“Fanlar shohi”ning shoxi sinmasin
Fanlar orasida eng muhimi, eng keraklisi qaysi, sizningcha? Albatta, har kim o‘zi daxldor bo‘lgan fanni birlamchi hisoblaydi. Keraksiz fanning esa o‘zi yo‘q. Lekin oddiy bir haqiqatni tan olish kerak: matematika barcha zamonlarda “fanlar shohi” deb bejiz qadrlanmagan. Har qanday fanni suv qilib ichib yubora olaman deb maqtanuvchi kishilar ham matematika o‘zlashtirilishi eng qiyin fan deya e’tirof etishi bor gap. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “Matematika hamma aniq fanlarga asos. Bu fanni yaxshi bilgan bola aqlli, keng tafakkurli bo‘lib o‘sadi, istalgan sohada muvaffaqiyatli ishlab ketadi”.
Yashirib nima qildik, mamlakat miqyosida olamizmi yoki, masalan, bizning tog‘li tumanimizdagi olis qishloq maktablarida ham farzandlarimizning matematika faniga qiziqishi, bilim darajasi ancha pasayib ketgan edi. Bu borada tajribali ustozlar katta-kichik yig‘ilish, anjumanlarda, jumladan, matbuot sahifalarida tashvishlanib bong urib kelishdi. Lekin o‘zgarishlar juda sekinlik bilan davom etardi. Xulosa qanday bo‘ldi? Demak, vaziyat chigallashgani ayon bo‘ldi, va nihoyat, matematika fanini o‘qitishning yangicha tizimini yo‘lga qo‘yish zarurati tug‘ildi. Oddiy misol, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi tizimidan tortib, bu muhim fanni o‘qitish sifatini yanada yaxshilashga ehtiyoj nihoyatda katta edi. Tabiiyki, bu jarayon bir yoki ikki-uch yilda birdaniga amalga oshmaydi. Puxta tayyorgarlik ko‘rilib, sohada bosqichma-bosqich kadrlar tayyorlash orqaligina maqsadga erishish mumkinligini ko‘pchilik ma’qulladi.
Shaxsan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlang‘ich ta’limdan boshlab, xalq ta’limi va oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichda matematika fanini bosqichma-bosqich rivojlantirishga ayni vaqtida alohida e’tibor qaratilgani barcha hamkasblar qatori meni ham g‘oyat quvontirdi.
Sir emas, rivojlangan davlatlar ro‘yxatiga kirgan o‘lkalarda endigina taraqqiyot bosqichlari boshlanayotgan kezlarda, eng avvalo, matematikaga alohida e’tibor qaratilgani ko‘p bora ta’kidlangan. Oddiygina misol, juda qisqa davr ichida eng qashshoq davlatlardan biri sifatida sanalib kelingan Singapurning ilg‘or davlat darajasiga yetganligi dastlab boshlang‘ich sinflarda matematika fani o‘qitilishiga e’tibor kuchaytirilgani bilan izohlanadi.
Shu yilning 7-mayida Prezidentimizning “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda matematika maktabini rivojlantirish bo‘yicha tizimdagi muammolar bosqichma-bosqich hal etilishiga va “fanlar shohi”ning taraqqiyotiga mustahkam zamin yaratadi deyishga endi bizda asoslar yetarli.
Dilshod NORMURODOV, Kitob tumanidagi 74-maktabning matematika va informatika fani o‘qituvchisi