Grammatikaga yem bo‘lgan o‘zbek tili
Kasbim taqozosiga ko‘ra, har yili yangi o‘quv yili boshlandi deguncha 20–25 talabani olib “adabiyotchi” sherigim bilan maktabga ravona bo‘lamiz. Bu jarayonning nomi ko‘pchilikka yaxshi tanish: amaliyot. Oliy dargoh auditoriyalarida uch yil o‘tirgan talabaning maktab hayotiga ko‘nikishi boshida biroz qiyinroq kechadi. Keyin maktab izdihomi amaliyotchi talabani ham, amaliyotchi ustozlarni ham o‘z izmiga solib oladi. Maktab o‘qituvchilarining darslarini kuzatgan talabalarning birida hayajon, birida tajanglik…
Amaliyotchi talabalar asta-sekin sinfxonalarda dars o‘tishni boshlashadi. Tanish manzara: talabalarimiz ko‘proq adabiyot darslarini o‘tishga talabgor bo‘lishadi va odatda buni durustgina uddalaydilar. Ammo ona tilidan (ham) dars o‘tish rejasidan chiqib ketisholmaydi.
A’lochi, tabiatan jiddiy talabam Nozimaxon 5-sinfda ona tili darsini o‘tyapti. Doskaga mavzu yozilgan: “Kesim. Fe’l kesim va ot kesim”.
Amaliyotchi talaba dars uchun puxta tayyorgarlik ko‘rgan: dars mazmunini yozib (fan o‘qituvchisi, metodist o‘qituvchi, maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, fan bo‘yicha sho‘ba raisi, kursdosh opponentiga) imzo bilan tasdiqlatgan. Ko‘rgazma tayyorlagan. Tarqatma materiallari ham bor. Kursdoshlari bilan texnik vositalarni ham tayyorlashibdi… Naq 8 nafar o‘qituvchi-yu bo‘lajak muallim-u muallimalar ko‘zimizni tikib, jiddiy qiyofada tahlil daftarni qoralab dars kuzatyapmiz. O‘qituvchi fe’l kesim va ot kesim haqida ma’lumot beradi… Misollar aytadi. Ko‘rgazmadan ko‘rsatadi… Endi navbat o‘quvchilarga keladi. Ular darslikdagi mavzu ostida berilgan 2-3 topshiriqni bajarib berishlari kerak. Topshiriqlar ham oddiy: Berilgan gaplar tarkibidan fe’l kesim va ot kesimni toping.
O‘quvchilar navbat bilan gaplarni o‘qiydilar: Karimning onasi — shifokor.
O‘qituvchi o‘quvchini dadil so‘roqqa tutadi:
— Xo‘sh, bu gapda kesim qani?
O‘qituvchi hozirgina kesim gapning oxirida kelishini uqtirgani “foyda beradi”.
— Shifokor, — deydi o‘quvchi.
— Barakalla. Xo‘sh, bu fe’l kesimmi, ot kesim?
— Fe’l kesim.
O‘qituvchining qoshlari chimiriladi. Uning avzoyiga qarab o‘quvchining javobi o‘zgaradi.
— Ot kesim.
Yana misollar o‘qiladi: Qovun shirin. Ikki o‘n besh — bir o‘ttiz.
Bola bechoralarning eng a’lochilari zo‘rg‘a chiranib fe’l bilan otning kesim vazifasida kelishini tushunganlarida muammo paydo bo‘ladi. Shirin so‘zi sifat bo‘lsa, o‘ttiz so‘zi son bo‘lsa… Yana o‘qituvchi “Ikki o‘n besh — bir o‘ttiz” gapida bir o‘ttiz kesim ekanligini “qistirib qo‘yadi”.
Kamiga misollar tarkibida she’riy parcha ham bor ekan: Keldi bahor, gulbahor, Erib bitdi oppoq qor…
— Gapning kesimi qani? — savolini takrorlaydi ko‘zlari tim qora “yangi ustoz”.
— Qor, — deydi o‘quvchi yuqoridagi “tushuntirish”ni eslab.
Endi “yangi ustoz”ning tim qora ko‘zlari o‘t bo‘lib qadaladi.
O‘quvchi gap tarkibidagi har bir so‘zni “kesim” deb ko‘radi… “bitdi” so‘ziga borganda o‘qituvchining chehrasi yorishadi. Bolalar zerikishadi. Kattalarning esa ikki baravar ko‘proq zerikishgani dam-badam “ovozi o‘chirilgan” telefon soatiga qarashlaridan seziladi. Bolalar gaplarni o‘qiganda, mazmunini tushuntirganlarida, doskada yoki daftarga yozganlarida, o‘yin-topshiriqni bajarganlarida “jonlanishadi”. Biroq gap tarkibidan fe’l kesim va ot kesimni topish qiyinligicha qolaveradi…
Bir bolaga qarab xayolga tolaman. Eh, bolajonim. Hali bu mavzuning davomida sodda fe’l kesim, murakkab fe’l kesim; to‘liq kesim, noto‘liq kesim; sodda ot kesim, murakkab ot
kesim, bog‘lama; kesimning turg‘un birikmalar bilan ifodalanishi, kesimning ajralmas birikmalar bilan ifodalanishi kabi qator mavzular borligini va bu “aqli toshgan kattalar” sen istaysanmi, yo‘qmi, baribir, seni ona tili darslari orqali “tilshunos”ga aylantirmoqchi ekanliklarini bilmaysan. Murg‘ak qalbing bu zadalikdan qochishga undaydi seni. O‘zingni chet tili darslari bag‘riga otasan. Chunki u darslarda sen uchun so‘z olami ochiladi: so‘z yodlaysan, so‘zning ma’nosini tushunasan, o‘zga tilda kuylaysan, she’rlar yodlaysan, dialoglar tuzasan… Izingdan grammatika balosi quvib yetmaydi…
Mabodo, senda tilshunos bo‘lish istagi paydo bo‘lsa ham, oldindan tayyorlanib qo‘y: biz maktabda alohida, litsey-kollejda alohida, oliy ta’limda alohida grammatikalarni o‘qitamiz va ular mantiqan bir-birini rad etib turadi.
Qo‘ng‘iroq chalinadi. Hammamiz chuqur tin olamiz: xayriyat. Men sinf o‘quvchilarining ham, amaliyotchi talabamning ham ko‘zlariga qarashga uyalaman.
Dilorom YO‘LDOSHEVA, BuxDU dotsenti