Ona tili uchun bir soat yetarlimi?
Maktablarda ona tilini o‘qitishda keng imkoniyatlar yaratilgan, ammo ayrim muammo va kamchiliklar ham mavjud. Xususan, ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarning 10-11-sinflarida tayanch o‘quv rejada haftasiga 2 soat ona tili, 2 soat adabiyot, 2 soat rus tili, 3 soat ingliz tili dars taqsimoti berilgan.
Ammo bizning Qorqalpog‘iston Respublikasi sharoitida davlat tili qoraqalpoq tiliga ona tili sifatida haftasiga 1 soat ajratilgan. Shubhasiz, savol tug‘iladi: chet tiliga haftasiga 3 soat, ona tiliga esa 1 soat dars taqsimlanishi o‘quvchilar tasavvurida o‘z tilining nufuzi pasayishiga sabab bo‘lmaydimi?
Abituriyentlar uchun majburiy uchta fanning birinchisi hisoblangan ona tili fani haftasiga 1 soat o‘qitilsa bola fanni yuqori saviyada o‘zlashtira oladimi? O‘z ona tilini chuqur bilmagan o‘quvchi chet tillarni o‘zlashtirib, yaxshi mutaxassis bo‘la oladimi? Bu kabi o‘qituvchilarni qiynayotgan muammolarni Xalq ta’limi vazirligi va tegishli mutasaddilar ijobiy hal qilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoiti uchun ona tili faniga qo‘shimcha dars soati ajratilishi maqsadga muvofiq. Chunki ona tili fanining qisqarishi oqibatida tajribamizda kuzatilayotgan qator muammolar yanada avj oladi. Jumladan:
1. Bolaning haftasiga 1 soat dars o‘tiladigan fanga bo‘lgan qiziqishi, tabiiyki, haftasiga 2 yoki 3 soat o‘qitiladigan fanga nisbatan sust bo‘ladi.
2. Ommaviy savodxonlik siyosati olib borilayotgan davrda bu muammo ona tili nufuziga putur yetkazadi, o‘quvchilar savodxonligini pasaytiradi.
3. Har bir darsda ikkita mavzu o‘tishga majbur bo‘lasiz. Mashqlarni bajarishga vaqt taqsimoti yetmaydi. Ko‘p yozish bolani darsda zeriktirib qo‘yadi. Ma’lumotlar ko‘pligi va jarayon ikki karra tezlashgani bois o‘quvchida yuklama ortadi. Bu esa mavzuni qabul qilish, o‘zlashtirish darajasini susaytiradi.
4. O‘quvchining ona tili fanidan haftasiga 1 soat olgan bilimi uning oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tishi uchun kamlik qiladi. Agar ona tili faniga ajratilgan dars soati ko‘paytirilsa, o‘quvchi repetitorga bormaydi, natijada maktabdagi davomat yaxshi bo‘ladi, ota-ona ortiqcha mablag‘ sarflamaydi.
Xosiyat HAMROYEVA, Ellikqal’a tumanidagi 66-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi