Darslikdagi xatolar chalg‘ityapti
8-sinf uchun Muhammadjon Qodirov, Hamid Ne’matov, Muhabbat Abduraimova, Ra’no Sayfullayeva, Baxtiyor Mengliyev hammuallifligidagi 8-sinf “Ona tili” darsligining avvalgilaridan farqi shundaki, unda asosiy e’tibor grammatik qoidalarnigina o‘zlashtirish emas, balki o‘quvchilarda ijodiy, tanqidiy fikrlash, matndan zarur ma’lumotlarni izlab topish, tahlil qilish, hayotiy muammolarni hal qilish singari kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan.
Bu esa O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib PISA xalqaro dasturi reytingida jahonning 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishida ona tili fanidan o‘qish savodxonligini oshirishda yordam beradi.
Men darslik mazmuni emas, unda uchrayotgan ayrim kamchiliklar yuzasidan fikrimni bayon etmoqchiman. Darslik o‘quvchiga dars jarayonida va uyda mavzularni o‘zlashtirish uchun muhim yordamchi sanaladi. Shu sababli undagi kamchiliklardan ko‘z yumib ketolmadim. Dars jarayonida o‘quvchilar savollar bilan murojaat qilgan kamchilik va xatoliklardan ayrimlarini keltirib o‘tmoqchiman.
Darslikning 39-betida uyga vazifa sifatida Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr» asaridan «Talab vodiysi» matni berilgan. Mashq topshirig‘iga ko‘ra, o‘quvchilar matndagi ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning izohini topishi kerak. Vaholanki, bu mumtoz matnda o‘quvchilar uchun hech qanday so‘z ajratib ko‘rsatilmagan. Navoiy asarlari tilini tushunmagan o‘quvchi gap aynan qaysi so‘z haqida ketayotganini qanday anglaydi?
29-darsda xuddi shu «Talab vodiysi» matni keltirilib, 75-mashqda yana ajratilgan so‘zlarning izohini toping,
deyilgan. Biroq ajratib ko‘rsatilgan «mash’uf» so‘zining izohi matn ichida yo‘q.
31-dars 41-topshiriqda ham xuddi shunday holatga duch kelamiz. «Tilshunos va qayiqchi» matni asosida 42-topshiriq shartida matndagi ajratilgan so‘zlarning ma’nosini aniqlab, lug‘at daftariga ko‘chirish topshirilgan. Lekin matnda birorta ajratilgan so‘z yo‘q.
Xuddi shunday holat 50-darsda berilgan «Behuda so‘zdan sukut afzal» sarlavhali matnda ham takrorlanadi.
52-, 53-darslarda esa 96-topshiriqda berilgan «Ohanglarga yo‘g‘rilgan so‘zlar» matni
berilgan bo‘lib, shu matn asosida 97-topshiriq va 117-mashq bajariladi. 98-topshiriqda esa shunday shart qo‘yilgan: matnda ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning antonimini quyidagilar orasidan aniqlang va eslab qoling: beaql, mug‘ombir, to‘g‘riso‘z, omadsizlik, zarar, xafa bo‘lmoq, diyonatli, uzun, xiyla, sadoqat, mukofotlamoq. Bu topshiriqda berilgan so‘zlar matnga umuman mos emas. Biz darslikning elektron variantini ko‘rib chiqsak, topshiriq uchun butunlay boshqa matn berilgan ekan. O‘quvchilarning qo‘liga shu matnni printerdan chiqarib berib, mashqni ishlatdik. Darslikning elektron variantini topolmagan yoki u boshqa matn ekanini bilmagan o‘qituvchi va o‘quvchilar bu mashqni qanday bajardi ekan?
Barno ALIBOYEVA, Do‘stlik tumanidagi 10-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi