Xalq ta’limi vaziriga navbatdagi ochiq xat
Hurmatli Sherzod Hotamovich!
Ta’lim jarayonining sifati va samarasi uch asosiy komponent bilan belgilanadi:
1. Ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari, o‘quv rejalari.
2. Metodika (o‘qituvchi bevosita dars jarayonida qo‘llaydigan metodlar, o‘quv adabiyotlari, materiallar).
3. Baholash tizimi.
Agar yuqorida aytilgan uch komponent sifatsiz bo‘lsa, qolgan ikkilamchi komponentlar (texnika va texnologiya, internet, mebel va hokazo) ta’lim sifatini ta’minlab bera olmaydi.
Afsuski, so‘nggi ikki yil badalida xalq ta’limi sohasidagi jarayonlarni kuzatsak, nazarimizda, e’tibor faqat ta’limning ikkilamchi, qo‘shimcha komponentlariga, xususan, shakl va shamoyilga qaratilib, ta’lim mazmuni va sifatini belgilaydigan asosiy komponentlar e’tibordan chetda qolib ketayotgandek taassurot qoldirmoqda.
Misol uchun, “yangi milliy ta’lim dasturi” sifatida taqdim etilishi kutilayotgan standartlar loyihalarining eskicha qolipda tayyorlanayotgani, amaldagi dasturlardan prinsipial farq qilmasligi, o‘zgarishlar faqat o‘quvchilar o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan mavzularning nomini yoki ketma-ketligini o‘zgartirish bilan cheklanayotgani, “pedtexnologiya” deb faqat shaklga va o‘yinlarga urg‘u berilayotgani, darsliklarning “yangi” nashrlari metodik yondashuv jihatdan eskilaridan farq qilmasligi, Respublika ta’lim markazi saytida e’lon qilingan yakuniy nazorat savollarining eskicha “yodla-qaytarib ber” tamoyili asosida tuzilganligi fikrimizning yaqqol isbotidir. Dastur va darsliklarda O‘zbekiston 2021-yildan boshlab qatnashadigan PIRLS, PISA, TIMMS singari xalqaro tadqiqotlar talablariga e’tibor qaratish talab qilinmoqda, ammo amaldagi yondashuvlar va eskicha qarashlar bilan mazkur xalqaro tadqiqotlar talablariga javob berishning imkoni yo‘qligini, natijada o‘quvchilarimiz xalqaro tanlovlarda kutilgan natijalarni ola bilmasligini ham tan olish lozim.
Sizning e’tiboringizni ta’lim sifatini belgilovchi muhim komponentlardan biri — darsliklar bilan bog‘liq muammolarga qaratmoqchimiz. Maktab o‘qituvchisi uchun darslik — eng asosiy vosita. Ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarida yozilgan maqsadlar darslikda o‘z aksini topmasa, ular qog‘ozda qolib ketaveradi, chunki aksar o‘qituvchilar standartlarni ochib ham qarashmaydi, faqat darslik bilan ishlashadi. “Transmissiya pedagogikasi” (ya’ni o‘quvchidan faqat berilgan ma’lumotni yodlash va qaytarishni talab qilish) asosida tuzilgan, o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash va tahlil, ijodiy yondashuv, hamkorlikda ishlash singari hozirgi zamon uchun kerakli kompetensiyalarni rivojlantira olmaydigan darsliklar bilan kelajakda yangilik yaratib, yurtning iqtisodiy, ijtimoiy, texnologik rivojlanishini ta’minlaydigan avlodni tarbiyalab bo‘lmaydi. Katta-katta mablag‘lar hisobiga “yangi”, “qayta ishlangan nashr” deb taqdim qilinayotgan darsliklarda asosiy e’tibor faqat oldingi nashrlardagi yaqqol faktologik va uslubiy xatolarni to‘g‘rilashga yoki bir mavzuni boshqasi bilan almashtirishga qaratilib, metodik yondashuv esa o‘sha-o‘shaligicha qolmoqda. Natijada darsliklar sifati haqida matbuotda qayta-qayta yozilishiga, bu masala Senatda ko‘rilishiga, hatto davlat rahbari tomonidan ko‘tarilishiga qaramasdan (Prezidentimiz kuni kecha Sirg‘ali tumaniga tashriflari davomida bu masalani yana ko‘tardilar), muammo o‘z yechimini topmay kelayotir.
Nazarimizda, darsliklar muammosining eng asosiy sababi monopoliyadir. Halol, ochiq raqobat bo‘lmagan joyda, iste’molchida tanlash huquqi bo‘lmagan joyda sifat bo‘lmasligi — oddiy haqiqat. Darsliklarni yaratish va chop etishning amaldagi tizimi sifatni ta’minlab bera olmaydi (gazeta.uz nashrida rus va o‘zbek tillarida chop etilgan “Был вы выбор” (“Tanlash imkoniyati bo‘lganida edi”) maqolasida bu holat batafsil tahlil qilingan). Afsuski, ko‘p davlatlarda muvaffaqiyat bilan ishlayotgan, hatto Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina singari post-sovet davlatlarida ham xilma-xil va sifatli darsliklar yaratilishiga olib kelgan erkin raqobat tizimiga o‘tish o‘rniga:
• normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasida Respublika ta’lim markaziga “darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish bo‘yicha muallif va tuzuvchilarni tanlash, yaratilgan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertiza qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish, ularni ta’lim jarayonida qo‘llash bo‘yicha ilmiy xulosalar berish”, “darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning asl nusxa maketlarini yaratish va ko‘paytirish” singari vazifalarni yuklash orqali mavjud monopol tizim yanada mustahkamlanmoqda. Qaror loyihasida darsliklar mualliflarini tanlash mexanizmlarini shaffoflashtirish, subyektivizmning oldini olishga qaratilgan normalar esa kiritilmagan;
• Respublika ta’lim markaziga ham darsliklar yaratishni tashkil qilish va bu jarayonda yaratilgan darsliklarga baho berish, ham muqobil darsliklarni ekspertiza qilish huquqini berish orqali manfaatlar to‘qnashuviga zamin yaratilmoqda va kelajakda sifatli darsliklar paydo bo‘lishi uchun g‘ov qo‘yilmoqda;
• muqobil darsliklar bilan bog‘liq mavhumliklar va muqobil darsliklarni yaratuvchi jamoalar uchun katta moliyaviy xarajatlar har qanday ijodiy jamoaning hafsalasini pir qilmoqda (bu haqida “Ishonch” gazetasining 30-may kungi sonida chop etilgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan “Aytsam tilim kuyadi, aytmasam...: Xalq ta’limi vaziriga ochiq xat” nomli maqolada batafsil yozilgan);
• darsliklarni chop etish huquqining faqat maxsus ruxsatga ega bo‘lgan tor doiradagi nashriyotlarga berilishi mualliflar jamoalari oldidagi yo‘llarni tamomila yopmoqda (hamkasblarimiz bilan ikki yillik mehnatimiz samarasi bo‘lgan va ijobiy e’tiroflarga sazovor bo‘lgan darsligimizni “mualliflar kompyuterlarida qolib ketmasin, kimgadir foydasi tegsin”, degan maqsadda o‘z hisobimizdan, cheklangan nusxada bo‘lsa-da, chiqarish uchun xususiy nashriyotlarga murojaat qilganimizda xuddi shu sun’iy yaratilgan va aylanib o‘tish imkonsiz bo‘lgan to‘siq yo‘limizni yopdi).
Erkin raqobat muhitida sifatli darsliklar paydo bo‘lishiga zamin yaratilishi uchun, nazarimizda, quyidagi qadamlar qo‘yilishi lozim:
• amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqib, darsliklar sohasida erkin raqobatni cheklaydigan, manfaatlar to‘qnashuviga zamin yaratadigan normalardan voz kechish lozim — mualliflar va nashriyotlarni sifatli darslik chiqarishga faqat bozordagi ochiq, halol, erkin raqobat majbur qilishi mumkin, bundan boshqa mexanizm mavjud emas;
• darsliklarga qo‘yiladigan aniq talablarni ishlab chiqish va bu talablarni vazirlik saytida e’lon qilish lozim — talablar darslik mualliflarining metodik va ijodiy erkinligini cheklamasligi, mualliflar jamoasi o‘quvchilarni standartda belgilangan maqsadlarga olib chiqish yo‘llari va vositalarini tanlashda erkin bo‘lishlari
kerak;
• darsliklarni ekspertiza qilish jarayoni protsedurasi va mezonlarini ishlab chiqish, ularni ham vazirlik saytida e’lon qilish lozim — ekspertiza xolis va shaffof bo‘lishini ta’minlash uchun jarayonga olimlardan tashqari, o‘qituvchilar va metodistlarni ham jalb qilish, ekspertizada qo‘lyozmaga berilgan har bir baho asoslangan bo‘lishini nazorat qilish kerak;
• nashriyot yoki mualliflar saytda e’lon qilingan talablarga mos keladigan darsliklar qo‘lyozmalarini muntazam ravishda vazirlikka ekspertiza uchun taqdim qila olishlari lozim — raqobat ochiq va halol bo‘lishi uchun jarayonga barcha noshirlar yoki istagan ijodiy jamoa qatnasha olishi, jarayon ortiqcha byurokratiya va moliyaviy to‘siqlardan xoli bo‘lishi, vazirlik yoki uning tizimidagi tashkilotlar esa darslik yaratish bilan shug‘ullanmasliklari kerak;
• vazirlikka ekspertiza uchun kelib tushgan darsliklar qo‘lyozmalari ko‘rib chiqilishi va talablarga javob beradigan darsliklarga “o‘quv jarayonida foydalanishga ruxsat berildi” grifi berilishi lozim — bunda qo‘yilgan talablarga javob beradigan barcha darsliklar “grif” olishi, ya’ni har bir sinf va fan uchun bir qancha darsliklar bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratish kerak (bu jarayonda xorijiy mualliflar/noshirlar yoki ularning vakillari ham qatnashishi mumkin);
• talablarga javob bermaydigan darsliklar qo‘lyozmalari konkret kamchiliklari ko‘rsatilgan holda mualliflarga/noshirlarga qaytariladi va mualliflar/noshirlar kamchiliklarni to‘g‘rilagan holda qayta ekspertiza uchun taqdim qilish huquqiga ega bo‘ladilar, bunda oldingi xulosada ko‘rsatilmagan kamchiliklar qo‘lyozmani qayta rad qilish uchun asos sifatida keltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
• vazirlik grifini olgan darsliklarni nashriyotlar mustaqil chop etib, erkin savdoga chiqaradilar;
• maktablar o‘quv jarayonida ruxsat berilgan o‘quv adabiyotlaridan qaysilarini ishlatishni mustaqil hal qiladilar.
Jarayonni osonlashtirish maqsadida vazirlik saytida “darsliklar” maxsus platformasini ishga tushirish mumkin. Bu platformaga noshirlar va mualliflar jamoasi uchun barcha kerakli ma’lumotlar (darsliklarga qo‘yiladigan talablar, baholash mezonlari, qo‘lyozmalarni vazirlikka taqdim etish mexanizmlari) joylashtirilishi, shuningdek, barcha grif olgan darsliklar haqida ma’lumotlar va tanishib chiqish uchun ularning elektron nusxalari (mualliflik huquqlari egalari ruxsati bilan) joylashtirilishi, maktablar uchun kerakli darsliklarni tanlash va nashriyotlar bilan bog‘lanib, darsliklarga buyurtmani shakllantirish imkoni yaratilishi mumkin.
Mavjud monopol tizim tarafdorlari taklif qilinayotgan tizimda darsliklar narxi qimmat bo‘lishi va hamma oilalar ham darslik sotib olishga imkoni bo‘lmasligini e’tiroz sifatida keltirishlari mumkin.
Buning yechimi sifatida quyidagi firlarni keltirishimiz mumkin:
Birinchidan, nashriyotlarga darslik chop etish bilan bog‘liq litsenzion cheklovlarni olib tashlash va bolalar adabiyoti noshirlari uchun beriladigan imtiyozlarni darsliklar chiqaruvchi nashriyotlarga ham tatbiq etish orqali darsliklar tannarxini tushirishga erishish mumkin. Bozor sharoitida raqobat muhiti narxni haddan ziyod ko‘tarishga imkon bermaydi — hech qaysi nashriyot kitobining qimmatligi sababli sotilmay chang bosib yotishini istamaydi.
Ikkinchidan, o‘quv rejalarini qayta ko‘rib chiqish, ayrim fanlarni integratsiyalash (birlashtirish), ayrim fanlarda o‘quvchilar bilimiga qo‘yiladigan talablarni qisqartirish, shuningdek, bitta fandan 2–3 yil davomida foydalanish mumkin bo‘lgan darsliklar yaratish orqali har bir sinf uchun kerakli darsliklar sonini optimallashtirish mumkin.
Uchinchidan, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini darsliklar bilan ta’minlash maqsadida, maktablar tanlagan darsliklarni nashriyotlardan maktab kutubxonalariga sotib olish uchun homiylarni, budjet va budjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilish, kitob jamg‘armasi orqali ijaraga berish mumkin.
To‘rtinchidan, amaldagi tizimda barcha birday sifatsiz darsliklar bilan ta’minlanmoqda, imkoniyati bor ota-onalar, maktablar esa farzandlarining ta’limi uchun xorijda (xususan, Rossiyada) yaratilgan darsliklardan yashirincha bo‘lsa-da sotib olib berishmoqda va foydalanishmoqda — bu amaldagi tizim “ijtimoiy adolatni ta’minlab berishi” haqidagi argumentni butunlay chippakka chiqaradi.
“Darsliklar ko‘p bo‘lsa, hamma har xil darslikdan foydalansa, Davlat test markazi kirish testlarini qanday tuzadi?” degan savol ham o‘rtaga tashlanishi mumkin. DTM testlari maktab bitiruvchilarining darsliklardagi ma’lumotlarni yod olishini emas, standartda belgilangan kompetensiyalarning shakllanganlik darajasini tekshirishi kerak. Agar xotirani tekshirish amaliyotidan voz kechilib, kompetensiyalarni tekshirishga o‘tilsa, o‘quvchida bu kompetensiyalarni shakllantirishda qaysi darslik ishlatilganligi hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Yana xorij tajribasiga murojaat qilsak: Rossiyada har bir fan uchun vazirlik tasdiqlagan darsliklar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, maktab bitiruvchilari bir xilda Yagona davlat imtihoni topshirishadi. Demak, darsliklar tizimida haqiqiy raqobat va variativlikka yo‘l ochilishi ta’lim tizimini orqaga tortayotgan muammolardan biri — xotira testlarining barham topishiga ham o‘z hissasini qo‘shadi.
Nazarimizda, shuncha yil sifatni ta’minlab bera olmagan tizimni “zo‘rlash”, “bo‘yab-bejab” undan yangilik kutish mantiqsizlikdir. Undan ko‘ra bugun ta’limi rivojlangan mamlakatlar bosib o‘tgan va samaraliligini vaqt isbotlagan tizimni hech bo‘lmaganda bosqichma-bosqich joriy qilish, bu jarayonni bugundan boshlash kerak. Bunday islohotlar boshida kimgadir qiyin ko‘rinishi, mavjud tizimga o‘rganib qolgan va uni “shaxsiy tomorqasi”ga aylantirganlarning qarshiliklari bo‘lishi tabiiy. Biroq farzandlarimiz sifatli, zamonaviy metodika talablariga javob beradigan kitoblardan foydalanishlarini istasak, mana shu yo‘ldan borishimiz lozim, aks holda o‘z qobig‘imizga o‘ralib, Rahbarimiz maqsad qilgan manzillarga yetolmaymiz.
Zulxumor MIRZAYEVA, filologiya fanlari doktori
Komil JALILOV, London Universiteti Kolleji Ta’lim instituti magistri