Qishloq o‘quvchilarining aybi bormi?
Ko‘plab ustozlarni qiynab kelayotgan masala haqida yana gapirmoqchiman. Yana deganimga sabab bu mavzu ko‘p bor aytilgan, lekin e’tibor qaratilmayotgan muhim mavzudir.
Olot tumanidagi 24-umumta’lim maktabimiz hududdagi eng kichik ta’lim muassasasi bo‘lib, unda bor-yo‘gi 9 ta sinf mavjud. Har bir sinf 1 tadan (parallel sinf yo‘q). Oldingi yillarda 1-sinfga ko‘pi bilan 27–30 nafar o‘quvchi qabul qilingan. Hozirga kelib oilalarimiz poytaxtga yoki boshqa hududlarga ko‘chib ketishi sabab o‘z-o‘zidan sinflarda o‘quvchi soni ham kamaydi. Ayniqsa, 7- va 9-sinflarda o‘quvchilar ancha qisqardi.
Yuqori sinflarda ayni o‘quvchilarning “men”i shakllanadi. Bu davrda ularga har doimgidan ham ko‘proq e’tibor kerak. Ularni darslarga qiziqtirish o‘qituvchidan mahorat bilan birga yetarli sharoitlar ham talab qiladi. Texnologiya o‘qituvchisi sifatida o‘quvchilarning fan bo‘yicha bilimlarini oshira olmayotganimdan yozg‘iraman. Nega dersiz, chunki kichkinagina maktabimizda bunga sharoit yetarli emas. Vaziyat yildan yilga tobora qiyinlashib bormoqda. Sinfda kam o‘quvchi qolgani sabab texnologiya fani ham (boshqa asosiy fanlar ham) bo‘linmay o‘tilsin degan qaror chiqdi. Mening fanimdan 45 daqiqa davomida bitta xonada yigit va qizlar bilan bir vaqtda mashg‘ulot olib borish mushkul. Qizlarga pishir-kuydir, tikish-bichish mavzulari o‘tilsa, o‘g‘il bolalarga duradgorlik, qishloq xo‘jaligi va boshqalar o‘rgatilishi lozim. Ammo imkonimiz chegaralanmoqda. Qishloqlarda o‘quvchilar asosan kasb-hunar egallaydi. Shuning uchun ham texnologiya fanining ahamiyati yuqori.
Biz doim shahar maktablari, poytaxtdagi ta’lim maskanlariga havas qilib kelganmiz. Qaniydi, ulardagi sharoitlarning hech bo‘lmaganda o‘ndan biri bizda bo‘lsa… O‘qituvchilar ham jon kuydirib dars o‘tardi, o‘quvchilar ham yayrab bilim olar edi. Afsus… Bilim olaman, kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘laman, deb ko‘zlari yonib turgan o‘quvchilarga darslikdan boshqa yangi bilimlar bera olmaymiz. Ota-onasining kasbi taqozosi bilan shaharlarga ko‘chib ketgan sobiq o‘quvchilarimning kelajagini o‘ylab qancha xursand bo‘lsam, sinfda kamayib qolayotgan, bor imkoniyatlardan ham mahrum bo‘layotgan o‘quvchilarimni o‘ylab dilim og‘riydi.
― Ustoz, falon dugonamizning yangi maktabida chiroyli kiyimlar tikib, turli xil buyumlar yasarkan, alohida texnologiya xonalari bor ekan. Hatto ularda tikish mashinasi va gaz pechlari ham bor ekan.
Bu gaplar yurak-yuragimdan o‘tib azob beradi.
Har gal yozaman-u baribir mendek oddiy qishloq o‘qituvchisining dilidagi gaplar kimga ham qiziq bo‘lardi deyman. Lekin shunchaki havasga gapirmayman. Yuragim og‘riganidan, o‘quvchilarga chin dildan achinib gapiraman.
Hozir zamon o‘zgardi, qarashlar o‘zgardi. Ta’limdagi barcha yangiliklar va islohotlardan xabarimiz bor. Ommaviy axborot vositalarida so‘nggi o‘zgarishlar aytilayotgan chiqishlar, yangilanayotgan ta’lim deya bong urishlarga ko‘p ham e’tibor qilmayman. Noshukurlikka yo‘ymang. O‘qituvchilar hayotidagi o‘zgarishlardan quvonaman. Ammo o‘quvchilar-chi?! Yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga chiqdi. Lekin hamma yangiliklar faqat poytaxt va shaharlarda qolib ketmoqda. Qishloqda tug‘ilgan bolalarning aybi bormi? Ular shahar maktablaridagi kabi sharoitlarga arzimaydimi? Yoshlar bizning kelajagimiz, deya qayta-qayta gapiramiz. Kelajak egalaridan yaxshi natija kutishdan oldin shunga munosib imkonyat yaratib berishimiz kerak emasmi?
Nargiza BEKNAZAROVA, Olot tumanidagi 24-maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi
Ushbu maqola gazetamizning 24-yun 21-sonida nashr qilngan. Ushbu maqolaga Olot tumani hokimligining matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi. Munosamatni gazetamizning telegramdagi kanali(@marifatziyo)da o‘qishingiz mumkin.