Surxondaryodagi 316 ta umumta’lim maktabining sport zali mavjud emas
Yaqinda Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tgan edi.
Unda 27-30-may kunlari Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus hamda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining Surxondaryo viloyatida ijro etilishi yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi,deb xabar beradi xs.uz sayti.
Qayd etilganidek, viloyatda beshta muhim tashabbus doirasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, madaniyat muassasalari va umumta’lim maktablarida turli to‘garaklar, ijodiy jamoalar va “Yoshlar klub”lari tashkil etilgan.
Bundan tashqari, viloyatda 206 ta xalq ta’limi, 84 ta maktabgacha ta’lim hamda 44 ta sog‘liqni saqlash muassasasiga 212 km. optik tolali aloqa liniyalari qurilgan. Angor tumanida tajriba tariqasida birinchi raqamli texnologiyalar o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, 1053 ta kutubxonaning 2,9 mln. kitob fondi hisobiga 723 ming nafar aholi va yoshlar kitobxonlikka jalb etilgan. Shuningdek, viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 529 nafar xotin-qizga 39 mlrd. 715 mln. so‘m, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan esa 160 nafar xotin-qizga 3 mlrd. so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratilgan.
Yana bir jihat. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 2019-yilda viloyatda 106 mlrd. 717 mln. so‘m yo‘naltirilib, 455 ta loyiha amalga oshirilgan. 2020-yilda Dastur doirasida viloyat bo‘yicha 162 ta loyihaga 23 mlrd. so‘m ajratilishi hamda 650 ta ish o‘rni yaratilishi belgilangan bo‘lib, joriy yil 1-iyun holatiga ko‘ra, 11 mlrd. 484 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Majlisda bu borada ayrim kamchiliklar aniqlanganligiga e’tibor qaratildi.
Xususan, beshta muhim tashabbus doirasidagi tadbirlar asosan ta’lim muassasalaridagina tashkil etilib, 18-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni mazkur jarayonga jalb qilish, mahallalar va oilalarga ushbu yo‘nalishdagi ishlarni olib qirish ishlari qoniqarsiz ahvolda. Belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan har oyda tumanlar va tarmoqlar kesimida viloyat hokimligiga batafsil ma’lumot kiritish hamda ma’lumotlarni umumlashtirib, monitoringini yuritishi tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu bilan birga, beshta muhim tashabbus hamda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan mutasaddilar hisoboti xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarida muntazam eshitib borilmagani qayd etildi.
Bundan tashqari, yetarli darajada profilaktik chora-tadbirlar olib borilmaganligi oqibatida 2019-yilda 17-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tomonidan 28474 ta huquqbuzarlik sodir etilib, bu ko‘rsatkich 2018-yilga nisbatan 71 foizga oshgan. E’tiborlisi, 78 foiz huquqbuzarlikka aynan bandligi ta’minlanmagan yoshlar qo‘l urgan.
Shu bilan birga, Angor, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Boysun tumanlaridagi madaniyat va istirohat bog‘lari talabga javob bermaydi. Qolaversa, olis va chekka qishloqlarda davlat-xususiy sheriklik asosida yengil konstruksiyali «sendvich-panel»dan kichik sport zallarini barpo etish ishlari deyarli bajarilmagan. Tijorat banklari tomonidan jismoniy tarbiya va sport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga kreditlar 7 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan ajratib berilishi yuzasidan deyarli amaliy ish qilinmagan.
Achinarlisi, viloyatdagi 316 ta umumta’lim maktabining sport zali mavjud emas.
Majlisda senatorlar aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish ishlari qoniqarsiz ahvolda ekanligini tanqid qildi. Qayd etilganidek, faqat Termiz shahridagina 10 ta “Aqlli bekat” va Wi-Fi hududlari tashkil qilingan.
“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 2019-yilda viloyatda 874 ta loyihaga 167 mlrd. 171,9 mln. so‘m ajratilishi natijasida 5854 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, amalda 106 mlrd. 717 mln. so‘m yo‘naltirilgan va oqibatda Dastur ijrosi 64 foizga bajarilgan.
Shuningdek, 2019-yilda viloyatda 1 ta «Kovorking markazi» hamda to‘rtta “Yoshlar mehnat guzari” qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, “Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi asosida birorta tadbirkorga imtiyozli kredit ajratilmagan.
Majlisda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar hamda viloyat hokimligi tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilanib, tegishli qaror qabul qilindi