Ingliz tilida tariximizni so‘zlataylik
Xalqimiz tarixi, urf-odatlari haqida bitmas-tuganmas ma’lumotlar bor. Ularni o‘rganish, o‘zlikni anglash qanchalik qiziq, ammo negadir yoshlar orasida shu bebaho tariximizni o‘rganishga qiziqish birmuncha susayganga o‘xshaydi. Qarangki, bugungi yigit-qizlarni rasmga tushish-u turli “chellenj”lardan, “Instagram” tarmog‘idan boshqa narsalar qiziqtirmay qo‘ydi. Lekin pedagog qanday qilib bo‘lmasin “ulovning bandi”ni o‘z qo‘liga olishi va ilm manzili sari yo‘l boshlashi kerak.
Kichik bir maktabda ishlaganim uchun ham boshlang‘ich sinflarga, ham yuqori sinflarga dars beraman. O‘quvchilarga ingliz tili grammatikasi, fonetikasini o‘rgatish asnosida shu tilda so‘zlashuvchi millatlar madaniyatini ham o‘rgatib boraman. O‘quvchilarning qiziqishi kuchaygan zahoti mavzuni o‘zimizga qarataman. “Mana, ingliz tilida so‘zlashuvchi millatlarning kelib chiqishini o‘rgandik, xo‘sh, biz o‘zimiz tarixda kim bo‘lganmiz, ota-bobolarimiz qanday yashashgan, bilganlaringizni ayting…”. Tabiiyki, bu savoldan so‘ng o‘quvchilarning juda kam ma’lumotga ega ekanligi ayon bo‘lib qoladi. Endi ular bir-birlarini hayron qoldirish uchun izlanadilar. Topshiriq ham shu bo‘yicha beriladi.
Deyarli barcha sinflarning ingliz tili darsliklarini ko‘rib, kuzatib shu fikrga keldimki, milliy bayramlarimiz, milliy kiyimlarimiz, an’analarimiz haqida ingliz tili kitobida alohida bo‘lim ajratilib, uni o‘rganish o‘quv rejasiga kiritilishi kerak. To‘gri, 5-sinf ingliz tili darsligida “I like Navruz” deb nomlangan mavzu berilgan. Ammo bu mavzu o‘ta sodda yoritilgan. 8-sinf darsligida esa inglizlarning “Bonfire night”, “Merry Christmas” deb atalgan bayramlari juda chiroyli ochib berilgan. Bu mavzularni o‘quvchi o‘rganar ekan, shu bayramlar haqida to‘liq ma‘lumot oladi. Xo‘sh, nega bizning milliy bayramlarimiz haqida ma’lumot berilmaydi? Aniqroq aytadigan bo‘lsak, biz bu bayramlar haqida ma’naviyat soatlari, milliy istiqlol g‘oyasi fanlaridan o‘rganishimiz mumkin xolos, lekin ingliz tilida o‘quvchilar tariximiz va an’analarimizni so‘zlay olsa, qanday yaxshi! 10-sinfda alohida qilib “National traditions and customs” deb nomlangan bo‘lim kiritilsa yaxshi bo‘lar edi. Unda Navro‘z an’analari va milliy kiyimlar, to‘y marosimlari, Hosil bayrami haqidagi ma’lumotlar kiritilishi lozim. 10-sinf o‘quvchisi B2 darajaga ega bo‘lishi kerak ekan, demak, u o‘z fikrini ingliz tilida bemalol ifodalay oladi. O‘z tarixidan faxrlanish tuyg‘usini ingliz tilida ifodalab bera olishini bir tasavvur qilib ko‘ring.
Muharram TURSUNOVA, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi