Tojsiz viruslar iskanjasida
Butun dunyo tojdor virus tahlikasi ostida yashayapti. Shu qatori biz ham. Ko‘chaga niqob taqib chiqyapmiz. Yor-birodarlarni bag‘rimizga bosishni-ku qo‘yaturing, hatto qo‘l berib salomlashishdan ham tiyilyapmiz. Avalasi jon shirin. Keyin bilib-bilmay yaqinlarimizni-da zararlab qo‘yishimiz mumkin. “Kichkina demang bizni, ko‘tarib uramiz sizni” deganlaridek, viruslar ko‘zga ko‘rinmas darajada mitti bo‘lsa ham tog‘dek jonzotlar kuragini bir usul bilan yerga tekkizib qo‘yishiga qodir ekan.
Yaxshiyam biz tojdor virus haqida tasavvurga egamiz. Shuning uchun ham iloji boricha undan himoyalanishga harakat qilyapmiz. U haqida xabar tarqalgandan buyon miyamda bir savol aylanadi. Tuturiqsiz bo‘lsa-da aytaman: shu paytgacha “tojdor” singari qudratga ega biror virus bizga yuqqan-u, undan bexabar qolgan bo‘lishimiz mumkinmi?
Hech bir jamiyat to‘kis emas. Oqillar-ahmoqlar, yaxshilar-yomonlar, to‘g‘rilar-o‘g‘rilar, sog‘lar-kasallar, boylar-kambag‘allar, mehnatkashlar-u tekinxo‘rlar… bularning barchasi birlashib butun jamiyatni hosil qiladi. Kimdir bizningcha xato yo‘ldan ketayotgan bo‘lishi mumkin, ammo u o‘z yo‘lini to‘g‘ri deb o‘ylaydi. Biz yomon hisoblagan odam ich-ichidan o‘zini olamdagi eng yaxshi odam deb bilishi ajablanarli emas. Hatto u bizning nomimizni ko‘ngil daftariga “yomon” deb yozib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, jamiyatdagi barcha toifalarning istaklari, orzu-armonlari, o‘zlari mutlaq to‘gri deb bilgan haqiqatlari bor. Men ham shu jamiyatning yaxshi yoki yomon, fikrli yoki kaltafahm, baxtsiz yo baxtiyor a’zosi sifatida yuqoridagi savolga javob bermoqchiman. Qarshimasmisiz? O‘rindig‘ingizga yaxshi joylashib olgan bo‘lsangiz, aytaman.
HA, YUQQAN! Biz tojdor virus tarqalgungacha ham undan-da qudratli parazitlar iskanjasida yashadik va yashayapmiz!
Nega buncha hayron bo‘lasiz? Ongingiz qamalgan dimiq xonaning derazalarini oching. Toza havo kirsin va tashqariga qarang. Ko‘ngilni, tuyg‘ularni, fikrlarni, o‘tmishni, kelajakni butun bir millatni… hamma-hammasini ayovsiz kemirayotgan viruslarga ko‘zingiz tushmadimi? Hayot bir zaylda davom etyapti, ko‘zga tashlanadigan biror xavfni ko‘rmadingiz. Hammasi joyida.
Sizni so‘qirga yo‘ymoqchi emasman. Sizning nigohlaringiz-da to‘g‘ri ko‘rayapti. Hammasi joyida. Siz haqsiz. Demak, men nosog‘lomman. Nima bo‘lganda ham ko‘zlarimga yaqqol tashlanib turgan viruslarni tasvirlamoqchiman. Xohlang eshiting, istang quloqlaringizni berkiting.
Millat vujudiga keng tomir otgan viruslarning eng dahshatlisi bu — YOLG‘ON. U birinchi galda ko‘z qorachig‘iga shikast yetkazadi. Atrofdagi manzaraning asl ko‘rinishini ilg‘ay olmaysiz. Uzoqqa bormay o‘zimdan misol keltiraman. Maktabda, kollejda tahsil oldim. Hozir universitetda o‘qiyapman. Shikastlangan qorachiqda bu davrlarga nazar tashlasam, hammasi kam-ko‘stsiz, a’lo darajada. Namunali o‘quvchi, ilmli talaba — millatning porloq ertasi. Aslida-chi?
Maktab paytlarimiz sinfda 22 o‘quvchi edik. Sentabrda o‘qishning ikki haftasi o‘tar-o‘tmas, shusiz ham taqchil bo‘lgan ustozlarimizning yarmini paxtaga olib ketishar, ingliz tili fanidan mehnat o‘qituvchisi, ona tili va adabiyotdan esa jismoniy tarbiya muallimimizdan saboq olishga to‘g‘ri kelardi. Paxta mavsumi yakunlangach qish boshlanib, sinfxonalar sovuqligi sabab ko‘pchiligimizni ota-onamiz maktabga yubormas, ular qarshi bo‘lmagan taqdirda ham tog‘ etagida joylashgan qishloqning beqaror ob-havosi to‘sqinlik qilardi. Bahorda sel xavfi sabab soyning narigi betida yashovchi sinfdoshlarimiz yana maktabdan mahrum. Kunlar isigach esa barchamizni ekin ekish, chorvaga qarash ishlari kutib turadi. Shu bilan 25-may. Sal suyagimiz qotib, 8-9-sinfga o‘tganimizda oilaviy ahvoli qiyinroq sinfdoshlarim (ular ko‘pchilik edi) shaharga mardikorlik qilgani ketib qolar, o‘ziga to‘qroqlari esa repetitorga. Ular bilan oylab ko‘rishmasdik. To‘qqizni bitirgach ikkitamiz shaharga, qolgan barcha sinfdoshlarim qo‘shni qishloqdagi kollejga hujjat topshirdi. Qishlog‘imizda tonggi oltida yo‘lga chiqib kechki soat 18:00 atrofida qaytib keladigan bittagina avtobus bor, boshqa ulovlar deyarli qatnamasdi. Qo‘shni qishloqdagi kollejda o‘qiydigan sinfdoshlarim shu avtobusga chiqib, manzillariga soat yetti bo‘may yetib borardi. Qishda bu payt hali quyosh chiqmagan bo‘ladi. Endi ular kollejning hali ochilmagan eshigi oldida junjikib soat 9:00 gacha kutishlari kerak. Tabiiyki, dars tushki 13 atrofida tugaydi. Avtobus esa soat 17:00 dan o‘tib kollej yoniga yetib keladi. Endi ularda ikki yo‘l bor: to‘rt soat avtobusni kutib turish, yoki 10 k/m.dan ziyod masofani piyoda bosib o‘tish. Ular ko‘pincha ikkinchsini tanlashardi. Birinchi kursni tugatar-tugatmas sinfdagi o‘n o‘gil boladan to‘rtov Rossiyaga ketdi. Ko‘pchiligi yana repetitorga. Keyin qolganlari ham deyarli kollejga bormay qo‘ydi. Oyda bir-ikki marta ko‘rinib tursa bas. Lekin paxta mahali hammasi terimga borishi shart, yoki o‘rniga biror kimni yuboradi.
Ular biz ikki shaharlikka havas bilan qarashar, ammo bizning ham ahvolimiz ulardan kam emasdi. 3 oyga yaqin paxta terimi. Bizning shtabni shaxsan viloyat hokimi kelib nazorat qilar, 80 kilogramm normani bajarmaganimiz uchun necha marta bo‘ralatib so‘kkani, kollejimiz kunlik rejani yaxshi bajarmagan paytlari yarim kechasi o‘qituvchilarimizni traktor faralari yorug‘ida tonggacha paxta terdirgani, keyin ular bor g‘azabini bizga sochgani kechagidek yodimda. Paxtaga bormaslik uchun ko‘richaklarini kasal bo‘lmasa-da kestirgan kursdoshlarimiz ham bo‘lgan.
Endi o‘quv jarayonidan eshiting. Ustozlarning ko‘pchiligining bilm darajasi sifatga javob bermas, yaxshilab surushtirsangiz universitetga pul bilan kirib, pul bilan tugatgan bo‘lib chiqardi. Sinfdoshlarim o‘qiydigan kollejdan farqli o‘laroq bizniki shahar markazida bo‘lgani bois tartib qattiq. Davomat va formaga jiddiy qarashardi (bilim berishga emas).
O‘sha paytlar ustozlarimizning oylik maoshi 700 ming so‘m atrofida. Oshib borgan taqdirda ham 1 millionga yetmasdi. Biz talabalar kollej atrofidagi hovlilarda ijarada turar, bitta xonada 6-7 kishigacha siqilib yashasak-da har birimiz oyiga 80-90 ming so‘mgacha ijara haqi to‘lardik. Ko‘p qavatli uylardan ikki xonalisini ijaraga olish o‘sha paytlari 600 mingdan boshlanib, 1 milliongacha yetardi. Endi tasavvur qilib ko‘ring, siz shu kollejda ishlasangiz-u, shaharda uyingiz bo‘lmasa, oilali, ustiga-ustak ikki-uch farzandingiz bor. Olayotgan maoshingiz ijara uyingiz haqini to‘lashga zo‘rg‘a yetadi (shunday sharoitdagi ustozlarimiz ko‘pchilik edi. Pulni tejab qolish uchun tushlik qilmay, uzoq masofadan piyoda qatnaydiganlarini-da bilaman). Endi nima qilasiz? Yo qo‘shimcha ish topib, o‘quvchilarga bilim berishni ikkinchi darajaga qo‘yish kerak (orada qog‘ozbozliklar-u turli tadbirlar borligini aytmay qo‘yaqolay), yo u-bu sabab topib, o‘quvchilarning o‘zidan pul undirasiz. Har ikki holda ham jabr ko‘radigan o‘quvchilar. Qo‘shimcha ishda ishlaydigan ustozlar darsga bee’tibor bo‘ladi, ikkinchi holatda esa baribir pul beramiz-ku, deya o‘quvchilarning o‘zi o‘qimay qo‘yadi. Shunday vaziyatda ham bizga butun mehrini berib dars o‘tguvchi, fidoiy ustozlar ham yo‘q emasdi, albatta.
Kollejni besh bahoga tugatdim (maktabni ham). Endigi navbat universitetga. Repetitorga bormaganman. Adabiyotga qiziqqanim bois, shu sohadagi oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirdim. 12 yil o‘qib kirish imtihonida olgan balimni aytishga uyalaman. Umuman maktab ko‘rmagan, tavakkalchi ham testni mendan ko‘proq ishlagan bo‘lardi. Universitetga kirolmagan abituriyent urushda mag‘lub bo‘lgan askar bilan barobar. Har tarafdan ta’na-yu malomat yog‘iladi. Hayot to‘xtab qoladi. Endi bu noma’qulchilikni oqlash uchun Rossiyaga yo boshqa bir joyga mardikorlikka borib, pul topishing kerak, yo‘qsa shu bosim ostida repetitorga borib tayyorlanasan. Tanish-bilishlarning “Ha, o‘qishga kirolmadingmi” degan gaplarini eshitmaslik uchun odamlarning ko‘ziga tashlanmaslikka harakat qilasan. Mardikor bo‘lmaslikning yagona yo‘li o‘qishga kirish.
Shaharga ketib qoldim. Uydagilar meni repetitorga boradi, deya o‘ylashdi. Orqamdan yil davomida pul ham yuborib turishdi. Bolaligimdan u-bu narsa qoralab yurardim. Shu sabab men uchun “o‘quv markazi” Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi bo‘ldi. Otam repetitor uchun jo‘natgan pullarni kundalik ehtiyojlarimga sarflab, yetmaganiga kafelarda, novvoyxonalarda, mardikor bozorida ishlab yurdim, shu zayl yana bir yil o‘tdi. Bu gal ham o‘qishdan yiqildim. Endi bosim yana-da ortdi. O‘zimga yarasha katta orzularim bor. O‘qishga kirmasam, ularni mardikor bozori, yo cho‘pon kaltagiga almashishim kerak. Afsuski, repetitorga borishni ham jinim suymasdi. “To‘tixona” deb kulib yurardim shu paytlari. Ikkinchi yil ham o‘qishdan yiqilgach hamqishloqlarim qatnaydigan qo‘shni tumandagi “To‘tixona”ga borishga majbur bo‘ldim. Endi nima bo‘lganda ham qattiq o‘qiyman.
O‘quv markazlarini “To‘tixona” deb haq ta’riflagan ekanman. Aslida undan battarroq ham ekan. Bu yerda tushunishing shart emas, kitobda qanday yozilgan bo‘sa, shundayligicha yodlasang bo‘ldi. Yodlab bo‘lgach, test tutqazishadi: “Falon asardagi pistonchi qahramon qo‘sh tabaqali eshikdan qay holda chiqdi?
A) o‘ng oyog‘i bilan B) chap oyog‘i bilan D) chiqmadi E) barcha javoblar to‘g‘ri”.
Savolni biroz bo‘rttirgan bo‘lishim mumkin, ammo aslida ham shunday. Agar xato belgilab qo‘ysang “shuni men tanlagan variantga o‘xshatib yozsang bo‘lmasmidi” deb asar muallifining yetti avlodini bo‘ralatib so‘kasan. Berilgan savolning asar mazmuniga umuman aloqasi yo‘q. Badiiy asarni hamma har xil tushunadi. Ammo o‘qishga kirish uchun erkin fikrni-ku qo‘yatur, butunlay o‘ylab ko‘rishni ham unutishing kerak. Faqat yodlash-faqat yodlash, tamom.
“To‘tixona”da meni hayratga solgan narsa shu bo‘ldiki, u yerda “ilm” olayotganlarning ko‘pchiligida maqsad yo‘q. Ya’ni qayerga o‘qishga topshirishini ustoz hal qiladi. Qiziqish, biror kasbni sevish ular uchun yot tuyg‘u. Qayerga bo‘lishidan qat’i nazar, eng muhimi, o‘qishga kirsa bo‘ldi (yuqorida men aytgan bosimdan keyin abituriyentning shu ahvolga kelishi tabiiy, aslida). O‘zi qiziqmagan yo‘nalishda ta’lim olgan talabaning kelajagi nima bo‘ladi? Xudo ko‘rsatmasin o‘qituvchi bo‘lsa, uning qo‘lida tarbiya oladigan bolalar-chi?
Universitetga kirgach kursdoshlarimning deyarli 90 foizi sohaga umuman begona ekanligini ko‘rdim. Boshqacha bo‘lishi ham mumkinmi? Axir ular ham osmondan tushgan emas. Men bilgan abituriyentlar kabi o‘quv markazlaridan kelgan. Ularning-da eng yuqori maqsadi dunyoda tengi yo‘q olim bo‘lish, yangi ixtirolar yaratish, eng zo‘r o‘qituvchi bo‘lib millat kelajgini tarbiyalash emas, qayerga bo‘lsa ham o‘qishga kirish bo‘lgan. U yog‘i bir gap bo‘lar. Eng qizig‘i, universitetdagi ustozlarning ham ko‘pchiligi to‘ti boqishga mukkasidan ketgan ekan. Yodla, aytib ber, tamom. Kursdoshlarimdan farqliman deb aytolmayman, chunki men ham ular qatori namunali to‘timan. Sayramayman deyman-u, otam ming azobda to‘layotgan kontrak pullarini o‘ylayman. Menga o‘xshaganlar jamiyatimizda ozchilik emas.
Hurmatli janob, millatning jon tomiri — ta’lim. Men sizga unga tushgan “yolg‘on” atalmish virusning birgina ko‘rinishiga misol keltirdim. Aslini olganda u ming xil qiyofada namoyon bo‘ladi. Yana yolg‘onga o‘xshagan viruslar oz deb o‘ylaysizmi? Umumiy befarqlik keltirib chiqaruvchi, ko‘ngilni bozorga aylantirgich, g‘urur, tuyg‘u, vatan… hamma-hammasini yamlamay yutuvchi, oxir-oqibat insonning o‘zini-da virus qiyofasiga keltirguvchi, eh-eee! Ularning turlarini sanamay qo‘yaqolay.
Bu viruslar qachon paydo bo‘lganini bilmayman. Chunki men shu viruslar ichida tug‘ildim va yashayapman. Bularning-da tojdor virus singari qachon yo‘qolishi va davosi noma’lum. Ehtimol, barchamiz ular haqida tasavvurga ega bo‘lsak, bu viruslar tushishi mumkin bo‘lgan joylarni (ko‘ngildir, balki ongdir) xuddi niqob taqqanimiz, masofa saqlaganimiz, qo‘llarimizni qayta-qayta yuvgan kabi ulardan himoyalanishning-da yo‘llarini toparmiz. Nima bo‘lganda ham butun bir millat bexabar qolib ushbu viruslarning qurboni bo‘lmasa bas.
Hamma har xil ko‘radi, tushunadi, anglaydi. Har insonning istaklari, orzu-armonlari, o‘zi mutlaq to‘gri deb bilgan haqiqatlari bor. Men-da shu buyuk millatning yaxshi yoki yomon, fikrli yoki kaltafahm, baxtsiz yo baxtiyor farzandi sifatida o‘z fikrimni aytdim. Xohlang jilmaying, xohlang bo‘ralatib so‘king… uyog‘i ixtiyoringiz.
Humoyun QUVONDIQOV