Ustama olishga kimlar haqli?
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-sonli qarori bilan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom” yangi tahrirda tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi (regulation.gov.uz) saytida mazkur nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Men ham o‘z takliflarimni mazkur saytda qoldirdim va shu izohlarimga qo‘shimcha tariqasida ushbu maqolani yozishga qaror qildim.
Mazkur Nizomda faqat o‘rnak ko‘rsatgan pedagog xodimlar, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga oylik ustama belgilash yo‘li bilan ularni moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilgan. Lekin maktabda ulardan tashqari direktor, direktor o‘rinbosarlari, logoped va boshqalar ham faoliyat yuritadi. Nima uchun ularni ham rag‘batlantirishga e’tibor qaratilmadi? Sababi, ular rahbar xodimlar toifasiga kirgani yoki logopedlarning maoshi rag‘batlantirilmasa ham ancha yuqori ekanimikan? Agar sabab shunga borib taqalsa, avvalo barcha shtat asosida ishlaydiganlarni dars soatiga qarab maosh oladiganlar toifasidan to‘liq ajratib olish kerak. Ya’ni direktor, direktor o‘rinbosarlari, harbiy ta’lim bo‘yicha o‘rinbosar, psixolog, logoped, kutubxonachi — barchasi shtat asosida ishlaydigan va maosh oladigan xodimlar hisoblanadi. Maktablar uchun har yili tasdiqlanadigan tayanch o‘quv rejasi asosida dars soatining ko‘payishi yoki kamayishi mazkur lavozimdagi shaxslarga umuman ta’sir etmasligi mumkin. Ya’ni mazkur toifadagilarning maoshi maktabdagi o‘quvchi soni yoki sinflar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Shu sababli mazkur lavozimdagi xodimlarni ushbu Nizom asosida rag‘batlantirish ro‘yxatidan umuman chiqarish kerak. Bu ular umuman rag‘batlantirilmasligi kerak degani emas. Ularning ham maoshini xuddi logopedlarniki singari oshirish zarur va shu orqali rag‘batlantirish ro‘yxatidan chiqarilishi lozim.
Ya’ni 27-band quyidagi tahrirda bayon qilinishini taklif qilaman:
“Umumta’lim muassasasining rahbar (direktor, direktorning o‘quv ishlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va harbiy ta’lim bo‘yicha o‘rinbosarlari) xodimlari, psixologlar, logopedlar va kutubxonachilarga va o‘z faoliyatini soatbay haq to‘lash asosida amalga oshiradigan o‘qituvchilarga har oylik ustamalar belgilanmaydi.
Hukumat tomonidan tan olingan xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktab rahbari (direktor) bundan mustasno”.
“Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirining buyrug‘i bilan umumta’lim muassasalari xodimlari alohida qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirilishi mumkin” degan 29-banddagi to‘ldirish mazkur bandga ham qo‘llanishi kerak.
Agar shu taklif amalga oshirilsa unda direktor jamg‘armasidan ustama oladigan toifa faqat dars soati asosida maosh oladigan o‘qituvchilar bo‘lib qoladi.
Endi bu toifaning ham alohida e’tiborga oladigan jihatlari bor:
1. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bilan yuqori sinf o‘qituvchilarining baholash mezoni alohida bo‘lishi kerak, chunki ularning ish faoliyati bir-biridan farq qiladi.
2. Maktab o‘qituvchilari orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan I, II va III guruh nogironligi bor shaxslar ham mehnat qiladi va mazkur toifa xodimlarga ustamalar qo‘shishni ham inobatga olish kerak, degan taklif berilgan. Bu taklifga qo‘shimcha tarzda aytish kerakki, qachonki “mazkur toifadagi xodimlarga davlat budjeti hisobidan boshqa organlar tomonidan nafaqa belgilanmagan bo‘lsa” degan band ilova qilinish kerak. Chunki ular maktabdagi maoshidan tashqari nogironligi uchun davlat budjeti hisobidan nogironlik nafaqasi olayotgan bo‘lishi mumkin.
3. Pedagog xodimlarning faoliyatini baholash mezonlari asosida to‘plagan umumiy ballari bo‘yicha ularga quyidagi miqdorlarda ustama haq belgilanadi:
56–60 ball to‘plasa — 10 foiz;
61–65 – ball to‘plasa — 15 foiz;
66–70 ball to‘plasa — 20 foiz;
71–75 ball to’plasa — 25 foiz;
76–80 ball to‘plasa — 30 foiz;
81–85 ball to‘plasa — 35 foiz;
86–100 ball to‘plasa — 40 foiz.
Umumta’lim muassasalari pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga Jamg‘arma hisobidan har oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.
4. Agar haqiqatan ham, pedagog xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida mazkur Nizom qabul qilinayotgan bo‘lsa (baholash mezonlariga ko‘ra ustamaga da’vogar pedagoglarning 50 foizi emas, balki 10 foiz qismi ham 20 foiz ustama ololmasligi mumkin) uslubbirlashma rahbariga 10 foiz ustama belgilagandan ko‘ra, umuman, belgilanmasligi yoki 5 foiz bo‘lishi ham maqsadga muvofiq. Chunki uslubbirlashma rahbari zimmasidagi amalga oshiradigan ishlarning aniq vazifalari belgilanmagan. Hozirgi vaqtda uslubbirlashma rahbarining vazifasi bir uyum qog‘oz to‘plashdan nariga o‘tmaydi.
5. Fan olimpiadasi va boshqa ko‘rik-tanlovlar, musobaqalarning tuman (shahar) bosqichida o‘quvchisining ishtiroki, deyilgan qismiga beriladigan 20 balni 15 balga kamaytirish kerak. Sababi maktablarda mavjud bo‘lgan barcha
fan yo‘nalishlarida (masalan: Texnologiya, Vatan tuyg‘usi, Milliy istiqlol g‘oyasi) fan olimpiadasi va boshqa ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar umuman tashkil qilinmagan. Agar pedagog xodimlar shu tufayli 20 ball yo‘qotsa, qolgan yo‘nalishlarda 80 ball olishi uchun hammasidan eng yuqori ball olishi va o‘shanda 20 foiz ustama belgilanishi mumkin. Yoki shu fanlar uchun boshqa ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar doimiy tashkil qilinishi kerak.
6. Sinf rahbarligi degan qismni butunlay olib tashlash kerak. Sinf rahbarligi uchun alohida haq to‘lanadi. Qolaversa, mazkur Nizomda shu qism juda sayoz bo‘lib qolgan: “Sinf rahbarligi yuklatilmagan bo‘lsa — 0” va “Sinf rahbarligi yuklatilgan bo‘lsa — 5 ball”.
“Fan olimpiadalari va boshqa ko‘rik-tanlovlar, musobaqalarning tuman (shahar) bosqichida o‘quvchisining ishtiroki”, deyilgan qismdan kamaytirilgan 5 ball va “Sinf rahbarligi” uchun, degan qism olib tashlanishi tufayli qoladigan 5 balni qo‘shib, ikkalasidan alohida yangi “AKT, multimedia va boshqa texnologiyarni ishlata olishi va darslar jarayonida qo‘llay olishi” degan 10 balli alohida qism kiritish kerak. Bu aynan hozirgi davr talabi hisoblanadi.
7. Baholash mezonlari orasidagi
“Ilmiy-ijodiy ishlari”, degan mezon balki kerakdir. Yana bu qismni alohida ko‘rib chiqish kerak. Maktablarda haqiqatan ham shunaqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan pedagoglar bor. Lekin buni ommaviy axborot vositalarida “ta’lim muassasamizda falon mavzudagi tadbir bo‘ldi”, deb boshlanadigan siyqasi chiqqan xabarlar uchun deb tushunmaslik kerak. Balga da’vogar maqola haqiqatan o‘qituvchining o‘z fani yoki umuman ta’lim sohasidagi bir necha yillik tajribalari, izlanishlari yoki ilmiy ishlari sifatidagi chiqishlaridan iborat bo‘lsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
8. “O‘qituvchining pedagogik faoliyati bahosi”, degan qismdan o‘qituvchining mahoratini va faoliyatini o‘quvchi va Kuzatuv kengashi a’zolari o‘rtasida so‘rovnoma orqali aniqlash yetarli asosga ega emas. Chunki o‘quvchi hali yosh, u qanchalik obyektiv baholaydi? O‘quvchida o‘qituvchisiga baho berishdek salohiyat bormi? Bilim, ko‘nikma, malaka va o‘qituvchining ish faoliyati bilan qanchalik tanish ekan o‘quvchi? 8–11-sinf o‘quvchilari qisman obyektiv baholay olar, lekin boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga 1–4-sinf o‘quvchilarining baho berishi tasavvurga sig‘maydi. Kuzatuv kengashi a’zolarining bahosiga kelsak, 80–90 foiz maktablarda katta vakolatlarga ega Kuzatuv kengashining a’zolari hali maktabda shunaqa kengash borligi va mazkur shaxs unga a’zoligini bilmaydi, vakolatini ayta olmaydi. Yoki xabardori ham hali biror marta to‘plangani yo‘q. Maktablar faoliyatida mazkur kengash xuddi yo‘qdek. Biror marta maktabga tashrif buyurmagan va nomiga saylangan bu kengash endi o‘qituvchining ishini baholaydimi?
Shu sababli o‘qituvchining pedagogik faoliyatini baholash shu maktabdagi barcha rahbar va pedagog kadrlarning ishtirokida, saylov asosida amalga oshirilishini taklif qilaman. Deylik, maktabda 80 nafar pedagog bor. Shu 80 kishidan 10 nafari lavozim bo‘yicha ishlayotgani uchun mazkur Nizom bo‘yicha rag‘batlantirish olmaydi. Qolgan 70 nafari esa (Nizomning 4-bandida “umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan pedagog (ular umumiy sonning ko‘pi bilan 50 foizi) deb belgilangan) ustama olishda da’vogar. Lekin 4-banddan kelib chiqadigan bo‘lsak, 70 da’vogardan 35 nafari olishi mumkin.
Shu tartibdan kelib chiqqan holda tuman XTB tomonidan saylov uchun 80 bulleten tayyorlanib, tuman XTB muhri bilan muhrlanadi va mazkur bulletenda da’vogar bo‘lgan 70 pedagogning ismi kiritiladi. Saylashda esa 80 xodimning hammasi qatnashib, ularning har biri 70 pedagogdan 35 nafarini ustama olishga haqli degan ma’noda nomini belgilaydi. Bunda avvalo qatnashadigan xodim, birinchi navbatda, o‘zining faoliyati ustamaga noloyiqligini bilsa-da, o‘zini belgilashi, keyingi navbatda esa shu maktabda birga ishlaydigan qarindoshi, yaqin tanishi va shu ketma-ketlikda davom etib ovoz berish ehtimoli yuqori. Lekin bunda aynan shu tartibda ovoz berilishi ovozlar sonining kamayishiga sabab bo‘ladi, chunki hech bo‘lmaganda 2–3 yoki 7–8 nafari haqiqatan yaxshi ishlayotgan o‘qituvchilarga ham bilmagan holda ovoz berib ketadi. Chunki o‘zining uslubbirlashmasida aynan kim o‘zidan yaxshiroq ishlashini e’tirof etadi, yaxshiroq ishlaydigan xodimlar esa aynan o‘zidan kuchliroq yoki o‘zi tengi ishlaydigan boshqa uslubbirlashmadagi pedagoglarga ovoz berishi aniq. Albatta, bu yerda ustamaga da’vogar bo‘lmagan 10 nafar xodimning ovozi ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Oxirgi hisob-kitobda esa 70 da’vogardan 35 nafar aynan eng ko‘p ovoz olgani aniqlanadi. Lekin bu butun maktabda bir vaqtda hammaning ishtirokida qilinishi va turli sababga ko‘ra ishtirok etolmagan xodimlarning bulletenlarini muhrlangan joyiga beshikast yetkazish (qaychi yordamida qirqish) asosida sanoqqa qo‘shishdan chiqarilishi kerak. Muhimi, pedagog faoliyatiga uning faoliyatidan xabardor bo‘lgan va baholash salohiyatiga ega shaxslar baho beradi.
Agar bu 1-tur sifatida qaralib, keyin ajratib olingan 35 xodim faoliyati qolgan baholash mezonlari asosida baholansa, shaffoflikka erishilardi. Ayniqsa, direktor yoki uning o‘rinbosarlarining kimga xohlasa o‘shanga ustama yozishi, ustamadan rahbarga “foiz” bersa ustama yozib, bo‘lmasa yozmaslik kabi qora ishlar ham yo‘qoladi. Chunki ayrim maktablarda oldindan kelishilgan xodimlarga direktor tomonidan ustama belgilanadi va aynan o‘shalar direktorning ulushini har oy yetkazib turishadi.
Jonibek O‘RINOV, Yunusobod tumanidagi 272-maktabning tarix fani o‘qituvchisi