Ingliz tili darsliklarida grammatik ma’lumotlar yetarli emas
Sevimli gazetamizning o‘tgan sonidagi “9-sinf ingliz tili darsligi mualliflariga ochiq xat”ni o‘qib menda ham mulohazalar tug‘ildi.
Oxirgi yillarda chet tillarga qaratilayotgan e’tibordan ingliz tili o‘qituvchisi sifatida quvonaman. Maktablarda xorijiy tillar 1-sinfdan o‘qitila boshlandi, dars soatlari ko‘paydi. Yangi darsliklar yaratildi. Ushbu darsliklarda qiziqarli mashqlar, boshqotirma va videoroliklar mavjud bo‘lib, o‘quvchilar qo‘shiq kuylashi, o‘yinlar o‘ynashi hamda tinglab tushunish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi mumkin. Hozirgacha 1-sinfdan 7-sinfgacha bo‘lgan ingliz tili darsliklari bosqichma-bosqich, yangi tartibda ishlab chiqildi. Ammo yangilanmagan darsliklarda kamchiliklar ko‘p.
9-sinf darsligidagi mashqlarning 50 foizi audiomashqlardir. Ammo kitoblarning audiokassetalari viloyat va tuman maktablariga yetib kelmagan. Bu biz pedagoglarga birmuncha qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. To‘gri, internet orqali audiomashqlarni yuklab olarmiz, lekin ularni o‘quvchilarga eshittirish uchun sinfxonalarda yetarli texnik vositalar yo‘q. Mazkur holatlar esa o‘quvchilarda tinglab tushunish qobiliyati shakllanmay qolishiga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, fan olimpiadalari 4 bosqichda: tinglab tushunish (Listening), o‘qish (Reading), yozish (Writing), gapirish (Speaking) bo‘yicha o‘tkaziladi. Agar 9-sinf darsligi misolida gapiradigan bo‘lsam, darslikdagi mavzular ancha eskirgan va zerikarli. Reading va Writing mashqlari deyarli yo‘q. Darslikda berilgan mashqlardagi matnlar ham faqat tarjima uchun yo‘naltirilgan.
Kitobdagi 8-bo‘lim 3-darsning mavzusi “I’ve broken my heel”. Mavzudan ko‘rinib turibdiki, darsimiz Present Perfect Tense, ya’ni hozirgi tugallangan zamon haqida. Lekin kitobda grammatik ma’lumotlar deyarli berilmagan. To‘g‘ri, grammatik ma’lumot o‘qituvchi tomonidan tushuntirib o‘tiladi, lekin o‘quvchi maktabga kelmay qolsa yoki uyda mustaqil dars tayyorlamoqchi bo‘lsa, buning uchun hech qanday formula yoki ma’lumotlar yo‘q.
Bilamizki, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test savollari ko‘proq grammatikadan bo‘ladi. Ammo ushbu darslikda grammatik ma’lumotlar, mashqlar hamda mavzuni mustahkamlash uchun grammatik testlar yo‘qligi uchun ham o‘quvchilarimiz repetitorlik kurslariga borishga majbur. Ular ongida maktab darsliklari bilan oily o‘quv yurtlariga kirib bo‘lmaydi, degan fikr allaqachon shakllanib qoldi. Darslik mualliflariga shuni iltimos qilardimki, “At the post office”, “Business phone calls”, “Letters” kabi mavzular o‘rniga ko‘proq DTM talablariga javob beradigan grammatik ma’lumotlar berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Iroda SATTOROVA, Kitob tumanidagi 4-maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi