"Ustoz, qizim qanday o‘qiyapti?"
— Ustoz, qizim qanday o‘qiyapti? Xulqi qanaqa? Hozir o‘tish davrida, unga qanday munosabatda bo‘lishimni maslahat berasiz? — deb so‘rab qoldi bir kuni sinfimdagi Marjonaning onasi.
— Qizingiz ilmga chanqoq, aqlli, ammo biroz qaysar. Ko‘proq kitob o‘qisin. U bilan dildan suhbatlashing, — dedim.
— To‘g‘ri, u avval kitobni uncha xushlamasdi, ammo hozir yaxshi ko‘radi. Ko‘p o‘qiydi, — dedi ayol nimtabassum bilan.
— Uni qanday qilib qiziqtiroldingiz?
— Uyimizdagi barcha xonalarga har xil kitoblar qo‘yib chiqdim. Hatto oshxonaning ham “ko‘ngli o‘ksimasin” deb turli taomlar, pishirig‘-u salatlar tayyorlashda yordam beradigan qo‘llanmalar sotib oldim. Keyin o‘zim ham ko‘p kitob o‘qib, undagi voqea va qahramonlar haqida gapirib berdim. Bunga uning va ukalarining munosabatini so‘radim. Shu tariqa jajji kitobxon shakllandi-qo‘ydi. Tug‘ilgan kuniga nima sovg‘a qilishimni so‘raganimda “Kitob. O‘tkir Hoshimov va Xudoyberdi To‘xtaboyevlarniki bo‘lsin” degan javobni oldim.
Dilbar NORMURODOVA, Termiz shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi