Nemis va fransuz tili o‘qituvchilari tomonidan Sherzod Shermatovga yashirin xat!
Bir necha maqola, tezis, felyeton, dars ishlanmalari muallifiman. Lekin ko‘pam “layk” olavermayman. O‘zim haqimda qisqacha aytmasam, meni tushunishingiz qiyinroq bo‘lishi mumkin. Nemis tilidan dars beruvchi o‘qituvchi Marhaboman. Qishloqda katta bo‘lganman. Bolaligim, ya’ni men aniq eslaydigan paytlar 1991-yildan boshlangan. Mustaqilligimizning ilk shabadalari esgan yillar!
Hali “mustaqillik, erkinlik” so‘zlarini irod qilmagan yillarimiz. Ish ko‘p edi uyimizda, mol-hol, fermer xo‘jaligimizdagi 20–30 gektar yer, undagi bug‘doy, arpa, no‘xat, zig‘irlarni o‘roqda yig‘ib olish — hozirgi yoshlarimiz tasavvuriga ham sig‘masa kerak bunday ishlar. Faqat va faqat ilm meni bu og‘ir mehnatdan ozod aylaydi, deb o‘ylardim. Nemis tiliga mehrim bo‘lakcha edi. Akamga ham ish ko‘p edi. Abituriyent edi. Axborotnomalar ustida uxlab qolardi. Shu testlar qora qalam bilan belgilansa, akam talaba bo‘ladi deb o‘ylab, bittagina, u ham bo‘lsa yirtiq-yamoq grammatika kitobini o‘zlashtirib, testlarni yechib qo‘yardim. O‘qishga tayyorlanishga darslikdan boshqa manbaning o‘zi yo‘q edi. Darsliklarning orqa varaqlarida berilgan lug‘atlarni, vale “tuzatish”larni-da yodlab, mol boqardim. Qo‘ramiz yog‘och ustunlarida hali ham qiyin nemischa so‘zlar yozilgancha turibdi, eslab kulib qo‘yaman.
Hozir “ko‘zlarim faqat sizning ko‘zlaringizdek bo‘lishini istayman” degich, uylariga rasmimni ilgich bolalar ustoziman. Hayotda nimagaki erishgan bo‘lsam, nemis tilini o‘rganganim sababdir.
Nemis tilining maktablardagi taqdiri ommaviy axborot vositalarida ko‘p yoritilgan. Lekin yozgan maqola-yu, muammolarimiz egasiga yetib bormayapti. Nemislarda bir gap bor: “Ba’zi odamlar quloqlari kesib tashlanmaguncha eshitmaydilar”. Alhol, bizning muammo kerakli joyga yetib bormagan, deb yashirin xatimda muhtaram Vazirimiz bilan sirlashgim keldi. Dardlarimni Vatanini jondan sevadigan, mehri ham, muhabbati ham kasbi uchun sovrilgan bir ustozning ichki kechinmalari deb to‘g‘ri qabul aylashingizni istab qolardim.
— Yur, bog‘larni kezamiz! — desalar, — O‘qib olay, keyin... — derdim.
— Yur, Chimyonga boramiz! – desalar, — “GOS”ni halollab topshirib olay, keyin!— derdim.
— Yur, bayramga bayroqdor bo‘lamiz, xalq artistlarini ko‘ramiz! — derdilar. — Vaqtim ketadi, o‘qib olay! — der edim.
— Joyingdan qimirlama, yoningdagi yigit bilan tanish, yaqinda to‘ying! — dedilar. —Nemischani bilsa, tegaman! — dedim dangal.
Ha, shunaqa, nemischa kitobni quchoqlab hayotimning gulgun onlarini o‘tkazib yuboribman. Bu til menga umrim bahorini eslatib turadi. Uni sevaveraman, sevaveraman. Nega bugungi kunda mening sevgim rad bo‘lmoqda? Ayol kishi bo‘lsam-da, yigitlardan kam emas g‘ururim! Buni kirza etik kiyib, ot choptirib yurganimda sezganman. Na qilayki, asli nomimiz bo‘lmish ozijligimga boraversam-da, hech vaqt ojiz tomonim bildirmayman, faqat yaqin do‘stim sifatida sizdan shuni so‘ragim keldi: ta’limda nega bir tillilik targ‘ib qilinyapti? So‘nggi paytlarda biz nemis va fransuz tillari o‘qituvchilari tarmoqda mavjudligimiz ham unutilmoqda. Bunga onlayn darslarda bizning fanimiz qo‘yilmasligi isbotdir. Hayronman, shunday samimiy, shunday xizmatga shay bir xodimingiz ketishiga qanday ko‘zingiz qiyadi? Betgachoparlikda ayblang, haqdirsiz?! Mening tarbiyamda “faqir panada” deb yurguvchi ustozimiz G‘aybulla as-Salom, Sadriddin Salim Buxoriy, Mirzaali Akbarov, Muhiddin Sattorov o‘gitlari bor.
Sizga iltimosim, kamsonli nemis va fransuz tili o‘qituvchilarini norizo etmang. Mehr qo‘yib o‘rganganlarimizni mehr bilan o‘rganishni istayotganlar hali bisyor. Bizning mehnatlarimizga bepisand bo‘lish mumkindir, ammo o‘quvchi istaklarini pisand qilmaslik mumkin emas!
Jizg‘anak bo‘layotgan ufqqa qarab miyig‘ida kular iztirob…
Biz ufqdirmizku, bizning ahvoliyatimizdan iztirob chekayotgan bo‘lsangiz ne ajab?!
Chuqur ehtirom ila yurtimizdagi barcha nemis va fransuz tillari o‘qituvchilari nomidan
Marhabo SATTOROVA, Nurota tumanidagi 14-maktab o‘qituvchisi