Insholar tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Kelajagimiz poydevori bo‘lgan yoshlarimizni o‘z fikrini erkin hamda savodli bayon qila olishda yozma nutq va mustaqil tafakkurning eng oliy shakli bo‘lgan insho hamda uni yozishning tartib qoidalarini o‘rganish-o‘rgatishga asoslangan o‘qitishni maqsadli tashkil etish ta’limdagi dolzarb muammolardan biri sanaladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “O‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Yoshlar qanchalik ma’naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shuncha kuchli bo‘ladi”.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan pandemiya paytida maktab o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalarini sinash, ular orasidan mustaqil fiklaydigan, iqtidorli ijodkor yoshlarni aniqlashga qaratilgan INSHOLAR TANLOVI e’lon qilingan edi.
Respublikamiz bo‘yicha jami 6691 nafar o‘quvchilar tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi.Tanlov komissiyasi tomonidan belgilangan tartib va mezon asosida o‘quvchilar tomonidan yozilgan insholar quyidagi 3 ta guruhlarga ajratib tahlil qilindi.
I guruh insholari 6-7-sinflar;
II guruh insholari 8-9-sinflar;
III guruh insholari 10-11-sinflar.
O‘quvchilarga “Nima deb o‘ylaysiz...?” rukni ostida insho yozish uchun 6 ta mavzu berildi va tanlovga kelib tushgan insholarning mavzular bo‘yicha hajmi quyidagicha bo‘ldi:
1. “Nima deb o‘ylaysiz, siz sevib o‘qigan badiiy asar sizning hayotingizga ta’sir qilganmi va qanday?” mavzusida – 1049 ta insho.
2. Nima deb o‘ylaysiz, kelajakda qaysi kasb egalarining Vatanimizga ko‘proq foydasi tegadi? Siz qanday kasb egasi bo‘lmoqchisiz? – 2372 ta insho.
3. Nima deb o‘ylaysiz, karantin davrida uyda o‘zingiz, oilangiz va jamiyat uchun qanday foydali ish qilyapsiz? – 1214 ta insho.
4. Nima deb o‘ylaysiz, tarixda buyuk mutafakkirlarimiz qilgan ishlarni kelajakda siz ham qila olishingiz mumkinmi? – 517 ta insho.
5. Nima deb o‘ylaysiz, insonlarda ezgulik va mehr tuyg‘ularini yanada rivojlantirish uchun nimalarni qilgan bo‘lar edingiz? – 893 ta insho.
6. Nima deb o‘ylaysiz, karantin davrida maktab hayotidan ko‘proq nimani sog‘inyapsiz? – 646 ta insho.
Belgilangan tartib va mezon talablariga mos kelgan 1150 ta insho mutaxassis-ekspertlarga tekshirib baholash uchun yuborildi.
Tanlov komissiyasining dastlabki yig‘ilishida 48 ta insho eng sara ishlar sifatida tanlab olindi va ulardan 38 tasi tanlovning faol ishtirokchilari sifatida alohida maqtov yorliqlari bilan taqdirlandi.
Ikkinchi bosqich komissiya yig‘ilishida mutaxassis-ekspertlar ishtirokida 16 ta ish tanlab olinib, hay’at kengashiga topshirildi.
Yakuniy bosqichda hay’at kengashi tomonidan 10 ta ish tanlov g‘oliblari deb topildi
Davlat inspeksiyasi raxbariyati tomonidan 1-o‘rinni olgan g‘oliblarga planshet, 2-o‘rinni olganlarga elektron kitob, 3-o‘rinni olganlarga smart-soat sovg‘alari berildi. Bundan tashqari 1 nafar faol ishtirokchi g‘olibga rag‘batlantiruvchi sovg‘a taqdim qilindi.
A.ALIMOV, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i