To‘rtinchi javob muhim
Maktablarda o‘quvchi bilimini baholash mezonlari zamonaviy ta’lim standartlari asosida bajarilmoqda. Jahonning 30 dan ortiq mamlakatidagi ta’lim tizimida amalda bo‘lgan PISA (The Programme for International Student Assessment) dasturi 15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholasa, TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study)da yosh darajasi cheklanmagan. Ya’ni 4- va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishidagi fanlardan o‘zlashtirish darajasi baholanadi.
O‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun mustaqil ta’limni joriy etish kabi dolzarb vazifalar ko‘zda tutilgan. Bu talabni, birinchi navbatda, biz o‘qituvchilar to‘g‘ri anglab yetishimiz lozim.
Ayni paytda oylik maoshimiz sezilarli oshirildi. O‘quvchilar to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilib, lavozim majburiyatiga kirmaydigan ortiqcha yuklamalardan ozod etilyapti.
Endi bunday tadqiqotlarning amalga oshirilishida har bir o‘qituvchi mas’uliyat bilan yondashgan holda darslarda nazorat ishlarini o‘tkazib tursa, o‘quvchilarimizda bu jarayonga tayyorgarlik o‘z-o‘zidan davom etaveradi. Masalan, men 5-sinflarda adabiyot darsidan o‘quvchilarning bilimini mantiqiy baholashga doir test sinovini o‘tkazdim. Testda savol berilmagan, ya’ni o‘quvchi uchta javobga asoslanib, o‘zi to‘rtinchi javobni keltirib chiqarishi kerak. Olaylik, G‘.G‘ulom qalamiga mansub bo‘lmagan asar... A) “Sog‘inish”, B) “Shum bola”, C) “Mening o‘g‘rigina bolam”, D)_______.
Bunda o‘quvchilar noodatiy tarzda test topshirishadi va fanga qiziqishi ortadi. Bu kabi kichik tadqiqotlarni turli ko‘rinishda o‘qituvchilar o‘z darslarida qo‘llasa, o‘zlariga ham, o‘quvchiga ham foyda bo‘ladi.
Xolidaxon SHERQO‘ZIYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi