Islohotlarda o‘qituvchining o‘rni va roli
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yilgi Parlamentga Murojaatida “nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyatni rivojlantirish”ga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda o‘qituvchining pedagogik mahorati, ilg‘or tajribalari muhim ahamiyatga ega. Chunki o‘qituvchi ilm-ma’rifatli kadrlar tayyorlash, o‘quvchilarni turli sohalarga yo‘naltirish, uzluksiz ta’lim jarayonlarida islohotlarni amalga oshirish, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash, xorijdagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganish, ta’lim jarayonini yangilash, o‘qitish metodikasi, shakl va metodlarini qo‘llashda ilm-ma’rifatga asoslanish kabilarni amalga oshirishga mas’ul shaxs hisoblanadi. 2020-yilning “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etadi.
Shu jihatdan Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi. Sharq donishmandlari aytganidek “Eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir”. Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi”.
Hadisda “Beshikdan to qabrgacha ilm o‘rgan” deb, ilm har narsadan yuqori ekanligi, hech narsa undan yuqori bo‘la olmasligi ta’kidlangan. Demak, islom ta’limotida bilim eng oliy maqsad — dunyoni bilish uchun zarur deb uqtirilgan. Bilim dunyoni bilish bilan bahramand bo‘lib qolmay, shaxs ma’naviyatini boyitishda ahamiyatli hisoblangan.
Sharqning buyuk allomalari Abu Nasr Forobiy, Mahmud Qoshg‘ariy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abdurahmon Jomiy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, kabi barcha ulamo-yu fuzalolar, olim-u fozillar, shoiru yozuvchilarning barchasi o‘z davrining nufuzli, hurmatli, e’tiborli kishilari darajasiga mukammal ilm egallash orqali erishganlar.
Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida ilm orqali Farhodning aql-idrokli, bilimdon, hunarmand, kamtar, insonparvar, irodali va e’tiqodli inson bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ilm-fanda to‘ppa-to‘g‘ri yo‘l bo‘lmaydi. Ilm-fanning metin qoyalariga qo‘rqmay emaklab chiqqan kishilargina uning nurli cho‘qqilariga yetishi mumkin.
Ilm kishi zehnini, fikrini qilich kabi o‘tkir qiladi. Ilmsiz inson mevasiz daraxtga o‘xshaydi. Kishi hayotidagi ishlarni haqiqiy to‘g‘ri yo‘lga soladigan vosita bu — ilmdir. Shuning uchun ham xalq orasida ilm orqali oliy fazilatlarga ega bo‘lgan, ulug‘likka va orzu istaklarga erishgan buyuk kishilar qadrlanadilar.
Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘qituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash, ta’lim muassasalari faoliyatini boshqarish va tashkil etishning maxsus tizimini yaratish, maktablarda ishlay oladigan yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash kabi masalalar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga innovatsiyalar asosida ilg‘or ta’lim shakllari, pedagogik texnologiyalarni joriy etish, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni jalb qilgan holda ijodiy faoliyatga ega bo‘lgan pedagogik kadrlarni tayyorlash mexanizmlari joriy etilgan.
Har bir o‘qituvchi o‘z ishiga ma’suliyatli, ziyrak, hushyor, ertani ko‘ra biladigan, o‘quvchilar kayfiyatini tez payqaydigan va shunga mos ravishda ishlaydigan bo‘lishi kerak. Aks holda u o‘quvchilar e’tiboridan chetda qoladi. O‘z obro‘sini yo‘qotadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘qituvchining pedagogik mahorati, irodasi o‘ziga xush yoqadigan biror narsani qilayotganda emas, balki birorta og‘irroq, kutilmagan, sezilarli zo‘r berishni talab qiladigan vazifani bajarayotganda namoyon bo‘ladi. U bu ishning katta jamoa va butun Vatanimiz uchun zarurligi va foydaliligiga ishonganligi uchun samimiy munosabat, iroda va kasbga bo‘lgan ma’suliyat bilan amalga oshiradi.
O‘qituvchi o‘z faoliyatida ijtimoiy va iqtisodiy saviyasini tinimsiz shakllantirib borishi, vijdonan, sidqidildan mehnat qilishi, malaka va ko‘nikmalarini tinimsiz oshirib borishi, pedagogik mahoratini yuksaltirishi, jamoa o‘rtasida katta hurmatga loyiq bo‘lishi kabi masalalar jamiyat taraqqiyotining ko‘zgusiga aylanib bormoqda. Bu borada Chirchiq davlat pedagogika institutida bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlash sohasida olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovordir. Institut professor-o‘qituvchilari innovatsion ta’lim klasteri yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bilan birga, bo‘lajak o‘qituvchilarda mustaqillik, ijodiylik, qat’iylik, vazminlik, o‘zini qo‘lga ola bilish, intizomlilik, o‘zini-o‘zi boshqarish, o‘z kuchiga ishonish mahoratini rivojlantirish metodikasiga oid bilim, ko‘nikma va malakalarni takomillashtirishda ustozlik vazifasini amalga oshirmoqdalar.
Institutda ta’lim klasteri yo‘nalishi bo‘yicha “Maktab laboratoriya” tajriba maydonchalari tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalari ta’lim orqali iqtidorli talabalarning mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik va ijodkorlik salohiyatini oshirish, salomatligini mustahkamlash, ilmiy anjumanlar, ijodiy ko‘rgazmalar, tanlovlarda ishtirok etish, o‘qituvchilar, amaliyotchilar va boshqa mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ta’lim va tarbiya sifatini yaxshilash kabilardan iboratdir.
Ushbu vazifalardan kelib chiqib institutning iqtidorli talabalari uchun “Zakovat” bilimdonlari” o‘yinlari, ularning qobiliyatlari va extiyojlariga mos keladigan kurslar, olimpiadalar, “Iqtidorli talaba” guruhlari tashkil etildi. Chirchiq shahridagi 2-maktabning 11-sinf o‘quvchilari bilan “Pedagogika” fakultetining 1-kurs talabalari o‘rtasida “Bilimdonlar shousi”, “Kasbim — faxrim” mavzusida seminar uyushtirildi.
O‘sib kelayotgan yosh avlodni yangi O‘zbekistonga munosib qilib tarbiyalash o‘z navbatida maktab, kasb-hunar o‘quv yurtlari faoliyatini davr talablari asosida tashkil etishni talab qiladi. Shuning uchun ham hozir vatan istiqboli uchun kurashchi, chuqur mas’uliyatni his qiladigan yoshlarni tarbiyalash maktab o‘qituvchilarining asosiy vazifasi hisoblanadi.
O‘quvchilarni jamiyat manfaati uchun qilinadigan bunyodkorlik ishlari uchun ilhomlantirish o‘qituvchining eng muhim vazifasi hisoblanadi.
O‘qituvchi o‘zining faoliyatida malakali va tajribali, chuqur bilimga ega, davlat tili va chet tillarni, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni va o‘qitishning innovatsion uslublarini bilishi, klaster metodi asosida boshqa tashkilotlar, yirik kompaniya va birlashmalar bilan aloqada bo‘lishi, o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy qilgan holda ta’lim mazmunini takomillashtirishi, milliy va jahon adabiyoti, musiqa, kino, haykaltaroshlik, amaliy san’at va boshqa ijodiy yo‘nalishlardagi bilimlarga ega bo‘lishi, o‘quv jarayonida ta’limning ilg‘or shakllari, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish maqsadida xorijiy ta’lim tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, zamonaviy talablarni hisobga olgan holda ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini, ijodiy iste’dodini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar olib borishi kabilar ta’lim-tarbiya samaradorligini oshiradi.
Ulfat MAHKAMOV, TVChDPI professori, pedagogika fanlari doktori