Onlayn darslarni o‘quvchilar erkin va xotirjam o‘zlashtirishdi
Har bir darsning muvaffaqiyati o‘qituvchining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga bog‘liqdir. Qachonki maqsad aniq, o‘lchamli, erishimli, ahamiyatli, real asoslangan va vaqt bilan chegaralangan bo‘lsa, dars samaradorligi ta’minlanadi. Dars turini tanlash va undan mavzuni bayon etish jarayonida unumli foydalanish ham muhim. Hozirgi texnika davrida yanada chuqur va mustahkamroq bilim olish, individual sharoitda ta’lim olish imkoniyatini beruvchi va eng asosiysi, hech kim fikrni chalg‘ita olmaydigan ta’lim turlaridan biri — onlayn darslardir.
Onlayn darslar ta’lim oluvchi va beruvchiga ko‘p imkoniyat berishi tajribalardan ma’lum bo‘ldi. Ta’lim oluvchi, ya’ni o‘quvchilarning psixologik xususiyatlaridan kelib chiqib yondashadigan bo‘lsak, tortinchoq, tabiatan ko‘pchilik orasida o‘zini erkin his qilolmaydigan o‘quvchilar mustaqil va individual ishlash orqali o‘z bilimlarini erkin namoyish etishlari mumkinligi yaqqol isbotlandi. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, jarayon onlayn darslarni farzandlari bilan birga kuzatgan ota-onalar ham uchun foydali bo‘ldi. Bu orqali ular farzandlarining erishgan va egallayotgan bilim, malaka, ko‘nikmalarini ko‘rishdi. Ustozlik mas’uliyati va mashaqqatini his qilishdi.
Ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida onlayn darslardan ko‘p narsa o‘rgandim, tajriba orttirdim. O‘quvchilarimda ham yangi qirralar ochilib, o‘zlashtirish darajasi sezilarli o‘sganligini bildim. Bu asosan sekin harakat qiluvchi o‘quvchilarimda ko‘rindi. Ular onlayn darslarda xotirjam va mustaqil ishlashdi. Televizion darslarda mavzuning eng muhim joylari o‘rgatildi. Shu sabab o‘quvchilar ota-onalari bilan hamkorlikda qo‘shimcha manbalardan o‘qib, o‘rganib bilimlarini yanada mustahkamladi. Internetdan unumli foydalanish ko‘nikmasi shakllandi.
Mavluda TUGALOVA, Buloqboshi tumanidagi 32-maktabi o‘qituvchisi