O‘zbek tili darsliklari takomillashtirilishi kerak!
So‘nggi yillarda darsliklarning sifatini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2013–2017-yillari “Kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan DTS va o‘quv dasturlari loyihalari” asosida olib borilgan tajriba-sinov ishlari bo‘lib o‘tdi. Umumiy o‘rta ta’lim fanlari kesimida olib borilgan mazkur loyiha ustida ishlashga mamlakatimizning ilg‘or o‘qituvchilari jalb etilgan edi. Men ham bu jarayonga o‘zbek tili fanidan baholi qudrat o‘z hissamni qo‘shishga muyassar bo‘lganman.
2015-yildan boshlab bosqichma-bosqich yangi avlod darsliklari nashrdan chiqa boshladi. Darsliklarni takomillashtirish yo‘lida olib borilgan tadqiqotlar nechog‘lik samara berdi? O‘zbek tili darsliklarida sifat va mazmun jihatdan nimalar o‘zgardi? Albatta, mehnatlar mahsulining e’tirofli jihatlari ko‘p bo‘ldi:
Darsliklarning dizayn va sifati yaxshilandi.
Mavzularga oid illustratsiyalar sifati tubdan yangilandi (Rangsiz, xira rasmlar o‘rnida o‘quvchilarning diqqatini tortuvchi, mavzularni izohlovchi, bugungi davr bilan bog‘liq bo‘lgan rangli tasvirlar o‘rin oldi).
O‘quvchilarning yosh xususiyatiga mos nutqiy mavzular kiritildi.
Mavjud takroriy mavzular o‘zgartirildi.
O‘quvchilarning lug‘at boyligini oshirishda me’yor ta’minlandi.
Grammatik tushunchalar ixcham qoidalar, jadvallar asosida berildi.
Mavzularga doir bilimlarni o‘zlashtirish, mustahkamlash uchun mashq va topshiriqlarning sifati va mazmuni yaxshilandi.
O‘quvchilarga murakkablik qilgan mumtoz adabiyot vakillari haqidagi mavzular o‘rnida XIX–XX asr adabiyotining yetuk namoyandalari hayoti va ijodiga doir mavzular kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-apreldagi “Umumta’lim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun yaratilayotgan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning sifatini oshirish, o‘quvchilarni darsliklar bilan to‘liq ta’minlash, sifatli darsliklarni tanlash imkoniyatlarini kengaytirish, raqobatbardosh, muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmini joriy etish, muqobil darsliklarni tayanch maktablarda 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinovdan o‘tkazish kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.
O‘zbek tili rusiyzabon guruhlarda ikkinchi til sifatida o‘qitilar ekan, ikkinchi tilni tarjimasiz o‘rganib bo‘lmasligi ma’lum. O‘qituvchi grammatik mavzuni harchand tushuntirmasin, o‘zga tilli bola axborotlarni to‘liq qabul qila olmaydi. Tushunmagan mavzuni o‘rganishni istamaydi, o‘rganolmaydi ham. Natijada shu fanga qiziqishi susayadi.
Shaxsiy tajribamga tayanib aytamanki, 9–10 yil rus sinfda o‘qigan o‘quvchilar ham grammatik mavzularni qiyoslab o‘rgatilgandagina o‘zlashtira oladi. Chunki o‘quvchilarda ta’lim olayotgan tilida egallagan bilimlari bo‘yicha ko‘nikma va malakalar shakllangan bo‘ladi. Darsda berilgan qiyosiy ma’lumotlarni bola unutishi mumkin. Aynan, shunda darslik o‘z vazifasini uyda o‘tashi kerak. Boshlang‘ich sinflarda aksariyat o‘quvchilar uy vazifalarini bajarishda ota-ona ko‘magiga tayanadilar. Ota-onalarning aksariyati uy vazifasi uchun berilgan topshiriqlarning shartini, qoidalarni farzandlari, hatto, o‘zlari ham tushunmayotganliklarini bildiradilar. Ularning bu e’tirozlariga biz qanday javob beraylik? Demak, darsliklarda grammatik mavzularning o‘zbek va rus tillarida qiyosiy berilmaganligi o‘zbek tili ta’limining samaradorligiga to‘sqinlik qilayotgan ilk sabablardan biridir.
O‘zbek tili ta’limida nutqiy mavzuga asosiy mavzu sifatida qaraladi. Grammatik tushunchalar esa uzviy emas, nutqiy qurilmalardagi fikrni ifodalash vositasi bo‘lib, asosiy maqsadning amalga oshishiga xizmat qiladi. Ammo bu yondashuv bugungi kunda o‘zini oqlamayapti. Negaki, amaldagi darsliklarga deyarli tilshunoslikning barcha bo‘limiga oid mavzular kiritilgan. Endilikda grammatik mavzular nutqiy mavzularga bo‘ysunishi tarzidagi qolipdan voz kechishimiz vaqti keldi. Natijaga erishishning ikkinchi yo‘li bu grammatik mavzularning izchilligini ta’minlashdir. Bir-biriga bog‘lab bo‘lmaydigan tarqoq mavzular bilan o‘quvchilarning yozma savodxonligida natijaga erishish mushkul.
Modomiki, 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab darsliklarning yangilanishi ustida tajriba-sinov olib borilar ekan, yangi avlod darsliklari bo‘yicha yurtimizdagi hamkasblarimiz fikr va mulohazalariga yuzlansak:
Saida YOMG‘IROVA, Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limi ona tili va adabiyot fani metodisti:
— Ta’lim rus tilida olib boriladigan aksariyat maktablarda mutaxassis kadrlar yetishmaydi. O‘z fanini yaxshi bilgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchsi mavzuni qoyillatib tushuntirishi mumkin, lekin fanga ikkinchi til talabi sifatida yondashmaganligi yaqqol ko‘rinib turadi. Darslikda mavjud bo‘lmagan qiyosiy ma’lumotlarni ulardan ham talab etib bo‘lmaydi. Fan bo‘yicha yuzaga kelayotgan bo‘shliqning asosiy sababi ham shunda.
Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun darsliklarni mukammal darajada yaratish uchun mualliflar va tajribali tarjimonlar, salohiyatli mutaxassislar hamkorlikda faoliyat olib borishlari kerak. Muqobil darsliklarni yaratishda har bir soha egasi o‘zining funksional vazifasini bajarsa, o‘ylaymanki, bu masala o‘z yechimini topadi.
O‘zbek tili fani o‘qituvchilari darsliklarning o‘quv dasturiga mos kelmayotganini ko‘p ta’kidlaydilar. Bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Chunki darslikda mavjud bo‘lmagan she’r yoki matnni izlab topish, o‘quvchilarga yetkazish o‘qituvchiga qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy. O‘qituvchi maktabdagi ishi va ro‘zg‘or yumushlaridan ortib, kasbiy bilim va kompetentligini oshirish, ijodiy faoliyatini rivojlantirish uchun ham vaqt sarflashini inobatga olish kerak.
Dilnoza NORMURODOVA, Angren shahridagi 17-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi:
— Joriy o‘quv yilida yangilangan tayanch o‘quv reja asosida taqvim-mavzu reja berilmadi. Biz fan o‘qituvchilari o‘zaro kengashib, vaziyatdan chiqdik. Vaholanki, har bir maktab o‘qituvchisi o‘zi tuzgan rejaga ko‘ra emas, respublika bo‘yicha yagona ish reja asosida faoliyat yuritilishi kerak. Shuningdek, dars soatlaridagi o‘zgarish darsliklarda ham aks etishi lozim. Kelgusida chop etiladigan darsliklarda adabiyotimizning yetuk namoyandalari ijodi haqida ma’lumot va durdona asarlari kiritilishini taklif etaman.
Vahobjon AKBAROV, So‘x tumanidagi 21-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi:
— Ta’lim tojik tilida olib boriladigan maktabda o‘zbek tili fanidan dars beraman. Amaldagi darsliklar o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun biroz qiyinchilik tug‘diryapti. Chunki ta’lim qardosh tillarda olib boriladigan maktablarda ta’lim rus sinflarda olib boriladigan maktablar uchun mo‘ljallangan o‘zbek tili darsliklaridan foydalanilyapti. Lug‘atda yangi so‘zlarning tarjimasi o‘zbekcha-ruscha berilishi ham ularni uchinchi tilga chalg‘itadi. Kelgusida yangi darsliklarni yaratish rejalashtirilayotgan ekan, tojik maktablari uchun ham o‘zbek tili darsligi ta’lim tiliga muvofiqlashtirilishiga ehtiyoj borligi hisobga olinishini xohlardim.
Dilso‘z NUROVA, Qarshi shahridagi 11-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi:
— Ta’lim rus sinflarida olib boriladigan maktab o‘quvchilari o‘zbek alifbosidagi O‘o‘, Hh, G‘g‘, Qq harflarning talaffuzi va imlosini puxta o‘rganishga qiynaladilar. Ammo bu mavzularga ajratilgan soatlar yetarli emas.
Faoliyatim davomida quyi sinflarda dastlabki nutqiy mavzular bilan bog‘lanishli “Unli va undosh harflar”, “Jarangli tovushlar”, “Jarangsiz tovushlar”, “Bo‘g‘in ko‘chirish qoidalari”, “Tinish belgilari”ga doir tushunchalarning o‘rgatilishiga ehtiyoj yuqori ekanini sezaman.
Dars jarayonlarida shunday holatlar ham uchraydiki, rusiyzabon o‘quvchilar so‘roq belgisi, qo‘shtirnoq, undov nimaligini rus tilidagi tarjimasi bilan qo‘llaganda yodga oladilar. Chunki o‘zbek tili darsliklarida bu mavzuga aloqador muayyan tushunchalar uchramaydi. Ushbu mavzuga oid ma’lumotlar darslikda mavjud bo‘lmaganligi o‘qituvchining ham diqqatini tortmaydi. O‘qituvchi o‘sha vaziyatda tushuncha bersa ham, bola bu ma’lumotni tezda unutadi. O‘zbek tili darsligida tinish belgilarining qo‘llanishi haqida tushunchalarning berib borilishi o‘quvchilarning ikkala tilda ham savodxonlik darajasini oshirishga xizmat qilardi.
Rustamjon ZOKIROV, So‘x tumanidagi 24-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi:
— Ma’lumki, o‘zbek va rus tillarida gap bo‘laklarining og‘zaki va yozma nutqda qo‘llanishida anchagina farq bor. Bolalar esa ona tilida hosil bo‘lgan ko‘nikmalar asosida fikrlaydi va so‘zlashadilar. Aksariyat topshiriqlar gap tuzish, gapni davom ettirish kabi shartlardan iborat. O‘quvchilar fikrini sodda gaplar bilan ifoda eta olishi uchun dastlab gapning grammatik asosi (ega va kesim) haqidagi bilimlarga ega bo‘lishi shart. 9-sinfgacha bo‘lgan darsliklarga bu mavzular kiritilmagan.
Nargiza TOHIROVA, Sirg‘ali tumanidagi 3-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi:
— 5–7-sinf darsliklarida mashq va topshiriqlar keragidan ortiq berilgan. Dars davomida hammasini bajarishga vaqt yetmaydi. Shuningdek, o‘xshash topshiriqlar o‘quvchini zeriktiradi. Shuning uchun darsning mustahkamlash bosqichida o‘rganilgan yangi mavzu bo‘yicha turli ta’limiy o‘yinlarning berilishi o‘quvchilarni faollashtiradi. O‘yin texnologiyalariga asoslangan topshiriqlarning darslikda berilishi o‘quvchiga qulaylik yaratadi.
Gulbahor SULTONOVA, Jalaquduq tumanidagi 49-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi:
— Bilimlar takrorlash bilan singdiriladi. Shu bois har bir sinf ish rejasida “Takrorlash”, “Mustahkamlash” darslari uchun 2 soatgacha ajratilgan. Ammo amaldagi o‘zbek tili darsliklarida “Takrorlash” mavzulari mavjud emas. Takrorlash darslari chorak davomida o‘rganilgan mavzular yuzasidan egallangan bilimlar, shakllangan ko‘nikma va kompetensiyalarni aniqlash, mustahkamlash, bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun nihoyatda zarur.
“Umumta’lim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risida Nizom”ning 1-bobida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bitta o‘quv fanidan o‘quvchilarga tavsiya etilgan asosiy darsliklar bilan bir qatorda alohida yoki qo‘shimcha ravishda foydalanish mumkin bo‘lgan darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratilishining belgilanishi zamirida yuksak maqsadlar yotadi. Ushbu imtiyozdan foydalanib, istiqboldagi o‘zbek tili darsliklariga o‘quvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlariga moslashtirib, qo‘shimcha “O‘zbek tili fanidan o‘qish kitobi” yaratilishini taklif etaman.
Shohsanam ODAYEVA, Qarshi shahridagi 11-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi