“Ona tili darslari qisqarishi to‘g‘ri yechim emas bu savodsizlikning yanada oshishiga olib keladi”
Yangi o‘quv yili uchun tasdiqlangan dars taqsimotiga ko‘ra, maktablarda ona tili fanining qisqarishi nafaqat ta’lim xodimlarini, balki boshqa soha vakillarini ham junbushga keltirdi. Yangi tartibga ko‘ra, boshlang‘ich hamda yuqori sinflarda ona tili fani haftasiga 2 soatdan o‘qitiladi. Yaqinda o‘tkazilgan brifingda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ushbu masalaga izoh berdi. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi ta’lim guruhlarida o‘qituvchilarning noroziliklari davom etmoqda. Hatto telegram messenjeridagi bir guruhda o‘qituvchilar birlashib, norozilik petitsiyasi imzolanishni boshlab yuborgan. Gazetamiz mushtariylarining fiklari ham shu mavzuda!
Ma’mura ZOHIDOVA,
Yozuvchilar uyushmasining o‘quv-metodika va harbiy-vatanparvarlik bo‘limi boshlig‘i:
― Biz ona tilimizni unga to‘la mos kelmaydigan tartib-qoidalar asosida o‘rgandik, o‘rgatdik. Ona tili fani tilimiz jozibasi, uning imkoniyatlari haqidagi emas, tilning sirtqi tartib-qoidalarini o‘rgatadigan ilmiy fanga aylandi. O‘quvchi ona tili deganda go‘zal ifodalar, bir tushunchaning bir necha so‘zlar bilan ifodalanishi, ma’no tovlanishlarini emas, so‘zning qaysi turkumga oidligi, gapda qaysi bo‘lak vazifasida kelishi va shu kabilarni anglaydigan bo‘ldi. Oliy o‘quv yurtiga kirish niyatidagilar ham fanning tartib-qoidalari, qolipini yod olishga majbur. Bu qoidalar, til formulalari ko‘p hollarda tilga mos kelmagani vajidan tilshunoslarning ayrimlari ona tilini qoidalar faniga aylanish zanjiridan qutqarmoqchi bo‘ldi va oqibatda fanni o‘qitish soatlarini qisqartirish kerak, degan o‘ylangan yechimga kelindi. Qoidalarni g‘alvirlashda go‘yoki fanda o‘rganishga arzirli narsa kam qoldi. Bu esa eng xato, eng ayanchli, eng dahshatli fikr edi.
Nahotki, tilimizda uni qo‘llashga oid ko‘rsatmalardan tashqari o‘rganishga arziydigan ilm bo‘lmasa? Nahotki, ona tili deganda faqat Davlat test markazining to‘rt javobli testlariga javob beradigan qoidalar va qoliplarni tushunsak? Nega ona tili darsliklaridagi qoidalarni qisqartirish va yaxlitlash ona tili darsini qisqartirishga asos bo‘ldi?! Ayb o‘zimizda. Tilshunoslar bolalarimiz uchun (xorijiy o‘rganuvchilarni qo‘ya turaylik) “Qiziqarli o‘zbek tili”, “O‘zbek tili mo‘jizalari”, “Tilimizning g‘aroyib imkonlari” kabi qo‘llanmalarni yaratishi, ular shu qadar qiziqligidan o‘quvchilar ona tili darsini intiqib kutishi kerak edi. Muayyan tilni o‘rganishda unda “gapira olish” degan mezon birlamchi bo‘ladi. Xalq ta’limi vazirligi bolalarimizning ona tilini bilish darajasini xuddi shu mezon asosida o‘lchab, “gapirishni biladi, ularga ona tilini o‘rgatish shart emas”, deb ta’kidlamoqda. Biroq odam ona tilini faqat gaplashish darajasida bilishi, global dunyoda boshqa o‘rgangan tillari darajasida anglashi degani ― odamning faqat kun ko‘rib keta olish uchun yashayotgani demakdir. Bu esa MILLAT FOJIASI!
Biroq achchiq haqiqat borki, odamlarimiz sof ona tilida gaplashishni bilmaydi. O‘z tilimizga, o‘zgalar so‘ziga quloq berib ko‘raylik. Qolaversa, shevalar rang barangligi hammamizga ayon. O‘zbek adabiy tilini chuqur, juda chuqur o‘rgatish shart. Oramizda hatto xato qilishga haqi bo‘lmagan mutaxassislar ham tilni haminqadar biladilar. Oddiy misollar: men Hosiyat ismli qiz-ayollardan birortasining o‘z ismini shunday yozganini ko‘rmadim. Hammasi birdek Xosiyat yozishadi. Holbuki, bunday ism avval bo‘lmagan (Izohli lug‘atdan ko‘rsatishlari mumkin. Lekin unda “Hosiyat” ham bor). Keyinchalik paydo bo‘lgan. Bu ham “Hosiyat” ta’sirida. “Xosiyat” ― xususiyat so‘zidan ko‘ra “Hosiyat” so‘zining anglatadigan ma’nosi (ijobiy tomon, xislat, foyda, naf) ayollar ismi uchun munosibdir. “Maza” so‘zi o‘rnida “mazza” (mevaning mazzasi) deb, “izm” o‘rnida “izn” (opasidan izm olib), “esiz” o‘rnida “essiz” (esiz, uvol bo‘ldi) (va hokazo) deb ishlatayotganimiz sir emas.
Xulosa shuki, ona tilimiz haftasiga 2 soat emas, 10 soat o‘rganilsa ham, kam aslida. Darslarni qisqartirish emas, yana ikki soatdan qo‘shish kerak! Agar millat kerak bo‘lsa… Muhtaram vazirning o‘z o‘qituvchilari haqidagi “ona tilini himoya qilish dars talashish”mi qabilidagi xulosalari nainki o‘qituvchilarga, o‘ziga bo‘lgan hurmatsizlik edi. Chunki, avvalo, o‘qituvchilar orasida ona tilining og‘riqlarini his etganlargina bu masalaga aralashadi. Agar hamma ona tili o‘qituvchilari darsi kamayishidan xavotirda ekani rost bo‘lsa, demak, Xalq ta’limi vaziri faqat nomunosib kadrlar bilan ishlayotir. Bunday emasligini hatto o‘quvchilar ham yaxshi his qiladi. Darvoqe, men ham 5 yildirki, ta’lim odami emasman. Lekin xalq ta’limi bir odamniki ham emas, hammamizniki. Sababi ― bolalar va kelajak ham, til va o‘zlik ham hammamiznikidir.
Sanobar XO‘JAMURODOVA, Amudaryo tumanidagi 40-maktab direktori:
― Ona tili darsliklarimiz quruq qoidani yodlab, baho olishga asoslangan. 10-11-sinf darsligini ko‘ring. Amaliyot uchun nima bor? Darslik shunchalik ilmiyki, o‘qituvchilar mavzularni sharhlashda qiynaladi. 8-sinf darsligida misollarning mumtoz adabiyotdan berilishi esa mavzuni o‘zlashtirishda qiyinchilik tug‘diradi. O‘sha misollar hozirgi o‘zbek adabiyotidan keltirilsa, o‘quvchiga oson bo‘lardi. O‘quvchining yozma va og‘zaki nutqini o‘stirish uchun ona tili darslarida testlardan emas, matn yaratish, dialog tuzish, matnni qayta sharhlash kabi usullardan foydalanganimiz ma’qul. Nutq tovushlari til oldi, til orqa, til o‘rta, quyi keng, yuqori tor, o‘rta keng va h.k.ligini emas, o‘sha tovush ko‘proq qaysi so‘zlarda kelishini o‘rgatsak, o‘quvchilar ham savodliroq yozisharmidi? Nega biz o‘qigan vaqtlardagi darsliklar hozirgacha esimizda? Chunki sodda va tushunarli bo‘lgan. Keyingi vaqtda darslik chiqarish ham moddiylikka asoslanib ketdi. 37 yil shu sohaning nonini yedik. Qancha tanlov, konferensiyalarda qatnashdik. Shu kasb orqasidan elga tanilib, unvon oldik. Bugun tilimizda shuncha islohtalab masalalar turganda ona tili fanining qisqarishi nohaqlikdan boshqa narsa emas. Uning o‘rniga darsliklarni takomillashtirish, murakkabliklardan voz kechish borasida amaliy ishlar qilinishi kerak emasmidi?! Agar ona tili darslari qisqarsa, nimaga erishamiz? Faqat zarar ko‘ramiz. Yana hovliqib, shoshilib, yangi darsliklar yoziladi, muammolar yana ortadi.
Lobar YOQUBOVA, Romitan tumanidagi 13-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
― Ona tili fani doirasida imlo fani tashkil etish kerak. Asosiy qo‘llanma va darslik sifatida imlo lug‘ati va qoidalari hamda tinish belgilari qoidalariga oid risolalardan foydalanish lozim. Maktabdan tortib, barcha korxona va tashkilotlargacha undan foydalansin. Har bir shaxs o‘z tilining lingvistik asoslarini emas, uning ichki imkoniyatlari, ifoda shakllarini bilsagina, maktab ko‘rgan “savodsiz”ga aylanib qolmaydi. Hanuz oramizda “er” bilan “yer”ning farqiga bormaydiganlar, ё, ю, я, е kabi harflar lotin yozuvida bo‘g‘in sifatida olinishini bilmaydigan, necha yillardan buyon oktabrmi, oktyabrmi deb yurganlar yo‘q emas. Mana shunday vaziyatda ona tilini qisqartirish jiddiy xatodir.
Malohat ABDUQODIROVA, Parkent tumanidagi 22-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
― Oldinlari darsliklar oddiy va sodda tuzilgan edi. Hozir tilimizda tushuncha va atamalar sanoqsiz. O‘quvchi qay birini eslab qoladi? Masalan, biz tovushlarning unli va undosh, jarangli va jarangsizligini o‘rganganmiz, xolos. Uning gorizontal, vertikal holati yoki og‘izning ochilishi, yopilishi va boshqalar nega kerak?! Sodda gap va qo‘shma gapni bemalol farqlay olardik. Hozirgi havola bo‘lakli ergashgan qo‘shma gap, ega ergash gapli qo‘shma gap kabilar o‘quvchiga hayotiy ko‘nikma sifatida kerakmi? O‘quvchida to‘g‘ri fikrlash, savodli yozish, chiroyli so‘zlash layoqatini o‘sha atamalarsiz ham shakllantirish mumkin-ku. Nokamtarlik bo‘lmasin-u, men o‘sha oddiy va sodda tilimizni o‘qib, til va adabiyotimizni sevib, yaxshi ustoz, durustgina notiq, havaskor shoira bo‘lib yetishdim. Nazarimda, nutqimda ham, savodimda ham noqisliklar yo‘q. Hozirgi aksariyat o‘quvchilar ona tilini fan sifatida zerikarli hisoblashiga sabab ana shu mujmalliklar. Menimcha, darsni qisqartirib emas, mavzularni qayta ko‘rib chiqish orqali masalaning yechimini topmoq joiz.
Nurmamat HASANOV, Kasbi tumanidagi 31-maktab direktori, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
― Ona tili fanining vazifasi, sodda qilib aytganda, o‘quvchilarni xatosiz yozish va chiroyli gapirishga o‘rgatishdir. Xo‘sh, biz bunga qay darajada erishyapmiz? Natija o‘ylaganimizdek emas. Chunki ona tili darsliklaridagi tushunchalarning 70 foizi maqsadlarimizga mos kelmaydi. Dastur talabi! Shunday deb o‘qitishda davom etyapmiz. Bu orqali o‘quvchini chalg‘itib, charchatib fandan sovutyapmiz, xolos. Bu faqat OTMlarga kirish testlari uchun asqotmoqda. Aslida “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” savod chiqarish uchun asosiy dastur bo‘lmog‘i kerak. Qolaversa, imlo va izohli lug‘at ham eng zarur manbalardan. Ammo hozir bu lug‘atlardan deyarli foydalanilmaydi. Men darslarni amaliy mashg‘ulotlar asosida olib borishni taklif qilgan bo‘lardim. Mashg‘ulotlarda o‘quvchi tinglovchi emas, ijrochi bo‘lsin. Matn bilan ko‘proq ishlash kerak. Bu, albatta, o‘qituvchidan tajriba, mehnat talab qiladi. O‘zbek tilining orfografiya, leksikologiya, punktuatsiya bo‘limlari kengroq o‘rganilishi kerak. Insho yozish nazariyasiga doir bilimlarni o‘rganish uchun ko‘plab dars soatlari ajratish lozim. Xullas, savodxonlik masalasi faqat o‘quvchilar uchun emas, hamma uchun zarurligini his qilishimiz shart. Buning uchun ishga kirishda, harbiy xizmatga olishda ariza, tarjimayi hol kabi ish qog‘ozlarini shaxsan o‘zidan yozma talab qilish kerak. Nufuzli ishlarga qabul qilishda diktant yozish shart qilib qo‘yilsa, savodxonlikka e’tibor kuchayar edi. O‘zbek tili go‘zal va boy til. O‘zbek tili ― davlat tili. O‘zbek tilida 40 milliondan ortiq kishi muloqot qiladi. Ona tili fanining qisqarishi bo‘yicha aytilayotgan fikrlarga chetdan qarab tura olmayman. Undan ko‘ra chet tillaridagi kabi ona tili darslarini ham bo‘lib o‘qitishni joriy qilish kerak. Savodxonlik ― davr talabi. Bunga mehnat, yangilanish va islohotlar bilan erishiladi. Kelajakda tilimiz musaffoligini saqlab qolaylik desak, mehnatimizni ayamaylik, hamkasblar; mablag‘ni ayamang, mutasaddilar!
Iqbol YUSUPOVA, Amudaryo tumanidagi 40-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
― Gazetaning bir sahifasi ona tili darslarining qisqarishiga bag‘ishlansa, yomon bo‘lmasdi. Bugun hammaning e’tibori shu masalada. Men ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi sifatida ish boshlaganimga endi 3 yil to‘ldi. O‘quvchiligimdan respublika olimpiadalaridagi ishtirokim o‘qituvchilik sari yo‘l ochdi. O‘quvchilarim ham faol, turli tanlovlarning g‘olibi bo‘ldi. Men dars beradigan sinflarda 35–37 nafar o‘quvchi bor. Ko‘pincha ularning barini baholashga ulgurmayman. Bir narsaga hayronman. Rus tili, ingliz tili, qoraqalpoq tili fanlari guruhlarga bo‘lib o‘qitiladi, lekin mukammalroq bilishimiz kerak bo‘lgan ona tili fani bundan mustasno! Axir, o‘z ona tilini bilmagan inson o‘zga tillarni mukammal o‘rgana olarmidi?! Maktabimizda 7 nafar ona tili o‘qituvchisi ishlaydi. Endi ona tili va adabiyot darslari 5-sinfda 9 soat o‘rniga 5 soat, 6-sinfda 7 soat o‘rniga 5 soat, 7-, 8-, 9-sinflarda 5 soat o‘rniga 4 soat o‘qitilarkan. Boringki, yangi o‘quv yilidan 1,5 stavka dars qisqararkan maktabimiz bo‘yicha. Bizda bir soat qoraqalpoq tili fani uchun ham ona tilidan olinadi. O‘qituvchilarning maoshi nima bo‘ladi? Oylik oshgani haqida bong urdik, nega o‘qituvchilar oylik maoshi nima bo‘lishi haqida hech kim gapirmaydi? Nega OTMda qabul kvotasi o‘zgarmadi unda? Dars soatlari kamaysa, ortiqcha tayyorlangan mutaxassis qayerdan ish topadi? Xo‘sh, keyingi bitiruvchilarning ishga joylashishini kim kafolatlaydi? Bilmadim, yosh mutaxassis sifatida mening ham ruhim tushdi. Endi shu qisqargan soatlarga mo‘ljallangan darsliklar maktablarimizga qachon yetib keladi? Konspekt yozish bekor qilinganiga qarsak chaldik, ish reja va o‘qituvchi uchun qo‘llanmalar qachon kelarkan, ular tayyormi? Ona tili darslari qisqarishi to‘g‘ri yechim emas, bu savodsizlikning yanada oshishiga olib keladi. Qolaversa, bu yoshlar kelajagi uchun to‘siq, deb hisoblayman.
Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.