xos xususiyatlarning formulasini, ya’ni unumdorlik, mukammallik, ketma-ketlik, moslashuvchanlik, rivojlanish, mutanosiblik, keng ko‘lamlilik va ko‘rgazmalilik kabi imkoniyatlarni yaratadi.
Darsni o‘quvchi va o‘qituvchi hamkorligida olib borish ham yaxshi samara beruvchi usullardan biri. Hamkorlik bu birgalikda ishlamoq, izlanmoq, xulosa chiqarmoq va ta’sir qilmoqdir. O‘qituvchi bu jarayonning asosiy va yagona boshqaruvchisi bo‘ladi.
O‘qituvchi o‘quvchiga zarur bo‘lgan ma’lumotni manbadan yetkazish, metodlarni to‘g‘ri tanlash, o‘qituvchi — o‘quvchi, o‘quvchi — o‘quvchi, manba — o‘quvchi aloqasini, va albatta, qayta aloqani to‘g‘ri rejalashtirishi jarayonni samarali boshqarishga yordam beradi. Ushbu texnologik jarayonda ma’lumot almashinuvini quyidagi uch yo‘l orqali ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin:
1. Asosiy yo‘l — ma’lumotni (ta’lim mazmuni) manbadan o‘quvchiga yetkazish jarayoni.
2. Boshqarish yo‘li — jarayonni rejalashtirish, o‘zlashtirilishini kuzatish, zarur bo‘lganda qo‘shimcha va o‘zgarishlar kiritish, asosiy harakatlanayotgan ma’lumotni nazorat qila olish.
3. Qayta aloqa yo‘li — o‘quvchidan o‘qituvchiga qaytadigan ma’lumotni olish va baholash jarayoni.
Ushbu ketma-ketlikni ishlatishda o‘qituvchi tahlil jarayoni xulosasiga ko‘ra o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritadi va jarayonni boshqaradi.
Hamkorlikdagi ta’lim pedagog va o‘quvchilarning ta’limiy faoliyat jarayonida birgalikda rivojlanishi, bir-birini chuqur tushuna olishi, bir-birlariga nisbatan qalban yaqinlikni his qilishi, faoliyat bosqichlari va shu bosqichlarda erishilgan natijalarni hamkorlikda tahlil qilishidan iborat bo‘lib, ilg‘or, rivojlantiruvchi g‘oyalarni o‘zida aks ettiradi.
Mehribon IBODULLAYEVA, Urganch shahridagi 1-maktabning informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi