Maktabning yangi davri
Maktab o‘quvchilarning sho‘x-shodon ovozlari, baqir-chaqirlari-yu, darsga chaqiruvchi qo‘ng‘iroqlar bilan to‘lib turar ekan. Pandemiya tufayli o‘quvchilar, ota-onalar maktabning qanchalik qadrli, muqaddas maskan ekanligini dildan his qildi.
Maktabdagi oxirgi o‘qish kuni hali ham yodimda. Sinfimga kirib ko‘zlarimga yosh keldi. O‘qituvchi stuliga o‘tirib partalarga nigoh tashladim. O‘quvchilarim ko‘z oldimga keldi. Ularning har birini o‘zini tutushi, ovozi, o‘tirishi, doskada turishigacha bir-bir esladim. O‘quvchilarim bu yil boshlang‘ich sinfni tugatib, yuqori sinf o‘tishadi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘quvchilar uchun onadek gap ekan. Murg‘ak qalblarning shirin so‘zi, mehribonligi va bergan bilimi bilan bir umr yodida qoladigan shaxsdir — boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari. O‘z kasbining chin fidoyisigina bolajonlarning dilidan chuqur joy oladi.
Yuqori sinf o‘quvchisi bo‘lish ham ma’suliyatli, ham murakkabdir. Endi ular uchun maktabning yangi davri boshlanadi. Bolalikdagi sho‘xliklarni unutib o‘qishga jiddiy qarash, mustaqil dars tayyorlash, o‘z ustida ishlashga ko‘nikma hosil qilish, yangi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishga harakat qilish lozim. O‘quvchilarim bilan so‘nggi vaqtlarda birga bo‘la olmadik, xayrlasha olmadik. Ularga aytadigan gaplarim ko‘p edi. Ota-onalardan shuni iltimos qilgan bo‘lardimki, bolajonlarning yozgi ta’til davrini maroqli o‘tkazishga harakat qiling. Ularni ulg‘ayganini, endi yuqori sinf o‘quvchisi bo‘lganinni uqtiring! Kitobni qadrdon do‘st deb bilishni o‘rgating.
Zilola MAHMUDOVA, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-ixtisoslashgan maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi