Til va adabiyot barchaga zarur
Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari uchun “Onlayn olimpiadalar tashkil etish va iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantirish” axborot tizimi — olympiad.uzedu.uz ishga tushirilganiga ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q.
Ushbu yangi platforma iqtidorli o‘quvchilarning bilim olishga qiziqishini oshirish, ularning ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, fanlarga oid qo‘shimcha materiallar bilan ta’minlab borish, egallagan bilimlarini baholash, natijalarini onlayn monitoring qilish imkoniyatini yaratdi. Ammo bu olimpiadaga qatnashish uchun o‘quvchilardan ko‘ra ularning ota-onalari hamda fan o‘qituvchilari ko‘proq urinayotgandek, nazarimda. Murakkablik darajasi turlicha bo‘lgan 20 ta test savollaridan iborat topshiriqlarni bajarish uchun o‘quvchilarga bir soat vaqt ajratiladi. Test savollarini o‘quvchining o‘zi ishlaganini bilmaslik, imtihon qay tarzda bo‘lganini nazorat qilmaslik holatlari izoh va tajriba talab etadi. Yana bir masala shuki, onlayn olimpiada faqatgina fizika, matematika, biologiya, kimyo, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan o‘tkazilayotgani maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlarni to‘liq qamrab olmaydi. Boisi, hamma o‘z qiziqqan yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda qatnashishni istaydi, jumladan, ona tili va adabiyot fani bo‘yicha ham.
Ushbu fandan maxsus onlayn olimpiada, shu qatori onlayn to‘garaklar tashkil etilishi barcha o‘quvchi uchun foydali. Olimpiada trening-o‘qituvchilar tashabbusi hamda informatika o‘qituvchilari sa’y-harakatlari bilan amalga oshiriladi. Bu orqali bolalarning quyi sinflardan hunar o‘rganishga qiziqishi ortadi, iqtidorini namoyon etishi uchun sog‘lom raqobat muhiti yaratiladi. Ular qaysi kasbni egallashga intilishlaridan qat’i nazar, o‘z tilini, til me’yorlari va grammatikasini puxta bilishlari lozim. “Filolog kundaligi”, “Yosh tilchilar”, “Onlayn testlar” telegram kanallari mavjud. Ammo ona tilimizga oid testlar berilayotgan guruhlarda ham faqatgina DTM testlari yoxud sinflar kesimidagi testlar berib borilyapti.
Xurshida RO‘ZIYEVA, Toshkent shahridagi 204-maktab o‘qituvchisi