“Darsliklar masalasida tender e’lon qilinishi kerak!”
Xalq ta’limi tizimida so‘nggi 3 yilda katta o‘zgarishlar bo‘lgani ayni haqiqat. Vazir Sherzod Shermatov chiqishlarida o‘qituvchilarni yillar davomida qiynab kelayotgan majburiy mehnatga barham berilgani, majburiy obuna tugatilgani, oylik maoshlar oshirilgani, erkak o‘qituvchilarning maktablarga qaytgani, chekka hududlarda ham maktablar qurilayotganini bot-bot ta’kidlaydi. Albatta, bu o‘zgarishlardan ta’lim fidoyilarining boshi ko‘kka yetdi. Yangilanishlar pedagoglarni ruhlantirdi, yanada shijoat bilan ishlashga undadi. Lekin tizimda yechimini kutayotgan muammolar hali talaygina. Gazetamizning o‘tgan sonida “Xalq ta’limi vaziriga navbatdagi ochiq xat” berilgan edi. Bu ko‘plab pegadoglarni mushohadaga chorladi.
Valijon QODIROV, pedagogika fanlari doktori (Andijon davlat universiteti):
― Ushbu murojaatda bildirilgan fikrlar tizimdagi joriy holatga nisbatan xolis va to‘g‘ri bahodir. Hozir respublika ta’lim markazida mutaxassislar hamda tajribali amaliyotchi o‘qituvchilardan iborat ishchi guruhlar shakllantirilib, har bir fan bo‘yicha yangi shakl va mazmundagi milliy o‘quv dasturlarini tuzish ishlari olib borilmoqda. Agar bular ko‘ngildagidek amalga oshsa, muammolarning aksari o‘z yechimini topishi kutilmoqda. Shunda ham ochiq xatda bildirilgan takliflarning ayrimini qat’iy inobatga olish maqsadga muvofiq. Ayniqsa, yagona dastur bo‘yicha muqobil darsliklar yaratish masalasi bugungi kun uchun g‘oyat dolzarb. Ta’lim tizimida bir predmet bo‘yicha ikki yoki undan ortiq darsliklarning qo‘llanishi darslik mualliflari o‘rtasida sog‘lom raqobatga, raqobat esa tabiiy rivojlanishga yo‘l ochadi. Eng muhimi, darsliklarning past-balandini amaliyotning o‘zi ko‘rsatadi, tabiiy tanlov jarayoni kechadi. Talabga javob bermaydigan darsliklar o‘z-o‘zidan chiqib ketaveradi. Faqat bu ishlarning muvaffaqiyatini ta’minlaydigan bir omil borki, usiz ko‘zlangan maqsadga erishilmaydi. Ya’ni tajriba va izlanishlar natijasi bo‘lmish ilmiy asoslangan dasturlar yaratish. Hali biror fandan ilmiy asoslangan dastur bor deb aytolmaymiz. Aksar hollarda yuqoridan belgilangan qisqa muddat ichida shoshilinch tarzda dasturlar tuziladi. Ular tuzuvchilarning shaxsiy yondashuvlari, qarashlarining mahsuli bo‘lib qolmoqda. O‘rtacha ikki yil davomidagi tajriba, kuzatish, izlanishlarga asoslangan pedagogik, metodik tadqiqotlarning ilmiy asoslangan natijalariga tayangan holda dasturlar yaratilsa, bu boradagi mukammal hujjatga ega bo‘lamiz. Buning uchun esa hozir amalga oshirilayotgan ishlarga baqamti ravishda istiqboldagi rivojlanishni ko‘zda tutib, Xalq ta’limi vazirligi buyurtmachi sifatida murojaat qilishi o‘rinli bo‘ladi. Ilmga, ilmiy tadqiqot natijalariga asoslanmagan har qanday faoliyatda kemtiklik bo‘ladi. Vazirlik respublikadagi metodist olimlar va metodik faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan aloqani kuchaytirishi lozim.
Ziyoda MAMAJONOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
— Har yili bizdan darsliklardagi kamchiliklar haqida fikr, takliflar olinadi. Lekin yangi darslik qo‘lga yetib kelganda aksariyat xatolar o‘z o‘rnida qoladi. 2019-yilda nashr etilgan “Ona tili”, “Adabiyot”, “Tarix” darsliklari anchagina yaxshi. O‘quvchini fikrlashga, ijod qilishga undaydi. Ammo izoh talab qiladigan, murakkab matnlar tahlili o‘qituvchini ham qiynab qo‘yadi. Darsliklar yaratiladi, vaqt o‘tib yangidan nashr qilinadi, biroq u bilan teng yaratilishi kerak bo‘lgan metodik qo‘llanmadan darak bo‘lmaydi. O‘quvchi qo‘lidagi darslik asosida bilim oladi. O‘qituvchiga esa o‘sha darslikdagi mavzular bo‘yicha kompetensiyalar hosil qilishning bir necha xil usullari ko‘rsatilgan metodik qo‘llanma doim zarur. O‘z faoliyatida turli qo‘llanmalarni darsliklar bilan solishtirib dars o‘tib kelayotgan o‘qituvchi sifatida oldimizda 5‒10 xil darsliklar bo‘lishini, ular orasidan eng qulay, o‘rgatishga osonini tanlab olishni juda-juda istaymiz. Mavzular boshqasini to‘ldirishi, hayotni anglatishi, o‘quvchini mantiqiy fikrlashga o‘rgatishi kerak. DTM testlarida ham “Qaysi asar qahramoni “innaykeyin” so‘zini takrorlaydi?” tarzida jo‘n emas, balki qahramon ruhiyati, asarlar pafosi, tildagi imkoniyatlar, tarixiy voqealar silsilasidagi muhokamatalab savollar bo‘lishi maqsadga muvofiq. Kelayotgan o‘quv yilida nashr etiladigan darsliklarda xotirani emas, kompetensiyalarni shakllantirishga ko‘proq e’tibor berilsa, yaxshi bo‘lardi.
Hoshim HAKIMOV, Kitob tumanidagi 79-maktabning rus tili fani o‘qituvchisi:
― Darsliklarda notog‘ri ma’lumotlar ko‘payib ketgan. Quyi sinf darsliklarida berilgan ma’lumotlar yuqori sinfga kelganda o‘zgarib ketadi. Hatto o‘quvchilar ham kitobdagi kamchilik va xatolarni bemalol aniqlayapti. Bunga o‘rganib ham qolishdi. Bu holat o‘quvchilarning fanga qiziqishini susaytiribgina qolmay, o‘qituvchiga bo‘lgan hurmatni ham kamaytiradi. DTM savollarining aksari darsliklardan olinmasligi ham o‘quvchilarni qiynamoqda. Hozirgi abituriyentlarning darsliklarga umuman ishonchi yo‘q. Baribir bu darsliklar bilan o‘qishga kirolmaymiz deb hisoblaydi. Ko‘pchiligi fanlar asosida tayyorlangan turli to‘plam va variantlarni ko‘targancha o‘zlari to‘g‘ri va ishonchli deb bilgan repetitorlarga qatnab yuradi. Bu vaziyatda ularni ayblay olamizmi?!
Sevara OTABOYEVA, Tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi:
Agar darsliklarga maqolada taklif qilinganidek tender e’lon qilinib, bitta emas bir nechta darslik tasdiqlansa, maktablar qaysi darslikdan foydalanishni tanlasalar, raqobat yuzga kelardi, sifat ham faqat yaxshilanardi. Maqolada yangi nashrdan chiqayotgan darsliklar haqida ham to‘g‘ri fikrlar aytilgan. Yangi darslikning faqat shakl-shamoyili o‘zgarayotgani rost. Masalan, ingliz tilidagi “Fly High” darsliklari bilan yangi nashr qilingan “New Fly High” darsliklarining asosiy farqi: yangisining ichiga sinf ishi va uy ishi uchun mashqlar to‘plami kiritilgan, uslub esa deyarli o‘zgarmagan. Bizga yangi, zamonaviy darsliklar kerak. Ingliz tili repetitorlarining asosiy yutug‘i ham shunda. Ular ishlatayotgan darsliklar kabi darsliklar yarata oladigan ijodkor ustozlarga imkoniyat eshiklarini ochish kerak.
Go‘zal PINYOZOVA, Yangiariq tumanidagi 31-IDUM boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
― Ochiq xatda ta’limni rivojlantirish faqat shakl-u shamoyilga qaratilgani, darsliklar eskisidan deyarli farq qilmasligi aytib o‘tilgan. Haqiqatan ham, yangi darsliklarning eskisidan deyarli farq qilmasligi, o‘zgarishlarda faqat ayrim mavzularning ketma-ketligini almashtirish yoki ba’zi rasmlar yangilanishini kuzatish mumkin. Misol uchun, oxirgi chiqqan 1-sinf “Matematika” darsligida “Narsalarning oynada aksi” mavzusida faqat mavzuga oid rasmlar o‘zgargan xolos. 1-sinf oʻquvchilariga darsliklarda, ayniqsa “Alifbe” kitobida rasmlarning ahamiyati juda katta. Oʻquvchilarning darslik sahifalaridagi har bir rasm orqali soʻz boyligi oshadi, fikrlashi kengayadi. “Alifbe” darsligining 2018-yildagi 16-nashrining 8-sahifasida rasmlar orqali oʻquvchi “Pilla” haqida ma’lumotlarga ega boʻladi. Ipak qurti, pilladan tayyorlanadigan mahsulotlar rasmlari berilgan. 2019-yilgi yangi 17-nashrda esa shu sahifada qoʻgʻirchoq, robot, raketa rasmlarini ko‘rish mumkin. Bu suratlar orqali biz bolajonlar lug‘atini xorijiy so‘zlar bilan boyitayapmiz. Yana shu darslikning eski nashri 22-sahifasida “K tovushi va Kk harflari” mavzusida Kk harfiga kompyuter rasmi berilgan, yangi 17-nashrda esa kompyuter rasmi koptok rasmi bilan almashtirilgan. Maktabga ilk qadam qo‘ygan o‘quvchilarning lug‘at boyligini sof o‘zbekcha so‘zlar o‘rniga xorijiy so‘zlar bilan boyitish qanchalik to‘g‘ri?! Kompyuter va koptok rasmi o‘rniga kitob rasmini qo‘ygan afzalroq-ku! Milliy tarbiya haqida jo‘shib gapiramiz. Ammo oddiy ko‘ringani bilan ahamiyati yuqori bo‘lgan detallarga ahamiyat bermaymiz. Hozirgi zamon bolalari shusiz ham zamonaviy telefonlar-u kompyuter o‘yinlari bilan ulg‘aymoqda. Hech bo‘lmaganda maktab darsliklarida shu narsalarga kamroq urg‘u berilsa, yaxshi bo‘lar edi.
Mehriniso NOROVA, Narpay tumanidagi 47-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi:
― Darsliklar mavzusida meni uch asosiy omil o‘ylantiradi.
Birinchisi: darslik o‘qituvchi faoliyatidagi asosiy va muhim o‘quv qurolidir. Biz u haqida nashrga tayyorlashdan oldin to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishimiz zarur, lekin ba’zi yangi nashrdagi darsliklar chiqarilib, o‘quv jarayonida sinalgach, undagi xato, kamchilik va afzalliklardan xabar topamiz. Agar biz chiqarilayotgan darsliklarning mualliflari bilan har bir bobi, mavzusi, topshiriqlari haqida oldindan muhokama va takliflar orqali fikr almashsak, mavjud va yo‘l qo‘yilajak kamchiliklarni bartaraf etishga erishardik. Chunki fanning qaysi mavzulariga e’tibor qilish, topshiriqlar tuzilmasi haqidagi ma’lumotlarni kengroq aniqlash uchun necha yillardan buyon ishlab kelayotgan shu soha vakillarining tajribasi va bilimiga tayanish samaralidir. Bu darsliklardagi ba’zi mavzularning bir xilligi, tushunarsizligi, o‘quvchilarning yoshiga mos bo‘lmagan murakkabligi va boshqa xatolarini oldindan bartaraf etish imkonini beradi.
Ikkinchisi: haqiqiy raqobatli tender masalasi. Ochiqdan ochiq respublika bo‘yicha yangi nashrdagi darsliklar uchun tender e’lon qilish va uning oshkora va adolatliligini ta’minlash ta’lim rivojida muhim qadamdir.
Uchinchisi: fan darsliklarimiz bo‘laturib, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida daraja sertifikatlarini qo‘lga kiritish (CEFR, IELTS va hokazo) uchun repetitorlik jarayonida boshqa qo‘llanmalardan foydalanish. Bunga asosiy sabab ingliz tili darsliklarimizning xalqaro standartlarga to‘liq moslashmaganidir. Abituriyentlar ingliz tili blok testlari va to‘rt ko‘nikma daraja imtihonlari uchun fan darsliklaridan deyarli foydalanmaydi, holbuki, darsliklarning asosiy vazifasi fan doirasida o‘quvchilarga to‘liq ma’lumotlarni yetkazib berishdir.
Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.