Shovotlik yoshlar taqdirlandi
2019-2020-o‘quv yilida Xorazm viloyati Shovot tumanida jami 1990 nafar o‘quvchi 11-sinfni bitirib, shundan 1677 nafar o‘quvchi oliy ta’limda o‘qish istagini bildirgan.
Kuni kecha Shovot tuman hokimligida o‘zining namunali xulqi va barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qishi, jamoat ishlarida faolligi, tumanimiz sharafini munosib himoya qilishda o‘zining bebaho bilimi, iqtidori va ijodiy izlanuvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan 22 nafar oltin va kumush medal sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Shovot tumani xokimi Xakimboy Otaxanov qatnashdi va medallarni o‘z egalariga taqdim qildi. Hokim o‘z so‘zida medal sohiblariga, ularga ta’lim bergan o‘qituvchilarga hamda ularning ota-onalariga minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsuda Xolmetova 22 nafar medal sohiblariga Shovot tuman xalq ta’limi bo‘limining tashakkurnomalarini topshirdi.
Tadbirda fan o‘qituvchilari va ota-onalar ham ishtirok etishdi. Aida Anvarbekovaning onasi Barchinoy Sotimova so‘zga chiqib, bitiruvchilarni qutladi.
Hukumatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar ota-onalarni ham xursand qilayotgani, farzandlaridan umidlari katta ekani haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Tumanimizning faxri bo‘lgan bu yoshlarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir barchaga manzur bo‘ldi.
Dilfuza MATNIYOZOVA,
Shovot tumani boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha metodist o‘qituvchi