9-sinf “Ingliz tili” darsligi mualliflariga ochiq xat
Assalomu alaykum, darsligimizning hurmatli mualliflari! Siz yaratgan darslik tengdoshlarim va o‘qituvchilarimni o‘yga solmoqda, shu vajdan sizga maktub yozishga qaror qildim. Men va sinfdoshlarim o‘tgan o‘quv yili davomida 2014-yilda nashr etilgan Lutfullo Jo‘rayev va boshqa bir qancha pedagoglar hammuallifligidagi bu darslikni ko‘p muhokama qildik.
Mavzularning anchayin eski, zerikarli va takror berilishi darslarga bo‘lgan qiziqishimizni so‘ndiray dedi. Jumladan, “Personal qualities and jobs”, “Applying for a job”, “Political parties”, “Local government”, “A day in the life of” mavzulari biz uchun zerikarli bo‘ldi. Shuning o‘rniga “I am online” mavzusi qo‘yilsa va yaqin do‘stiga online xat yozish topshirig‘i berilsa yaxshi bo‘lardi.
Hozir boshlang‘ich sinf darsliklarida ham qaysi kasbni egallash mavzusidagi savollar ko‘p beriladi. Deyarli barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan kim bo‘lasan, deb so‘rasangiz, askar, shifokor yoki yana boshqa biror kasb egasi bo‘lishini ingliz tilida aytib bera oladi. Endi 9-sinf darsligida ham kasblar haqida mavzu berilishi biroz g‘alati emasmi?! To‘gri, bitiruvchi sinfmiz, 9-sinflar kasbga yo‘naltirilishi kerak. Lekin darslikda bo‘yoqchi, mashina ustasi, sotuvchi, qo‘shiqchi haqidagi ma’lumotlar berish kerak emas-da. Bular hunar-ku?! O‘quvchi maktabni bitirib, kasb-hunar maktabida ta’lim olsa bo‘ldi, o‘sha hunarlarni egallaydi. “Job” bilan “craft”ning farqi bor-ku axir!
Sinfimizda ingliz tilini bor-yo‘g‘i ikki kishi tushunadi. O‘tgan yillari bu darsga qiziquvchilar ko‘p edik, lekin hadeb matnni o‘zbekchaga o‘girishdan charchashdi. Bir xillik qiziqishni so‘ndirdi. Nima uchun har bir mavzuga bir betdan matn qo‘yasizlar? Yana qandaydir chet elda yashaydigan Lucyning yoki Jekning kun tartibi haqida. Masalan, mening Jekning kun tartibi bilan sariq chaqalik ishim yo‘q. 45 daqiqalik dars sizning darslikka kiritgan “text”ingizning yarmini tarjima qilishga ham yetmaydi. Ulgurmaymiz. Chunki matnning ichida biz bilgan-bilmagan so‘zlar mavjud, ularni lug‘atdan topishga ham vaqt sarflaymiz. Ha, aytgancha, kitobning ortidagi lug‘atdan ba’zi so‘zlarni topib bo‘lmaydi. Darslikda grammatik mashqlar juda oz. Taklifim, agar iloji bo‘lsa, grammatikaga ko‘proq e’tibor qaratsangiz. Qiziqarli mashqlar, o‘quvchini o‘ylatadigan, fikrlatadigan mashqlarni darslikka kiritsangiz. Yoki lug‘at mashqlar, mashhur internet tarmoqlari yoki internetda ko‘p qo‘llaniladigan so‘z va iboralar tarjimalari yoki shunga o‘xshash so‘zlarga to‘g‘ri ta’rif tanlashga doir mashqlar berilsa ayni muddao bo‘lardi.
Nimaga darslikdagi topshiriqlarni internetga bog‘lashimiz kerak, bilasizmi? Chunki bu o‘quvchiga, ya’ni men va mening tengdoshlarimga qiziq.
Bir o‘quvchi sifatida qo‘limdagi darslik qiziqarli bo‘lishini va shu darslikdan olgan bilimlarim kelajakda foyda berishini istayman. 9-sinf “Ingliz tili” darsligidagi 40 foiz ma’lumot o‘quvchiga jindek bo‘lsa ham foydasi tegsa, do‘ppingizni osmonga otavering, mualliflar. Kitobning boshidagi bayramlar o‘rniga turli davlatlarning urf-odatlari haqida yangi ma’limotlar kiritish kerak.
Uchragan 9-sinf o‘quvchisini to‘xtatib”, “Verb” nima?”, “Subject” nima?” deb so‘rang, qanday javob berar ekan. Men ingliz tilida ot va fe’lning nima ekanini bilmas edim. 7 oy repetitorga qatnab bilib oldim. Oddiy qilib aytadigan bo‘lsam, bu darslik mazmunan ancha eski. Zamonaviy ta’lim talablariga javob berolmaydi. Darslikning o‘rniga o‘quvchilarga “Murphy”, “Hedway”dan dars berilsa nur ustiga nur bo‘lar edi.
Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonida talablar juda yuqori bo‘ladi. Lekin darslikning sifat darajasi past. Masalan, Prezident maktabida o‘qish uchun o‘quvchi ingliz tilini suvday ichib yuborgan bo‘lishi kerak ekan. Lekin ochiq aytish kerak (bejiz ochiq xat emas-ku) o‘quvchi maktab darsligidan olgan bilimiga tayanib bu maktabga kirolmaydi. Repetitorga borishga majburmiz! Nima uchun maktab darsliklari bu borada mukammal qilib yaratilmaydi? Kuchli mualliflar, ustozlar yetishmaydimi? Yoki bizga shu ham bo‘laveradimi?
Iltimos, darsliklarning saviyasi, mukammalligi, qiziqarliligini oshiringizlar! Jonga tegdi-ku nuqul darsda uxlash!
Azizbek ABDUMALIKOV, Chilonzor tumanidagi 202-maktabning 9-sinf bitiruvchisi