Bilasiz, ammo xato yozasiz
O‘quvchilarga ona tili fanini o‘qitishda “Lug‘at turlari va ulardan foydalanish” mavzusini o‘tish jarayonida lug‘at turlari haqida tushuncha beriladi. So‘zlarning to‘g‘ri yozilishini ko‘rsatuvchi imlo lug‘ati kundalik turmush tarzimizda hammamiz uchun kerakli bo‘lgan qo‘llanmadir. Odatda, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘quvchiga to‘g‘ri yozish va o‘qishni o‘rgata boshlaydi.
Buning uchun ishni o‘quvchining ism-familiyasini to‘g‘ri yozdirishdan boshlaydi. Masalan, imloviy savodini chiqarish jarayonida Mahmudni Maxmud, Bahouddinni Baxoviddin, Tohirni Toxir shaklida yozmaslik kerakligi haqida uqtiradi. Shu o‘rinda menda bir savol tug‘iladi. O‘quvchi guvohnomasida “Maxmud” yoki “Toxir” yozilgan bo‘lsa-chi? Unda o‘qituvchi qanday yo‘l tutadi?.. Sinf jurnalini xato yozmaslik mas’uliyati, albatta, har bir sinf rahbari zimmasidagi asosiy vazifalardan biridir. Qo‘limizga o‘quvchilarning guvohnomasini olib, sinf jurnaliga ism-familiyalarni tushira boshlaymiz. Ularda imloviy xatoliklar shunaqangi ko‘pki, gangib qolasan kishi. Bu holat g‘ashimga tegadi. Jurnalga bilib turib xato yoza boshlaymiz, chunki guvohnoma bu davlat hujjati ekanligi, unda so‘zlar qanday yozilgan bo‘lsa, shundayligicha tushirishim kerakligi maktab ma’muriyati tomonidan uqtiriladi. Shunday qilib, men Zuhra ismini Zuxra, Saidahror ismini Saidaxror deb yozishga majbur bo‘ldim. Yana ham achinarlisi shundaki, daftariga ismini Zuhra deb yozib turgan o‘quvchimga Zuxra deb yozish kerakligini uqtirdim. Lekin o‘quvchilarim Zuhra to‘g‘ri yozayotganligini aytishdi. Guvohnomada xato yozilgan bo‘lsa, shundayligicha, ya’ni xatoligicha yozishga majbur ekanligini tushuntirdim. Endi o‘ylab ko‘ring. Men to‘g‘ri ish qildimmi? (Buning ustiga ona tili o‘qituvchisiman). Qachongacha to‘g‘risi qolib, xato yozdirishga majburmiz? Bunday xatoliklar fan olimpiadalari yoki qandaydir tanlovlarda o‘tmaydi. “Guvohnomamda shunday yozilgan” iborasi ko‘plab o‘quvchilar tomonidan aytilib qoladi, xolos. Ammo bu muammo hakamlar tomonidan guvohnomadagi xatoliklarga ular javobgar emasliklari, imlo lug‘atida qanday yozilgan bo‘lsa, shuni talab qilishini uqtirishi bilan yakunlanadi. Hujjatda xatolik borligi uchun bilimiga ishonsa-da, oddiy ism-familiyasini to‘g‘ri yoza olmaslikda ayblanib, tengdoshlari bilan kurasholmay qaytib kelishadi. Endi menga javob bering. Bu xatoliklarga nima uchun o‘quvchi javob berishi kerak? Guvohnomadan so‘ng pasport olishadi. Pasportdagi yozuvlar guvohnomadan ko‘chiriladi. Yana Zuxrami? Nima, o‘quvchim endi butun umr ismini qaysidir guvohnoma yozuvchi “savodli” xodimning aybi bilan Zuxra deb yozishga majburmi? Biz ism-familiyani ko‘r-ko‘rona xato yozdirib tursak, boshqa darslarni o‘tishning nima hojati bor? Davlat hujjatlaridagi xatoliklar kechiriladigan xatolikmi? Qani bu yerda ona tilimizga bo‘lgan hurmat?!
Tilimizni biz asramasak, kim asraydi? Rasmiy hujjatlarni yozadigan mas’ul xodimlarning mutaxassisligi nima? Ularning imlo qoidalaridan xabari bormi? Hujjatlardagi kamchiliklar bizning og‘riqli nuqtamiz ekan, biz filologlar bunga ko‘z yumib turolmaymiz. Shu xatolik tuzalmas ekan, ona tilimizni bayram sifatida nishonlash bizga yarashmaydi. Toki biz ham o‘quvchiga javob berishda qiynalmaylik.
Lola HAYITOVA, Kasbi tumanidagi 9-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi