Chet tillarni o‘qitish borasida adolat va tenglik bo‘lishi kerak emasmi?!
Fransuz, nemis va ispan tili o‘qituvchilari nomidan Xalq ta’limi vaziriga navbatdagi ochiq xat
Hurmatli Sherzod Shermatov! So‘zim avvalida o‘zim haqimda ikki og‘iz so‘z aytsam. Bolaligimdan ta’lim olishga qiziqardim. Oilamiz ko‘p farzandli edi. Ota-onamiz ham ziyoli insonlar bo‘lgani tufayli tahsil olishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Katta akam O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti fransuz filologiyasi yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga kirganida, men endigina 2-sinfni tugatgan edim. Yosh bo‘lsam ham, akamga havas qilib “Men ham albatta o‘sha dargohda o‘qiyman” deb niyat qilgandim.
Maktabni tugatgach, o‘sha ta’lim muassasasiga hujjat topshirdim. Ammo imtihonda yetarli ball to‘play olmadim. Biroq bu meni maqsadimdan qaytara olmadi. Yanada kuchliroq o‘qishda davom etdim. Keyingi yili yana fransuz filologiyasi yo‘nalishiga hujjat topshirib, imtihondan yuqori ball oldim. Davlat granti asosida qabul qilinganlar ro‘yxatining eng boshida ism-familiyamni ko‘rib ko‘zlarimga ishonmaganim rost. Katta umidlar va yangi orzular bilan tahsil olishni boshladim.
Ammo 2-kursda o‘qiyotganimizda ayni chet tillarni o‘qitish borasida g‘alati qarorlar qabul qilindi. Respublikamizda fransuz, nemis, ispan va boshqa tillar birdaniga chekkaga surilib, keraksiz tillardek qarala boshlandi. “Dunyodagi ko‘pchilik aholi shu tilda so‘zlashadi, ilm-fan yutuqlari ham shu tilda”, deya bor e’tibor ingliz tiliga qaratildi. Jahon tillari universitetida oldindan 2 ta ingliz filologiyasi fakulteti bor edi. Nemis, fransuz, ispan tillari qisqartirilishi hisobiga 3-ingliz filologiyasi fakulteti tashkil etildi.
Janob vazir! Ingliz tiliga e’tibor berilishi yaxshi, ammo bu boshqa tillarga e’tiborning qisqartirilishi hisobiga bo‘lishi kerak emas-ku! Fransuz, nemis, ispan tillarida Yevropa, Amerika va Afrika qit’alarida milliardga yaqin aholi so‘zlashadi. O‘zbekistonga keluvchi chet ellik sayyohlar orasida ham shu tillarda so‘zlashuvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu yurtimizda ushbu tillarni biladigan mutaxassislarga talab borligiga isbot. Lekin shunga qaramay, shu tillar borasida mantiqsiz qarorlar qabul qilindi va amalda joriy etildi. Fransuz, nemis, ispan tillari fakultetlari yopilgach, o‘qituvchilar ishsiz qoldi, talabalar bir sinfga sig‘adigan sanoqqa keldi. Vaholanki, respublikamizning barcha viloyatlaridagi maktablarda bu tillarni 400–500 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rganadi.
Ingliz tilini o‘qitishga e’tibor haddan oshgach fransuz, nemis, ispan hamda boshqa tillar yo‘nalishlarini bitirib, diplom olgan talabalarga ish topilmay qoldi. Natijada ingliz tili bo‘yicha qayta tayyorlov kurslari tashkil qilindi. Bir necha oylik kurslarning sertifikati fransuz, nemis, ispan tillari bo‘yicha universitet diplomidan baland turadigan bo‘lib qoldi. Men ham o‘qishni tugatishim bilan ingliz tili bo‘yicha qayta tayyorlov kurslarida o‘qishga majbur bo‘ldim. Chunki ish shartnomasi tuzish uchun maktablarga borganimda, fransuz tili o‘qituvchilari yetarli ekanini, ingliz tili o‘qituvchilari kerakligini aytishdi.
Sherzod Hotamovich! Pandemiya sabab butun respublikada ta’lim teledarslar asosida tashkil etildi. Ammo fransuz va nemis tillari yana bunday imkoniyatdan bebahra qolishdi. Maktabimizda barcha darslar teledarslar orqali o‘tilgan bo‘lsa, faqat men yomon sifatli internet yordamida onlayn dars o‘tdim. Mehnatdan qochmayman, ammo barcha fanlar va chet tillar borasida adolat va tenglik bo‘lishi kerak emasmi?!
Fransuz tiliga bunday e’tiborsizlikdan keyin ota-onalar ham “Ingliz tili yaxshi ekan” degan xulosaga kelgan bo‘lsalar ne ajab?!
Afsuski, koronavirus muammosi hali hal bo‘lgani yo‘q. Shu sabab sentabrda darslar yana teledarslar orqali o‘tilishi ehtimoli bor. Mabodo shunday bo‘lgan taqdirda, biz — fransuz, nemis, ispan va boshqa chet tillari o‘qituvchilari yana e’tibordan chetda qolamizmi?
Til — boylik. Yurtimizda qancha ko‘p tillarni biladigan mutaxassislar ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Shuning uchun chet tillar siyosati borasida yakka til hukmronligiga chek qo‘yish kerak. Shunda dunyo davlatlarining eshiklari bizga yanada kengroq ochiladi.
Qunduz RO‘ZMETOVA,
Qo‘shko‘pir tumanidagi
36-maktabning fransuz tili fani o‘qituvchisi