Ta’limning boshlang‘ich bosqichi
Bola tarbiyasi hamisha yetakchi mavzulardan biri bo‘lib kelgan. O‘zini hurmat qilgan va kelajagiga bee’tibor bo‘lmagan inson borki, farzandining tarbiyasi, ta’lim olishi va kasb-kor egallashiga befarq bo‘lmaydi. Tan olish kerak, bundan 15–20 yillar avval bola tarbiyasi va ta’lim olishi borasidagi tushunchalarimiz biroz boshqacha edi.
Zamonning shiddatini qarangki, bugunning bolalari bog‘cha yoshidanoq o‘qish-yozish va chizishni o‘rganib maktabga bormoqda. Bu juda quvonarli hol. Chunki inson miyasi ma’lumotlarning 70 foizini aynan 5 yoshga qadar qabul qiladi. Bu muddat garchi bolalik sho‘xliklari bilan tutashib ketsa-da, ota-onalar va tarbiyachilardan katta mas’uliyat va ehtiyotkorlikni talab etadi. Xo‘sh, boladagi qobiliyat kurtaklarining bo‘y cho‘zishi uchun nimalarga e’tibor berishimiz kerak?
Bola tarbiyasi bilan bog‘liq muammoga duch kelmagan odam yo‘q. Bunday muammolarni hal etishda har kimning o‘z yo‘li, uslubi bor. Biroq oddiy vaziyatlarda ham to‘g‘ri qaror qilolmay farzandi va o‘zi orasidagi munosabatga shikast yetkazib qo‘yadigan kishilar bor. Yoki birdaniga so‘nggi choraga ― bolani jazolash, hatto kaltaklashga chog‘lanadiganlar ham kam emas. Bu esa bolaning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, uning aqliy rivojlanishiga, dunyoqarashining to‘g‘ri shakllanishiga zarar yetkazadi.
Zamon shiddat bilan rivojlanayotir. Kecha yangilik deb jar solingan ixtiro bugun ahamiyatini yo‘qotmoqda. Shunday ekan, bolam yaxshi inson bo‘lsin, zamon bilan hamnafas yashasin, desangiz, boshlang‘ich ta’limga ko‘proq e’tibor bering. Ustozlar bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ying.
“Ustoz va ota-ona” degan loyiha asosida hamfikrlikda ish boshlang. Bolaning ovqatlanishidan tortib dars qilishi-yu, ko‘cha, uy, maktab odobigicha, uxlash vaqtidan uyg‘onish soatigacha hamfikrlikda ishlamoq lozim. Dastur asosida ish olib borish va unga qat’iy amal qilish kerak. Bu albatta natija beradi. Avvalgi dars o‘tish va tarbiya berish usulini o‘zgartirishimiz shart. Negadir ongizmizga “Yaxshi ota-ona uy vazifasini bola bilan birga bajarishi kerak”, degan fikr o‘rnashib qolgan. Bu usulni faqat birinchi sinfda bolaga vaqtdan foydalanishni o‘rgatish uchun qo‘llash mumkin. Keyinchalik esa ota-ona bolaga zarur hollarda, o‘zi so‘raganidagina yordam berishi kerak. Uy vazifasini kattalarning o‘zi bajarib berishi mutlaqo xunuk holat. Bolani rag‘batlantirish juda muhim, ammo uni “sotib olish” yaramaydi. Bolaga dars va o‘qish kattalarning ishlashi kabi zarur narsa ekanini yaxshilab tushuntirish lozim.
— Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bilim olishning ahamiyati haqida ertak yo hikoya o‘qib bersa bo‘ladi. Shunda bola ertak qahramonlaridan namuna oladi.
— Bolaning o‘qishiga me’yoridan ortiq jiddiylik bilan yondashish yaramaydi. Maktabda olingan past bahoni haqorat sifatida qabul qilib, undan fojea yasamaslik kerak.
— Doim do‘stini yoki qo‘shni bolani misol qilib keltiraverish ham yaxshimas. Undan ko‘ra bolada raqobat kayfiyatini uyg‘otish samarali.
— Bolaning qiziqishlarini hisobga olib, o`ziga tanlash imkonini qoldirgan holda sport yo san’at to‘garagiga olib borish darkor. Agar u biror to‘garakka bir oycha borib, yoqmaganini aytsa, uni majburlash yaxshimas. Boshqa to‘garak yo ustoz topib bergan ma’qul. Ko‘pchilik orasida bo‘lish bolani odamovilikdan saqlaydi va uni doim olg‘a intilib yashashga undaydi.
— Ko‘pchilik ota-onalar an’anaviy fikrlaydi: yomon o‘qigan universitetga kirolmaydi! Natijani yaxshilashga urinish zarur. Lekin masalaning mohiyati bunda emas. Siz bolaga boshqachasiga ta’sir qilishga urining: aytaylik, ota-onalar majlisida uni maqtashgani sizga yoqqanini, u bilan faxrlanishingizni ayting.
Eng muhimi, bolalar bilim qandaydir oliy maqsadlarga yetishish, yaxshi yashash uchun emas, eng birinchi o‘rinda, yaxshi inson bo‘lish uchun kerakligini tushunib yetsin.
— Bolaning gaplariga ahamiyat bermaslik, uni ko‘p gapirish yoki ezmalikda ayblash yaxshilikka olib bormaydi. Natijada suhbat qurish ishtiyoqi so‘nadi, so‘z boyligi va ijtimoiy zehni sustlashadi.
— Oiladagi nosog‘lom muhit ham bola qobiliyatiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Oila a’zolarining baqir-chaqiri va bir-biriga yomon munosabatda bo‘lishi natijasida bolakay ruhan eziladi. Tortinchoq va qo‘rqoq bo‘lib qoladi.
— Bolaning olam haqida o‘z qarashlari va tasavvurlari bor. Shu bois uning ustidan kulish, chizgan rasmlari yoki qilgan ishini taqdirlamaslik natijasida undagi motivatsiya pasayib ketadi.
Bola borki, hayot munavvar. Qadrli ota-onalar, yana takror aytaman: bolangiz ertaga olim, daho, kashfiyotchi bo‘lishini istasangiz, albatta, o‘qituvchisi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ying. “Ustoz va ota-ona” loyihasini bolangizning qiziqishiga qarab tuzib chiqing.
Unutmang, bola boshdan, degan gap bekorga aytilmagan.
Dilnoz MANSUROVA, Shahrisabz tuman XTB boshlang‘ich ta’lim metodisti