PISA va PIRLS tadqiqotlarini oʻtkazish muddatlari oʻzgardi
Oʻquvchilarni baholash xalqaro PISA va boshlangʻich sinf oʻquvchilarining oʻqish savodxonligini baholash boʻyicha xalqaro PIRLS dasturlari doirasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadqiqotlarning muddatlariga oʻzgartirishlar kiritildi.
Eslatib oʻtish joizki, Oʻzbekiston ilk marotaba ishtirok etayotgan ushbu xalqaro tadqiqotlar doirasida tajriba-sinov jarayonlari 2020-yilning aprel-may oylarida, asosiy tadqiqotlar esa 2021-yil aprel-may oylarida oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, lekin dunyo boʻylab keng tarqalgan koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsiri tufayli rejalashtirilgan tadqiqotlarning amalga oshirilishi vaqtincha toʻxtatilgan edi.
Hozirgi vaqtga qadar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), Taʼlim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan tadqiqotda qatnashuvchi mamlakatlar, dasturning boshqaruv kengashi aʼzolari, xalqaro ekspertlar kengashi va konsorsiumlar hamda mamlakatlardagi Milliy markazlar ishtirokida tadqiqotlarning tashkil etilish muddatlarini belgilash boʻyicha muhokamalar olib borildi.
Muhokamalar jarayonida turli xil muqobil yoʻllar koʻrib chiqildi.
Jumladan, PISA dasturi boʻyicha kun tartibida ikkita yoʻldan birini tanlash masalasi qoʻyildi.
Birinchisi, ixchamlashtirgan, yangi kiritilgan topshiriqlar hamda kreativ fikrlash yoʻnalishidan butunlay voz kechgan holda 2020-yil oktyabr-noyabr oylarida tajriba sinov jarayonlari, 2021-yil aprel-may oylarida asosiy tadqiqotlarni oʻtkazish boʻlsa, ikkinchisi, barcha yoʻnalishlarni toʻliq qamrab olgan holda tadqiqotni bir yil muddatga kechiktirish, bunda 2021-yil aprel-may oylarida tajriba-sinov jarayonlari, 2022-yilning mos oylarida esa asosiy tadqiqotlarni tashkil etish takliflari atroflicha koʻrib chiqildi.
PIRLS dasturi boʻyicha esa PISA dasturidan farqli ravishda ikki muqobil yoʻllardan birini tanlash taklif etildi. Yaʼni, birinchisi, 2020-yilga moʻljallangan tajriba-sinov jarayonlaridan voz kechgan holda 2021-yildagi rejalashtirilgan asosiy tadqiqotlarni oʻz vaqtida tashkil etish boʻlsa, ikkinchi yoʻlga koʻra, yangi oʻquv yilining boshlanishi boʻlishiga qaramasdan, 2020-yil oktyabr oyida soddalashtirilgan tarzda tajriba-sinovlarini oʻtkazish hamda 2021-yildagi asosiy tadqiqotlarni ham oʻz vaqtida aprel-may oylarida tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi. Bunda tadqiqotda qatnashuvchi maktablar va sinflar masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Atroflicha muhokama va munozaralardan soʻng, PISA va PIRLS dasturlari doirasida tadqiqotlarning oʻtkazilishi yuzasidan quyidagi muddatlarni belgilash boʻyicha xalqaro tashkilotlar tomonidan qarorlar qabul qilindi:
PISA dasturi doirasidagi tadqiqotlar bir yil muddatga kechiktiriladi. Bunda 2020-yilda moʻljallangan tajriba-sinovlar 2021-yilning aprel-may oylarida, 2021-yilga moʻljallangan asosiy tadqiqot esa 2022-yilning aprel-may oylarida oʻtkazilishi rejalashtirildi. Shuningdek, tadqiqotning 3 yillik davriyligini inobatga olgan holda, 2024-yilga moʻljallangan tadqiqotlar ham oʻz navbatida 2025-yilga koʻchirildi.
PIRLS dasturi doirasidagi asosiy tadqiqot kechiktirilmadi va oʻz muddatida, yaʼni 2021-yil aprel oyida oʻtkazilishi boʻyicha rejalar oʻz kuchida qoldirildi. Bunda, 2020-yil aprel oyiga rejalashtirilgan tajriba-sinov jarayonlari, karantin sharoiti barqarorlashgan taqdirda, 2020-yilning oktyabr oyida koʻchirilishi rejalashtirildi. Shuni taʼkidlash lozimki, PIRLS dasturi talablariga muvofiq, sinovlar tanlab olingan maktablarning 4-sinflari oʻrtasida oʻquv yilining oxirgi oylarida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Lekin, kutilmagan pandemiya tufayli, tajriba-sinovlari istisno tariqasida yangi oʻquv yilining ilk oylarida oʻtkazilishi moʻljallanmoqda. Bunda avval tanlab olingan maktablar roʻyxatiga oʻzgartirish kiritilmaydi. Yangi rejalashtirilayotgan tajriba-sinov muddatiga koʻra, tanlab olingan maktablarning 4-sinf oʻquvchilari 5-sinfni boshlagan boʻladilar.
Yodda tutish lozimki, yuqorida keltirilgan muddatlarni belgilash boʻyicha barcha ishtirokchi mamlakatlar bilan muhokamalar asosida xalqaro tashkilotlar tomonidan qaror qabul qilinishi oson kechmadi.
Maʼlumki, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda ushbu tadqiqotlarga tayyorgarlik boʻyicha bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro oʻquvchilarni baholash dasturi reytingida Oʻzbekistonning 2021-yilda birinchi 70 talikka, 2025-yilda 60 talikka va 2030-yilga kelib esa, birinchi 30 ta ilgʻor mamlakatlar qatoriga kirishi koʻzda tutilgan.
Shunday ekan, ushbu muddatlarning oʻzgarishi bir tomondan olganda, umumtaʼlim muassasalari uchun tayyorgarlik koʻrishlariga qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratib beradi. Endilikda tayyorgarlikni susaytirmasdan, tadqiqotda munosib ishtirok etish uchun barcha kerakli harakatlarni amalga oshirish hamda tayyorgarlikni yuqori darajaga olib chiqish barchamizning oldimizda turgan ustuvor vazifadir.
Lekin, har qanday qabul qilingan qarorlarning oʻz kuchida qolishi va belgilangan tadbirlarning muvaffaqiyatli tashkil etilishi dunyoda va yurtimizda hukm surayotgan murakkab karantin sharoitining barqarorlashuviga bogʻliq boʻlib qolaveradi.
Oʻtgan davr mobaynida Taʼlim inspeksiyasi va Milliy markaz tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xalqaro tadqiqotlarni joriy etish boʻyicha xalqaro tajribalar oʻrganilgani, 30 nafarga yaqin masʼul xodimlarning xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishlari, 7 nafar xalqaro ekspertlarni jalb qilish, Respublika boʻyicha 260 nafar trenerlarning tayyorlanganligini birinchi qadamlar sifatida eʼtirof etish mumkin.
Shuningdek, oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun PISA va PIRLS dasturlari haqidagi umumiy tushunchalar,namunaviy topshiriqlar, ularni bajarish boʻyicha tavsiyalar va baholash mezonlarini oʻz ichiga olgan 4 nomdagi metodik qoʻllanmalar yaratilib, har biri 10 000 nusxadan chop etildi hamda barcha umumtaʼlim muassasalariga va taʼlimni boshqaruv organlariga yetkazib berildi.
Dasturlarning tegishli yoʻnalishlari boʻyicha topshiriqlar toʻplami, mashq daftarlari ishlab chiqildi. Mazkur topshiriqlarda oʻquvchilarning mustaqil ishlab, nostandart vazifalarni yechish boʻyicha koʻnikmalarini shakllantirishga yordam berishga moʻljallangan onlayn trenajyor dasturning dastlabki versiyasi ishga tushirildi.
Umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari va oʻquvchilarini xalqaro baholash dasturlariga tayyorlash maqsadida Respublika boʻyicha 348 ta tayanch maktablar belgilab olindi va qolgan umumtaʼlim muassasalari ularga biriktirildi.
Respublikadagi pandemiya tufayli karantin sharoitiga qaramasdan, onlayn tarzda barcha tayanch maktablari uchun seminarlar tashkil etilib, unda Milliy markaz mutaxassislari tomonidan oʻqish, matematik va tabiiy fanlar boʻyicha savodxonlik, ijodiy-kreativ fikrlash koʻnikmalarini baholash va rivojlantirish mavzularida taqdimotlar oʻtkazildi. Ushbu seminarlarni boshqa maktablar uchun davom ettirish, jumladan, 2020-yil sentyabr oyidan boshlab oʻqituvchilar uchun Respublika taʼlim markazi bilan hamkorlikda turkum seminar-treninglar va davra suhbatlari tashkil etish vazifalari belgilab olindi.
Bundan tashqari, Milliy markaz va xalq taʼlimi tizimidagi trener oʻqituvchilar bilan hamkorlikda xalqaro baholash dasturlariga munosib tayyorgarlik koʻrish uchun ilgʻor xorijiy tajribalar oʻrganib chiqilgan holda matematik, tabiiy va oʻqish savodxonliklarini, kreativ fikrlashini rivojlantirish hamda dasturlarning umumiy jarayonlari haqida batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan 55 dan ortiq qiziqarli videomaxsulotlar yaratildi.
Mazkur videomahsulotlar xalqaro baholash dasturlari haqidagi umumiy nazariy tushunchalar berish bilan birga, uning topshiriqlarini yechish boʻyicha amaliy tavsiyalarni ham oʻz ichiga oladi. Xalqaro tadqiqotlar topshiriqlarining ahamiyatli tomoni shundaki, u haqida ilk bor eshitgan yoki koʻrgan shaxs uchun murakkab vazifadek tuyuladi, lekin diqqat bilan topshiriqni yechishga kirishilganida, undagi qiziqarli maʼlumotlardan yangilik olish, mantiqiy fikrlab, topshiriqlarga javob topish orqali goʻyoki yangi marralarni zabt etgandek hissiyot vujudga keladi.
Ushbu videodarslarni tayyorlash jarayonida asosiy eʼtibor oʻquvchilarning maktabda olgan bilimlarini real hayotiy vaziyatlarda qay darajada foydalana olish qobiliyatlarini sinab koʻrishga bogʻliq boʻlgan topshiriqlar tanlandi.
“Smartfondan foydalanish”, “Qaysi mashina”, “Navigatsiya”, “Tomchining tushish tezligi”, “Daraja xossalarining goʻzalligi“, ”Har doim, baʼzan, hech qachon”, “Plitka yotqizish” kabi mavzulardagi topshiriqlarning nomlanishi ham ularning hayotiy vaziyatlarga naqadar bogʻliq ekanligidan dalolat beradi. Birgina misol sifatida, “Smartfondan foydalanish” topshirigʻini keltiradigan boʻlsak, ushbu topshiriqlarni yechish orqali “Koʻp sonli aholisi boʻlgan mamlakatlarda smartfondan foydalanuvchilar kamroqmi? Yoki aksincha, kam sonli aholiga ega mamlakatlarda smartfon foydalanuvchilari koʻproqmi?” kabi qiziqarli maʼlumotlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Mazkur videomahsulotlar bilan Milliy markazning internet tarmogʻidagi www.youtube.com Milliy markaz manzilidagi kanali yoki https://www.youtube.com/channel/UC-1vwenEymZJFxLWyEsGyTA havolasi orqali tanishishingiz mumkin.
Shunday ekan, karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda uyda qolishni va xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishni tavsiya qilamiz.
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati