Ona tili va adabiyot qanday o‘qitilyapti? kim o‘qityapti?
Qodiriyning tilimiz va adabiyotimiz takomili uchun yozgan asarlarining mag‘zi, Avloniyning ta’lim va tarbiya borasidagi dardli qayg‘urishlari — bularning hammasi yosh avlodga oddiy alla ohangida o‘qitilm asligi kerak. Jarangdor ovoz, shijoat, g‘ayrat, g‘urur bilan ajdodlarning shu til, adabiyot taraqqiyotiga qo‘shib ketgan hissasi o‘quvchilarga birma-bir uqtirilishi lozim.
O‘quvchimiz, talabalarimiz, ayrim madaniyat xodimlari, san’at ahli tilimizni, buyuk bir millat hisoblangan xalqimizning asrlar osha e’zozlab kelgan qadriyatlarini oyoqosti qilib turgan, tadbirkorlarimiz o‘z ona tilini nazar-pisand qilmay, xorijiy so‘zlarga ishqiboz bo‘lib turgan ekan, demak, bizning yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq qiladigan ishlarimiz hali ko‘p.
Navoiy, Bobur, Qodiriy, Fitrat, Avloniy kabi millat fidoyilarining avlodlari bo‘lsak-da ko‘pchiligimizda shijoat yo‘q. O‘quvchiga, talabaga, farzandlarimizga Vatan, milliy til, milliy g‘urur, milliy adabiyot nima ekanligini o‘rgata olmayapmiz. “Ona tilim” degan she’rni bayram kunlari aytib berish bilan ish bitmaydi. Oiladagi tarbiya ham Avloniy ta’kidlagani kabi islohga muhtoj. Ota-onalarimiz o‘z farzandlarining til va adabiyotga, Vatanga munosabatlarini bilib qo‘ysalar foydadan xoli bo‘lmaydi.
Milliy til va adabiyotni o‘rgatayotgan hurmatli o‘qituvchilarimizning o‘zlari millatparvar bo‘lmas ekan, til, adabiyot uchun kuyib yonmas ekan, vatanparvarlik, sadoqat va mas’ullik haqida orzu ham qilib bo‘lmaydi. Fidoyi o‘qituvchilarimiz soni juda ham kam. Ustozlarki, o‘z shogirdlari qalbiga cho‘g‘ sola olmas ekan, bizda bu harakatsizlik, beparvolik, erinchoqlik, loqaydlik davom etaveradi. Maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida ko‘zlari yonib turgan yoshlarimiz ko‘p, ularning shijoatini ayrim no‘noq o‘qituvchilar, zamon talabiga javob bera olmaydigan o‘qitish metodikasi, sifatsiz darsliklar so‘ndirib qo‘ymoqda. O‘qituvchilikka yuragida o‘ti bor, shijoatli, xalq dardini his etadigan, insonparvar, millatparvar kishilar ishga olinishi kerak. Bizda shu paytgacha oliy o‘quv yurtlarining aksariyat qo‘lidan boshqa ish kelmaydigan eng no‘noq bitiruvchilari maktablardan dars olib, kun o‘tkazib kelmoqda. Nega maktab bitiruvchilarining ko‘pchiligi filologiya, ona tili va adabiyot yo‘nalishlarini (juda kam abituriyent shu sohani yoqtirgani uchun) tanlaydi? Ba’zilari bu fanlardan dars soatlari ko‘pligini, har doim ish topilishini inobatga oladi. Mayli, bunga ham e’tibor qilmaylik, ayrimlari oson fanlar deb o‘ylaydi, lekin mas’uliyati og‘irligini tasavvur ham qila olmaydi, chunki hech kim ma’lumot bermaydi. “Filologiyani bitirsa, turli sohalarda ishlay oladi, hech bo‘lmasa, maktabda muallim bo‘ladi” degan eskicha qarash bu fanlarni shu holga olib keldi. O‘qituvchilikka ham alohida qobiliyat bo‘lishi kerakligi esimizga kelmaydi. Zero, ona tili barcha fanlarni o‘rganish asosi, adabiyot inson qalbining, tafakkurining muhandisidir. Mana shu vazifani uddalay olaman, degan mard marhamat qilib o‘qituvchilik qilaversin!
Ona tili darslarida o‘quvchi nimalarni o‘rganmoqda? Yaqin o‘tmishda ham 5-6 yoshidayoq Qur’on va hadislarni, uzundan uzun g‘azallarni yod olgan buyuk ajdodlarning avlodlarimiz, biroq maktablarimizda bola psixofiziologiyasiga to‘g‘ri kelmaydi, deb hali ham 12-13 yoshli o‘quvchiga
“Qalin og‘ayni Omon va Eson, Bir xil yoshdadir eson va omon”…
yoki
“Lola chiqdi gulboqqa, Ertalab gul termoqqa” kabi she’rlarni o‘rgatib o‘tirsak, o‘quvchiga qachon vatanparvarlikni, sha’n, oriyat va g‘urur nimaligini o‘gatamiz? 4-5-sinflarda o‘quvchi xotirasi umri davomida foydalaniladigan asosiy ma’lumotlarni eslab qoladi. Yuqori sinflarda eng muhim she’rlar berilgani bilan ularni o‘quvchi ko‘p hollarda yodlab qola olmaydi. Nega maktablarning yuqori sinflarida Shavkat Rahmonning:
Hali hech narsani uddalamadim,
hali hech kimsani qilmadim rozi.
Behuda o‘tibdi go‘zal umrimning,
qanchalar chiroyli bahori, yozi.
Farog‘at borligin unutib qo‘ydim,
bag‘rimga chaqinlar tegdi, daf'atan.
Sendan-da ulug‘roq narsa yo‘qligin,
sochim oqarganda angladim, Vatan!...
misralariga o‘xshagan hissiyotni junbushga keltiradigan, tafakkur qilishga undaydigan she’rlarni yod oldirmaymiz, ona tili darslarida matn tahlili bilan shug‘illanmaymiz, muhokam qilmaymiz?..
Adabiyot darslari interaktiv bo‘lsin degan umidda yangilik ketidan quvib mashg‘ulotlar o‘yinga aylantirib qo‘yilgan. O‘qituvchi tomonidan tashkil etilgan noan’anaviy darslarning asosiy qismini shoirning hayotiy faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar egallaydi. Bir ijodkorning qayerda tug‘ilgani, qayerda o‘qigani, qayerda ishlagani, qaysi janrlarda qancha asar yozgani muhim emas, yozuvchi yozgan asari uchun darslikka kiritiladi. Shuning uchun darsning dastlabki daqiqasidanoq asarga o‘tib ketilishi kerak. Nega adabiyot muallimi, darsni tanlangan asardagi hal qiluvchi jumla, yoki shohbaytni yod aytish, yoki doskaga yozib qo‘yish, yo bo‘lmasa, proyektorga chiqarib shuni sharhlashdan, o‘quvchining shunga mustaqil munosabatini bilishdan boshlamaydi? Biz o‘quvchilarni adabiyotga olib kira olmayapmiz, holbuki, aksariyat o‘qituvchilarimizning o‘zlari hali ham badiiy asarning ichiga kira olmaydi. Adabiyot va ona tili fanlaridan, ko‘pincha, bir o‘qituvchi dars o‘tishini inobatga olsak, iste’dodli, fidoyi o‘qituvchi ona tilida o‘tilgan mavzularni adabiyot, va aksincha, adabiyotda o‘qitganlarini ona tili darslarida mustahkamlaydi, bilimlarni integratsiya qiladi. No‘noq o‘qituvchi esa, na tilni o‘rgatadi, na adabiyotni.
Shu o‘rinda yana bir katta muammo bor. Malaka oshirish institutlarida, markazlarda o‘qituvchilarimiz mutaxassislikdan yetarli malaka oshira olmaydi. Informatika, pedagogika, chet tili va me’yoriy hujjatlar bo‘yicha test yodlash bilan vaqt o‘tkaziladi. Ayniqsa, Respublika miqyosida malaka oshirish markazlarida ona tili, o‘zbek tili fanlarini o‘qitadigan, zamonaviy metodikani o‘rgatadigan mutaxassis yo‘q hisobi. Bu masala o‘ylab ko‘rilishi kerak, zero, filolog bilan metodist-olimning farqi bo‘ladi. Juda qo‘pol o‘xshatish bo‘lsa-da, filolog mutaxassislar mashinani sozlovchi ustalar bo‘lsa, metodistlar mashinadan qanday foydalanish, uni qanday boshqarish, yurish qoidalarini o‘rgatadi. Mana shu farqni anglamas ekanmiz metodikada o‘zgarish bo‘lmaydi, ta’limda ona tili va adabiyot o‘qituvchilarimizning mahorati ham oshmaydi, chunki mashinani boshqarishni o‘rgangani kelgan kishiga sozlashni o‘rgatish, texnikaning ichki tuzilishi haqida ma’lumot berish noto‘g‘ri.
Maktablarda ona tili va adabiyot murakkab bir fanga aylanib qolgan, aslida ona tili qadriyat, adabiyot esa san’at darajasida o‘qitilishi kerak, shunda o‘quvchi-yoshlar tilni e’zozlaydi, adabiyotni sevib qoladi, zavqlanadi, asar mutolaasi, muhokamasi hayot tarziga aylanadi, natijada uning tili ham ravonlashib, nutqi boyib boraveradi.
G‘ofir HAMROYEV, Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori