Ta’limdagi “ko‘tarish” va “tushirish” tamoyillari
Yangi pedagogik texnologiyalar va ularni qo‘llash borasida ayrim mulohazalar
Keyingi yillarda ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish borasida jiddiy islohotlar olib borilmoqda. Prezidentimizning 2020-yil 24-yanvarda Parlamentga qilgan Murojaatida barcha sohalar kabi ta’lim tizimi borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ham ustuvor jihatlari ko‘rsatib berildi. Xususan, maktabgacha ta’lim tizimida boshlangan islohotlarni samarali davom ettirish, umumta’lim maktablarida ta’lim va tarbiya sifatini yaxshilash, oliy ta’limning akademik ilm-fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirish, iqtidorli, kreativ fikrlaydigan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq muhim masalalar o‘z ifodasini topgan. Bugungi mulohazalarimiz islohotga muhtoj o‘zbek pedagogikasidagi ayrim jihatlar, noto‘g‘ri yondashuvlar, dars mashg‘uloti va o‘qituvchilik kasbi borasida bo‘ladi.
Pedagogikaga nisbatan mexanik yondashuv
Bugungi kun pedagogikasida o‘rgatishdan ko‘ra o‘rganishga o‘rgatish ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda. Milliy pedagogikamiz yaqin yillargacha o‘quvchilarga insoniyat tomonidan shu paytga qadar egallangan mavjud bilimlarni o‘rgatishni eng maqbul yo‘l sifatida qarab keldi. Bunda mavjud bilimlar o‘quvchi ong va tafakkuriga tayyor holda singdiriladi. Bu jarayonda bilimlar adabiyotlarda tayyor holda mavjud bo‘ladi va buni o‘zlashtirish o‘quvchilar uchun ham, o‘qituvchilar uchun ham qanoatlanarli hisoblanadi. Ammo bu o‘quvchilarda masala va hodisalar mohiyatini anglashga nisbatan ijodiy yondashuvni nazarda tutmaydi, faqat mavjud bilimlarni yodlash, ularni amaliyotga joriy etish bu turdagi pedagogikaning bosh maqsadi sifatida qaraladi. Bunday yondashuvda o‘quvchining qanchalik ko‘p bilimni yodda saqlaganiga qarab uning salohiyati haqida xulosa chiqariladi. Bu to‘g‘ri, ammo bilim olish jarayoni ikki bosqichdan iboratligini, birinchi bosqich bilimlarni egallash, ikkinchi bosqich undan xulosalar chiqarish ekanligini hisobga olsak, bu usul tugallanmagan metodika sifatida o‘zini oqlamasligi oydinlashadi. Bilim bilim uchun xizmat qilmas ekan, uning oddiy informatsiyadan farqi qolmaydi. Ya’ni mavjud bilimlar yangi bilimlarni kashf etish uchun poydevor sifatida xizmat qilmasa, bu jarayonda o‘ziga xos zanjirli reaksiya hodisasi kuzatilmasa, fan va ishlab chiqarishda kutilgandek rivojlanish va taraqqiyot kuzatilmaydi. Ammo bir necha avlod o‘quvchilar yuqoridagi to‘mtoq metodika “sharofati” bilan adabiyotlarda mavjud bilimlarni esda saqlab qolish, ularni ko‘r-ko‘rona yodlash, boringki, olgan bilimlarini amaliyotda tatbiq etishdan nariga o‘ta olmay kelishdi. Qanchadan qancha xotirasi
bilim va informatsiyaga to‘lib toshgan iqtidorli o‘quvchilarning iqtidorlari ro‘yobga chiqmay, ishlab chiqarish jarayoniga singib “yo‘qolib” ketdi. Vaholanki, dars mashg‘ulotlarida o‘quvchilar har bir fan, kerak bo‘lsa har bir mavzu borasida hodisa va mohiyatni, sabab va oqibatni anglashi, fan doirasida va fanlararo o‘zaro bog‘lanish, munosabat va muvozanatlarni tushunishi, chog‘ishtirish, solishtirish va mantiqiy xulosalar chiqarish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi lozim. Bu esa dars mashg‘ulotining qay darajada jiddiy va o‘ziga xos jihatlari borligini ko‘rsatadi.
Yangi pedagogik texnologiyalar: tavsif va tahlil
Keltirilgan va boshqa sabablarga ko‘ra pedagogika sohasi doimo yangilanib, zamonga moslashib boraveradi. Milliy pedagogikamiz hozir shiddatli o‘zgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Ayni paytda pedagogikamizdagi eng muhim yangilanishlardan biri yangicha pedagogik texnologiyalar (YPT) va interaktiv metodlar asosida dars mashg‘ulotini tashkil qilish bo‘lib turibdi. Bugungi kunda o‘qituvchidan bu tushunchalar doirasida dars mashg‘ulotiga nisbatan noan’anaviy yondashuvlar talab qilinmoqda. Bu kabi nostandart tajribalar zamirida o‘qituvchining dars mashg‘ulotiga yangi, samarador usul va vositalar bilan yondashishi, dars mashg‘ulotiga nisbatan ijodiy jarayon sifatida qarash mavjudligini ko‘ramiz. Yangi usul va vositalar, metod va yondashuvlar agar fan va mavzuning o‘ziga xosligidan kelib chiqib to‘g‘ri tanlansa va me’yorida qo‘llanilsa, shubhasiz, dars mashg‘uloti samaradorligini oshiradi. Ammo hozir qo‘llanilayotgan YPT va interaktiv metodlarning barchasi ham dars mashg‘uloti samaradorligini oshiryapti, deb aytolmaymiz. To‘g‘rirog‘i, YPT va interaktiv metodlarni noto‘g‘ri tushunish hamda uni noto‘g‘ri talqin qilish bilan bog‘liq holatlar kuzatilmoqda. Nazarimizda, keyingi paytlarda bu borada urho-ur va haybarakallachilik ancha avj olib ketdi. Kuzatishlarimizga qaraganda, bu hodisaga nisbatan tushunib-tushunmay yondashish natijasida (bu ayniqsa xalq ta’limi va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida) dars mashg‘uloti o‘yinga, qandaydir ko‘ngilochar mashg‘ulotga aylantirib qo‘yilmoqda. Ayrim o‘qituvchilar masalaga ko‘r-ko‘rona yondashishi natijasida dars mashg‘ulotining mohiyatidan uzoqlashib, maqsadidan chekinib ketayotganliklarini sezmay qolishmoqda. Zero, sinovdan o‘tmagan, natijasi kafolatlanmagan yondashuvlarni ta’lim jarayoniga tatbiq etib bo‘lmaydi. Chunki ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilarning taqdiri, ularning bilim olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari millat kelajagiga daxldor hodisalar bo‘lib, uning ustida “tajriba o‘tkazish” uchun o‘qituvchiga huquq va vakolat berilmagan.
Unutmasligimiz kerakki, dars mashg‘uloti, ilm olish hech qaysi zamon va makonda o‘yin bilan amalga oshirilmagan va bunday bo‘lishi mumkin ham emas. Bu bog‘cha yoshidagi bolalar va umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflari uchun muayyan darajada to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Chunki ularning yosh va fiziologik xususiyatlari hisobga olinganda, turli o‘yin va ko‘ngilochar mashg‘ulotlar bilan ularni ta’limga olib kirish va shu orqali dastlabki bilimlarni berishda bu usul o‘ziga xos adaptatsiya jarayoni sifatida o‘zini oqlashi mumkin. Ammo ta’limning keyingi bosqichlarida davlat ta’lim standartlarida ko‘zda tutilgan bilim, malaka va ko‘nikmalarni o‘quvchilarga to‘laligicha o‘yin metodlariga asoslangan dars mashg‘ulotlarida berib bo‘lmaydi. Bizningcha, butun darsni interaktiv ta’lim metodlari asosida o‘tkazish quyidagi sabablarga ko‘ra dars mashg‘ulotidan kutiladigan natijaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: birinchidan, har qanday interaktiv metodlarni amalga oshirish alohida tayyorgarlik va shart-sharoitni talab qiladi va har doim ham buning imkoniyati bo‘lavermaydi. Ikkinchidan, interaktiv metodlarni tashkil qilish va uning mohiyatini o‘quvchilarga yetkazish o‘qituvchining vaqtini ortiqcha “o‘g‘irlaydi”. Uchinchidan, dars mashg‘ulotining yillar davomida shakllangan va tan olingan zaruriy tarkibiy qismlari mavjud: ulardan hech bo‘lmaganda bittasining tushirib qoldirilishi natijasida dars mashg‘uloti tugallik kasb etmaydi. Interaktiv metodlarga asoslangan dars mashg‘ulotlarida bunga amal qilish juda mushkul va ularga nisbatan vaqt taqsimotini tartibga solib bo‘lmay qoladi.
Ta’lim jarayonining o‘zgarmas qoidalari
Ta’lim jarayonining har qanday davrlarda ham o‘zgarmaydigan jihatlari bor bo‘lib, bu quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
birinchidan, ilm olish o‘qish-o‘rganish, izlanish, umuman, mehnat qilishni talab yetadi. Garchi maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, qandaydir o‘yinlar va o‘quvchilarning diqqatini tortadigan ko‘ngilochar mashg‘ulotlar (buni biz “pedagogik texnologiyalar” va “interaktiv ta’lim metodlari” degan chiroyli ilmiy termin bilan atagan bo‘lsak-da) dars jarayoni qiziqarli o‘tishini ta’minlashi mumkindir, ammo samarali bo‘lishini ta’minlay olmaydi. Har qanday qiziqarli o‘tgan dars mashg‘ulotini ham “samarali” deb bo‘lmaydi. Umuman, dars mashg‘ulotining, ilm olishning qiziqarli bo‘lishi borasidagi fikrning o‘zi biroz mulohazali. Dars mashg‘ulotining qiziqarli yoki o‘quvchilarning faolligi masalasi ixtiyoriy, ammo uning samarali bo‘lishi majburiy shart sifatida qaralishi kerak. Dars mashg‘ulotining samarasi esa ta’lim oluvchining ta’lim beruvchidagi bilimni, shuningdek, bilim olish yo‘llarini qay darajada o‘zlashtirgani bilan belgilanadi. O‘yin texnologiyalariga asoslangan dars mashg‘ulotlarida, o‘qituvchiga bog‘liq bo‘lmagan holda, o‘quvchining bilimi emas, balki uning “o‘yin-dars”dagi faolligi birinchi darajaga chiqib qoladi va natijada o‘qituvchi mashg‘ulot jarayonida faol ishtirok etgan o‘quvchilarni rag‘batlantirishga majbur bo‘ladi.
Dars mashg‘ulotida o‘quvchining faolligi yaxshi, ammo faollik har doim ham bilimning o‘zlashtirilishini kafolatlamaydi.
Ikkinchidan, ta’lim jarayonida ikki tomon: bilim beruvchi va bilim oluvchi tomonlar bo‘ladiki, interaktiv metodlar degan tushunchaga ruju qo‘yib, mashg‘ulot jarayonida ularning mavqeyini va faolligini tenglashtirish ham, bizningcha, unchalik to‘g‘ri emas. Bu mashg‘ulot jarayonida o‘qituvchining bilim darajasidagi kamchiliklarni xaspo‘shlashga imkoniyat yaratadi (1-sabab), shuningdek, mashg‘ulotning tartibsiz o‘tishi (2-sabab) va o‘qituvchi hurmatining pasayishi (3-sabab) kabi salbiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Fikrimizni izohlashga harakat qilamiz:
1-sababning oqibati: interaktiv metodlarga asoslangan dars mashg‘ulotlarida muayyan qolip yoki chegaralarning bo‘lmasligi natijasida o‘qituvchining bilim saviyasi haqida xulosalar chiqarish qiyin kechadi. Bunday usuldagi dars mashg‘ulotida o‘qituvchidan bilimdan ko‘ra tashkilotchilik ko‘proq talab qilinadi. O‘z bilim saviyasiga ishonmaydigan o‘qituvchilar bundan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishadi. Ta’lim jarayonining sifati aniq savollarga berilgan aniq javoblar bilan ta’minlanadi. An’anaviy darslarda bundan qochishning imkoniyati yo‘q, ammo interaktiv metodlarga asoslangan dars mashg‘ulotlarida buning ko‘plab usul va yo‘llari mavjud.
2-sababning oqibati: Interaktiv metodlar natijasida dars mashg‘uloti payti o‘quvchilarning faollashishi, tabiiyki, mashg‘ulotning tartibsiz o‘tishiga sabab bo‘ladi. Auditoriyadagi shovqin-suron, ayrim hollarda qo‘shni auditoriyadagi dars mashg‘ulotiga ham xalal berish darajasiga borib yetadi. Bu tajribada ko‘p bora kuzatilgan. “Nima gap?” deb xabar olishga kirganingizda, “Interaktiv metod asosida dars o‘tyapmiz” degan javobni olasiz. Endi o‘ylab ko‘ring, qo‘shni auditoriyaga ham xalal berish darajasidagi shovqinli dars mashg‘ulotini samarali dars mashg‘uloti deyish mumkinmi? Harholda, biz bunday dars mashg‘ulotining sifatiga shubha qilamiz.
3-sababning oqibati: Dars mashg‘ulotining shovqinli va unda o‘quvchilarning haddan ortiq erkin bo‘lib ketishi natijasida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi subordinatsiya yo‘qola boradi. Auditoriyada bilimli va bilimsiz o‘quvchilar bo‘lgani kabi, xarakter jihatdan jiddiy va hazil-mutoyibaga moyil va tomoshatalab o‘quvchilarning ham bo‘lishi tabiiy. Ana shunday o‘quvchilar o‘qituvchi tomonidan yaratilgan erkinlikni suiiste’mol qilib, auditoriyaga mos kelmaydigan luqmalar tashlab, o‘qituvchini noqulay vaziyatga tushirishni va undan qanday qilib chiqib ketishini kuzatishni maqsad qilishadi. O‘quvchiga fikrini erkin bildirishi uchun imkoniyat yaratilganda, aksariyat hollarda, mashg‘ulot mavzusidan chekinish hollari kuzatiladi. Xullas, bu jarayonda o‘qituvchining hurmati va salobati o‘quvchilar ko‘z o‘ngida pasayib boraveradi.
Demak, bizning fikrimizcha, dars mashg‘ulotida o‘qituvchi faolligi va tashabbuskorligining yuqori bo‘lishi o‘ta lozim ekanligi anglashiladi. O‘zini hurmat qilgan va bilimli o‘qituvchi mashg‘ulot payti faollikni ham, tashabbusni ham, birinchilikni ham o‘quvchiga berib qo‘ymaydi. Bunday o‘qituvchilar auditoriyadagi dars mashg‘ulotiga, fanga yoki o‘qituvchiga nisbatan zig‘ircha bo‘lsayam hurmatsizlikni, oriyat nuqtayi nazaridan kelib chiqib, e’tiborsiz qoldirmaydilar. Bilimsiz o‘qituvchilar esa o‘quvchilarning bunday munosabatini go‘yoki “ko‘rmaydilar”. Bunday o‘qituvchilar o‘quvchilarga o‘ta ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishadi, chunki o‘quvchilarni tartibga chaqirishi yoki ularga tanbeh berishi bilan bog‘liq o‘quvchi uchun yoqimsiz ishlar o‘qituvchining kamchiliklari o‘quvchilar tomonidan oshkora aytib yuborilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu tariqa o‘ziga, faniga va darsiga nisbatan o‘quvchining hurmatsizlik qilishi ularning oriyatini qiynasa-da, bunga qarshi oshkora munosabat bildirishga jur’at qilolmaydilar. Chunki uning kechirib bo‘lmaydigan eng katta kamchiligi bor — BILIMSIZLIK. Shu tariqa bilimsiz o‘qituvchi faollik va tashabbusni o‘quvchiga topshirib qo‘yadi. Ammo faollik va tashabbus o‘qituvchida bo‘lishi lozim. Chunki ta’lim beruvchidagi bilim va bilim olishning usul va yo‘llari uning faolligi bilan ta’lim oluvchiga o‘tadi. Buni choynakdagi choyning piyolaga quyilishiga o‘xshatish mumkin. Piyolaga choynakning harakati bilan choy quyiladi va bu jarayonda ikkalasini ham faollashtirish yoki piyolaning faolligini oshirish kutilgan samarani bermaydi. Bu bilan dars mashg‘ulotida o‘quvchi faol bo‘lmasligi kerak, demoqchi emasmiz, ammo o‘quvchining faolligi o‘qituvchining yetarli darajadagi faolligiga xalal bermasligi lozim, chunki dars mashg‘ulotining vaqti chegaralangan bo‘lib, uning har bir daqiqasi maqsadli sarflanishi lozim.
Ta’limdagi qarama-qarshi tamoyillar
Ta’lim tizimidagi “ko‘tarish” va “tushirish” tamoyillari haqida pedagogikaga doir adabiyotlarda qaydlar mavjud emas. Ta’lim tizimimizda mavjud ikki xil qarama-qarshi tendensiyani biz shartli ravishda shunday nomladik. Balki bu tamoyil darajasidagi hodisalar emasdir. Balki siz ularni boshqacha nomlarsiz, ammo bu muhim emas. Muhimi, shu ikkala teskari hodisaning ta’lim tizimimizda yonma-yon holda mavjudligidir.
Ta’lim jarayonini sifatli tashkil qilish va unda samaradorlikka erishish uchun ta’lim oluvchining yetarli darajada qobiliyatli bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda dars mashg‘ulotining soddalashtirilib, o‘yinga aylantirilishi, nazarimizda, qobiliyati yo‘q o‘quvchilarga bilim berish, dars mashg‘uloti paytida ularning diqqat-e’tiborini jalb qilish maqsadida qilinmoqda. Natijada, ta’lim jarayoni qobiliyatli o‘quvchilarga ta’lim berish darajasiga ko‘tarilmayapti, aksincha, qobiliyati yo‘q o‘quvchilarga ta’lim berish darajasiga tushirib qo‘yilmoqda. Bu teskari tamoyil oqibatida ta’lim qobiliyatli o‘quvchilarning qobiliyatlarini rivojlantirish, ularning ehtiyojlarini qondirish darajasiga qadar yetib bora olmayapti. Davlat ta’lim standartlarida minimum tushunchasi mavjud. Bu ta’lim bosqichini bitirayotgan o‘quvchilarning bilim darajasiga qo‘yilayotgan minimum talablarni belgilaydi. Teskari tamoyil natijasida bizning ta’lim tizimimiz o‘sha minimum talablar, hatto undan ham past daraja atrofida o‘ralashib qolmoqda. Shu o‘rinda bir qiyos keltirmoqchiman: garchi norasmiy bo‘lsa-da, repetitorlik ta’limda eng samarador usullardan biri ekanligi hayotda o‘z isbotini topib ulgurdi. Eng qizig‘i, repetitorlar kamdan kam hollarda o‘yin texnologiyalariga murojaat qilishadi. Avvalo, ular o‘quvchilarni bilim darajasiga qarab guruhlashtiradi va dars mashg‘ulotini auditoriyadagi eng iqtidorli bolaning ehtiyojlariga qarab tashkil qiladi. Bu esa guruhdagi qolgan o‘quvchilar uchun stimul bo‘lib, ularning yanada ko‘proq intilishiga, pirovardida, ta’lim jarayonining sifat o‘zgarishlariga olib keladi. Darhaqiqat, ta’limda aynan tushirish emas, balki ko‘tarish tamoyiliga amal qilingani uchun ham repetitorlik eng samarador shakllardan biri sifatida tan olinmoqda.
Shu bilan bog‘liq yana bir mulohaza
Bitta guruhda ham qobiliyatli, ham qobiliyatsiz o‘quvchilarning ta’lim olishidan har ikki tomon ham birday yutqazadi. To‘g‘ri, bizda ta’limning o‘rta bosqichlari majburiy bo‘lib, ularda faqat qobiliyatli o‘quvchilarni saralab olishning imkoniyati har doim ham bo‘lavermaydi. Ammo o‘quvchilarni guruhlashtirish ta’lim muassasasining ixtiyorida bo‘lib (majburiy holatlar bundan mustasno), bunda asosiy mezon o‘quvchining bilimi bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bu borada ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning qobiliyatlarini hisobga olgan holda guruhlashtirishlariga taqiq qo‘yilmagan. Agar o‘quvchilarni guruhlashtirishda ularning qobiliyatlariga qaralsa, bu har bir guruhga alohida dastur asosida yondashish imkonini beradi. Natijada, qobiliyatli o‘quvchilardan iborat guruhlar uchun davlat ta’lim standartlarida nazarda tutilgan o‘rta yoki yuqori darajadagi bilim berishga asoslangan dasturlarni ishlab chiqish va qo‘llash imkoniyati paydo bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, qobiliyati past o‘quvchilar bilan esa o‘sha minimum talablar darajasidagi dasturlar bilan ish olib boriladi. Ammo har ikkala tipdagi guruhlarda ham guruhdagi eng iqtidorli o‘quvchilarning ehtiyojlarini qondirish darajasida dars mashg‘ulotlarini tashkil qilish ta’limdagi ko‘tarish tamoyilini yuzaga keltiradi. Demak, ta’lim muassasasi rahbari o‘z vakolati doirasida bu boradagi nomuvofiqliklarni bartaraf
etish choralarini ko‘rishi lozim.
Demak, pedagogik texnologiyalarni va interaktiv ta’lim metodlarini qo‘llashda fanning, mavzuning va o‘quvchilarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish, natijani oldindan chamalay bilish lozim va an’anaviy dars mashg‘ulotiga nisbatan samaradorligi kafolatlangan taqdirda ta’lim jarayoniga tatbiq etish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida
O‘qituvchilik — sharafli kasb. Uning sharafi shundaki, jamiyatni harakatlantirib turuvchi barcha sohalarning rivojida odamlar ularning zahmatli mehnatini ko‘rishadi. Bunday ko‘lamli e’tirof shu paytga qadar boshqa biror kasb egalariga nasib qilmagan, bundan keyin ham nasib qilishi dargumon. Chunki har qanday kasb egalarini o‘qituvchilar tarbiyalaydi, ammo o‘qituvchilarni boshqa hech bir kasb egalari yetishtirib bera olmaydi.
O‘qituvchilik — nozik kasb. Nozikligi shundaki, bu kasb egalariga odamlar doimo namuna timsoli sifatida qaraydilar. Darhaqiqat, o‘qituvchilik odamlarga hatto uyqusi bilan ham ibrat bo‘lishi lozim bo‘lgan kasbdir. Ong ostida doim o‘qituvchi ekanligini eslatib turuvchi “signal” o‘qituvchini doim “forma”da yurishiga majbur qiladi. Bu kasb o‘z egalariga har bir ish yoki xatti-harakatiga nisbatan “men o‘qituvchiman” degan munosabat bilan yondashishni talab qiladi. O‘qituvchi o‘zi uchun restoranda o‘ynab-kulishni biroz noqulay, muomalada qo‘pollik qilishni nomunosib, spirtli ichimlik ichgan holda jamoat joyida yurishni uyat, janjal yoki to‘polon qilishni esa sharmandalik deb hisoblaydi. Aslida bu kabi illatlar barcha insonlarga birdek nomunosib sanalsa-da, odamlar bu borada boshqa kasb egalariga qaraganda “o‘ng ko‘zlarini yumib oladilar”. Boshqa kasb egalariga nisbatan birmuncha yumshoq talab bilan qarashlari haqiqat, ammo o‘qituvchilarga uzoq yillar davomida topgan hurmatini yo‘qotishlari uchun birozgina chegaradan chiqishning o‘zi kifoya qiladi.
O‘qituvchilik — mashaqqatli kasb. Mashaqqati shundaki, boshqa kasb egalarining ishi ishxonasida qoladi. Ular uylariga kelgach, oilasi davrasida miriqib hordiq chiqarishadi. O‘qituvchilarni esa kasbi doim ortidan “quvlab yuradi”. Ular uylariga qaytishgach, ishining ikkinchi qismi boshlanadi: ertangi dars mashg‘ulotiga tayyorgarlik ko‘rish uchun yangi adabiyotlarni varaqlaydi, mashg‘ulotni yangicha metodlar asosida samarali tashkil qilishning rejasini tuzadi, o‘quvchilarning daftari yoki yozma ishlarini tekshiradi, hech bo‘lmaganda, konspekt yozadi. Ularning xayoli doim o‘zlashtirishi past o‘quvchilarni “ko‘tarish” yoki qobiliyatli o‘quvchilarning iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirish fikri bilan band. Shundan bo‘lsa kerak, o‘qituvchi yashaydigan xonadonning chiroqlari tonggacha o‘chmaydi. Uning derazasidan tushib turgan o‘sha xiragina nur, aslida, olamni zimistondan, odamlarni jaholatdan, dunyoni esa halokatdan saqlab turibdi.
G‘afurjon MUHAMEDOV, O‘zbekiston fan arbobi, professor
Umid XO‘JAMQULOV, filologiya fanlari nomzodi, dotsent