Jamiyatning ta’limga munosabati o‘zgarishi kerak
“Ma’rifat” gazetasida chop etilgan “Xalq ta’limi vaziriga ochiq xat” va unga bildirilgan munosabatlarni o‘qib o‘z fikrimni bildirishni lozim deb topdim. Chunki yurtimiz, bolalarimiz kelajagiga daxldor ta’lim sifatini o‘zgartirish maqsadida bildiriladigan fikrga befarq bo‘lmasligimiz lozim. Albatta, ta’lim sohasida bizdan oldinlab ketgan mamlakatlar tajribasini o‘rganishimiz va ularning barcha yaxshi tomonlarini qabul qilishimiz maqsadga muvofiq. Lekin bu bizga ko‘pi bilan ular erishgan tezlikka erishish imkonini beradi xolos. Ularning bugungi ko‘rsatkichlariga erishishimiz uchun muayyan vaqt kerak. Bu vaqtda esa ular biz yeta olmaydigan darajada oldinga ketib qolishadi. Shuning uchun ham bizga ularnikidan ham mukammalroq, o‘z-o‘zini takomillashtira oladigan, “ilg‘or pedagogik texnologiya” zarur. Bunday takomillashtirish tizimini esa “kadrlar bozori”dagi raqobat, uni esa o‘z navbatida ishlab chiqarishga joriy etilishi kerak bo‘lgan “ilmiy-texnik yutuqlar” raqobati vujudga keltirishi mumkin.
Xalq turmush tarzini yaxshilashning yagona yo‘li ishlab chiqarish unumdorligini oshirishdir. Bu esa ishlab chiqarishga fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini joriy qilishni, bunday texnologiyalar bilan ishlashni biladigan mutaxassislarni tayyorlashni taqozo etadi. Ular nafaqat yangi texnologiya bilan ishlashi, balki ularni takomillashtirish, ya’ni ijodiy fikrlash ko‘nikmalariga ham ega bo‘lishlari kerak.
Yaqinda Prezidentimiz borib ko‘rgan O‘zbekiston-Koreya xalqaro universitetida o‘qitish “ilg‘or o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha olib boriladi”. Ular qanday yaratilgan? Bularning hammasini ishlab chiqarish va ta’lim sektorining xususiylashuvi vujudga keltirgan. Natijada “diplomli” mutaxassislarga emas, ilmli mutaxassislarga talab ortadi. “Kadrlar bozori” va demak, ularni tayyorlovchi ta’lim muassasalari orasida raqobat vujudga keladi. Sifatni ta’minlovchi yagona omil bu raqobatdir. Aynan shu raqobat:
1) Ilg‘or o‘quv dasturlari va rejalarini;
2) Ilg‘or o‘qitish metodlarini, bu metodlar bilan qurollangan o‘qituvchilarni, talablarga mos o‘quv adabiyotlarini;
3) Kadrlar sifatini baholash tizimini vujudga keltiradi va ular ijodiy fikrlovchi mutaxassislar tayyorlanishini ta’minlaydi.
Ana shunday raqobat sharoitidagina “Yoshlar imtihondan o‘tish uchun emas bilimli mutaxassis bo‘lish uchun o‘qiydigan bo‘ladilar”. Bugun esa real holat qanday?
Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari yaxshi o‘qisa barcha orzulariga erishishi mumkinligi haqidagi o‘gitlarimizga to‘la qo‘shilishadi. Lekin ular 5-sinfga o‘tib, katta bo‘lganlik, o‘zining boshqalar tomonidan tan olinishini xohlash hissiyoti paydo bo‘lishi bilan ko‘p narsa o‘zgarib ketadi. Yaxshi yashaydigan (uy-joyi yaxshi, bir nechta mashinasi bor, doimo chet ellarga borib keladigan) kishilardek bo‘lishni orzu qiladilar. Buning uchun ularni ayblashga haqqimiz yo‘q (o‘z paytida biz ham shunday qilganmiz).
Xo‘sh, ular kimlarga taqlid qilishadi? Birinchi navbatda ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatilayotgan yulduzlarga, xonandalar, sportchilar, artistlarga. O‘z atroflarida-chi? Savdo xodimlari va yana…. kimlargadir. Lekin har holda olimlar va o‘qituvchilarga emas. Garchi oxirgi uch yilda nimalardir o‘zgargan bo‘lsa-da, hali jamiyat o‘zining eng noyob qadriyatlarini tanlab ololgani yo‘q. Bu esa ta’limning e’zozlanishiga to‘sqinlik qilib turgan eng katta omildir.
9–11-sinflar o‘quvchilari OTMga kirish ishtiyoqi, yaxshiroq (keyingi davrda yaxshi yashashini ta’minlaydigan), yoki kirish ballari past bo‘lgan ixtisoslikni tanlash (asosan pedagogika, tabiiy fanlar) bilan mashg‘ul bo‘ladi. Lekin bilim olish bilan emas.
OTMga kirib qolgan talaba endi uni bitirib olish va yaxshiroq ishga joylashish ilinjida yashaydi. Olimlar va o‘qituvchilar eng yaxshi yashamaydilar. Demak, eng yaxshi bitiruvchilar ham bu sohalarga kelmaydilar. Har holda oxirgi o‘ttiz yil davomida shunday bo‘lgan va hozir uning “achchiq” mevasini tatib turibmiz. Ilojsiz kelganlarning niyatlari ham o‘zgacha bo‘ladi.
OTMlarga talabalarni qabul qilish jarayoni — ta’lim tizimi va jamiyat rivojidagi eng katta to‘siqlardan biri bo‘lib qolgan. Munozara ishtirokchilaridan biri qayd etganidek, test savollari o‘quv adabiyotlariga, DTMning o‘zi qabul qilgan kodifikatorlarga ham mos kelmaydi. Bu haqda “Ma’rifat”da 2019-yili chiqqan “Fizikadan abituriyentlarning bilimlari nega past” nomli maqolamizda, “@yangifizika” kanalida ko‘p fikr bildirganmiz va DTM mutaxassislari bilan yuzma-yuz uchrashuvlarda ham aytganmiz. Umuman olganda, xususiy oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida DTMning xizmatiga ehtiyoj bo‘lmaydi va muammo o‘z-o‘zidan yechiladi.
Darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarning muallifi sifatida ularning yaratilishiga to‘xtalishni lozim topdik. Ustoz Valijon Qodirov yozganlaridek, dasturlar kimlardir tomonidan tayyorlanadi va ma’lum muddatda, belgilangan qolip asosida unga mos o‘quv adabiyotini yaratib berish talab qilinadi. Bu hol esa muallifga erkin ijod qilish imkonini bermaydi va natijada darslik ko‘ngildagidek chiqmaydi. Lekin ulardagi xato va kamchiliklar so‘zsiz mualliflarning aybidir. Shu bilan birga masalaning yana bir tomoni bor. Muallif sifatida olgan barcha gonorarlarimni hisoblab chiqsam unga bitta “Matiz” ham ololmas ekanman. Ammo ularni tayyorlash uchun ketgan xarajatlarga “Matiz” olsam bo‘larkan. Ba’zilar esa bir kunda bitta “Matiz”ning pulini topa oladi. Buni biz ilm-fan bilan shug‘ullanishini istagan, lekin yaxshi yashashni xohlaydigan o‘quvchilarimiz ham ko‘rib turishibdi.
Yaqinda Vazirlar Mahkamasining 1030-qaroriga muvofiq ilmiy darajali mutaxassislarga ustama belgilandi. Unda “Skopus” jurnallarida chop etilgan har bir maqolaga yil davomida 15 foiz ustama berilishi aytilgan bir paytda, darslik va o‘quv qo‘llanmalar mualliflariga ustama belgilanmadi.
Internet tarmog‘ini ochsangiz “mana buncha to‘lov qilsangiz maqolangizni tahrirlaymiz, tarjima qilamiz va qisqa muddatda “Scopus” jurnallarida chop etamiz” degan o‘nlab e’lonlarni ko‘rasiz. Nahotki shu usulda chop etilgan maqola mualliflarining (ular o‘ntagacha bo‘lishlari mumkin) mehnati bir necha yillar davomida yaratilgan va ta’lim uchun “eng asosiy vosita” bo‘lgan darslik yoki o‘quv qo‘llanma yaratilishidan mashaqqatliroq bo‘lsa? Shundan keyin darslik mualliflaridan nimani ham talab qilish mumkin?! Chet ellarda darslik mualliflari oladigan gonorar haqida yozish ham noqulay.
Albatta, ta’lim jarayonini o‘zgartirishda Xalq ta’limi vazirligining o‘rni katta. Lekin bundan 3 yil burun aytish mumkin bo‘lmagan gaplarni bot-bot takrorlash ta’limga hech narsa bermaydi. U gaplar yangi emas. Faqat hozir bu gaplarga munosabat o‘zgargan xolos. Bugungi kunda XTV va Respublika ta’lim markazining asosiy vazifasi fan o‘qituvchilariga amaliy yordam berish, ularni ta’limning yangi ilg‘or usullari bilan qurollantirish, “raqobat bozorida” faoliyat ko‘rsatishga tayyorlashdan iborat bo‘lmog‘i lozim. Aks holda o‘quvchilarni,
ularni faqatgina DTM testlarigagina javob topishga o‘rgatadigan repetitorlar iskanjasidan qaytarib olish qiyin bo‘ladi. Buning uchun esa o‘qituvchilar va o‘quvchilar mustaqil ravishda o‘z bilimlarini oshirishlari, ya’ni mustaqil ravishda bilim olishlarini ta’minlaydigan o‘quv adabiyotlari zarur.
Biz o‘z paytida o‘quvchilarni repetitorlardan ajratish maqsadida o‘qituvchilar va OTMlarga kiruvchilar uchun Fizikadan 3 qismdan iborat qo‘llanma tayyorlagan edik. Ularni takomillashtirish maqsadida 5000 nusxasini (yuz million so‘mlik) Respublikadagi umumta’lim maktablarining fizika fani o‘qituvchilariga tarqatish va ularning fikrlarini o‘rganishni taklif qildik. Vazirga yuborgani xatimiz va qo‘llanma namunalari qariyb ikki oy davomida qayerlardadir chang bosib yotdi. Va nihoyat, qayta-qayta qilgan murojaatlarimizdan keyin yordamchilaridan “qo‘llanmalar talabga javob berishi” va ularni tarqatish uchun Respublika ta’lim markaziga taqdim etish to‘g‘risida javob oldik. Qo‘llanmalar RTMda yarim yil davomida, mazkur muassasa mutasaddilarining iboralari bilan aytganda, “ortiqcha yuk sifatida chang bosib yotdi”.
Va nihoyat, boshqa ishga o‘tgan vazirning birinchi o‘rinbosari yordamida qo‘llanmalar tarqatildi degan ma’lumot oldik. Bizga 150 ga yaqin o‘qituvchidan “qo‘llanma bizga juda ma’qul, qo‘llanma uchun rahmat” degan ma’noda, ruhimizni ko‘taruvchi xabarlar keldi. Lekin qo‘llanmalarning qolgan qismi qayerdaligi, o‘qituvchilarning ular to‘g‘risidagi taklif va mulohazalarini bilolmadik. Biz uchun shu mulohazalar muhim va qo‘llanmalarni takomillashtirish uchun zarur edi. Bu axir Xalq ta’limi vazirligining va Respublika ta’lim markazining bevosita vazifasi emasmi?
Shuning uchun ham maqolada ko‘tarilgan muammolarning asl yechimi, fikrimizcha, ancha chuqurroq. Ularni hal etish uchun jamiyatning ta’limga bo‘lgan munosabati o‘zgartirilishi kerak. Bog‘chada ham, maktabda ham, OTMda ham mashg‘ulotlarda doimo bir kishi o‘rgatgan, boshqalar eshitgan va yozib olgan. Bu usul turmush tarzimizga ham ko‘chib o‘tgan. U o‘zgarmas ekan ta’limda ham, jamiyatda ham jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi qiyin.
Abduqahhor G‘ANIYEV, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent