O‘qituvchi tarjima qilgan roman
“Skarletning yanoqlari keng, iyagi, xushbichim yuzi beixtiyor o‘ziga tortardi. Ayniqsa, qop-qora kipriklar bilan o‘ralgan biroz qiyiq, zangori tiniq ko‘zlari…”. Amerikalik yozuvchi Margaret Mitchell o‘zining dunyoga mashhur “Shamollarda qolgan hislarim” romani qahramoni Skarletni shunday tasvirlaydi. Bizga kinosi bilan tanish “Shamollarda qolgan hislarim” romani yozilgach, dastlabki uch yil ichida Amerikada 48 marta nashr etilgan. Amerika adabiyotida bu asarni Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romaniga tenglashtirishadi.
1936-yili nashr etilgan roman asosida 1939-yili film suratga olingach, uning shuhrati adabiyotdan Hollivudga ko‘chdi. “Shamollarda qolgan hislarim” filmi dunyoning eng ko‘p daromad keltirgan filmi bo‘lib qoldi. Yillar o‘tib undan o‘zgan yagona film “Titanik” bo‘ldi. Asarning ikkinchi qismi bo‘lgan “Skarlet” romani asosida esa miniserial suratga olingan.
Asarning bunchalik mashhurlikka erishishi sababi uning chuqur falsafiyligi yoki unda tarixiy haqiqatlarning ochiqlanishi emas, balki ayol qalbining osoyishtalikda ham, urush yillarida ham tilsimli bo‘lib qolaverishi, uning o‘zi ham bilmagan murakkabliklari asarda yaqqol tasvirlab berilgani o‘quvchilarni o‘ziga rom qilgan deyish mumkin. Asar bosh qahramoniga adabiy tanqidchilardan biri “XX asr Amerika adabiyotida Skarlet O’Xaradan jonliroq xarakter yo‘q” deya baho bergan edi.
Asarning o‘zbek tilidagi nusxasi bilan tanishar ekanman, tarjimaning ravonligi, ifodalarning yaqqolligi, tasvirning tiniqligi e’tiborimni tortdi. Qiziqib ko‘rsam, tarjimon Rohila Axtamova asli nafaqadagi o‘qituvchi bo‘lib, uzoq yillar Samarqand viloyati Payariq tumanidagi maktablarda rus tili va adabiyotidan dars bergan ekan. O‘z fani bilan birga o‘zbek tilining ham nozik qirralarini his qila olgan pedagogning tarjimasi o‘quvchini o‘ziga maftun etadi. Roman ingliz yoki rus tilida emas, aynan o‘zbek tilida yozilgandek o‘qiladi. Bu esa, shubhasiz, tarjimonning mahoratidan darak. Ustoz-murabbiylar orasida ham adiblar va tarjimonlardan qolishmaydigan ijodiy salohiyatga ega pedagoglar borligining isbotidir bu.
Nabijon RAHIMOV