“Geografiya cho‘qqisi”ning balandligi qancha?
Ko‘pchilikdan “Geografiya — qiziqarli fan”, “Geografiyaga juda qiziqaman” degan fikrlarni eshitamiz. Ammo kamdan-kam insonlar ushbu sohani egallashining guvohi bo‘lamiz. Ba’zi yoshlarning bu fanga qiziqmasligi, tushunmasligi haqida eshitib, sababini so‘raganimda, aksar geografiya o‘qituvchilarining qo‘polligi, dars mavzusini yaxshi tushuntirmasdan faqat o‘quvchilarga baland ovozda “tarbiyaviy soat” bilan vaqt o‘tkazishlarini aytgan.
Demak, yaqin-yaqingacha faqat geografiya o‘qituvchisi kasbini egallamoqchi bo‘lganlargina ushbu fanni astoydil o‘qir edi. Ayniqsa, 9-10-sinfdan bu fanga umuman vaqt ajratmasdan, o‘zlariga tegishli fanni chuqur o‘ganishga kirishishgan. Hozirgi o‘smirlar faqat OO‘Ylarga kirish uchun kerakli fanlarni o‘rganishmoqda. Ota-onaning tasavvuri esa: “Farzandim falonchi o‘qituvchiga repetitorga boryapti-ku, o‘qishga kiradi”. Afsuski, repetitorga pul topib berayotgan ota-onalar, farzandlari “ilm-bilimlar bozori”dan nimalarni sotib olayotganini tekshirishga vaqt topmayapti. Ya’ni, farzandi o‘qiyotgan kitoblardan savol-javob o‘tkazib turadiganlari juda kam uchraydi. Repetitor darslarini tog‘li tabiat landshaftiga qiyoslasak, unda o‘qitiladigan asosiy fanlar cho‘qqilardir. Shunday ekan, bu repetitor tog‘ining geografiya cho‘qqisi necha metr bo‘lishi mumkin?
Besh oy avval “geografiya cho‘qqisi” repetitor tog‘ tizmasiga kirmas edi. Joriy yildan OO‘Ylarining tarix fakultetlariga o‘qishga kirish imtihonlariga geografiya fani ham qo‘shilgani baland cho‘qqilarning to‘qqiztaligini o‘ntalikka aylantirdi. Ya’ni, matematika, ona tili va adabiyot, ingliz tili, tarix, fizika, biologiya, kimyo, informatika, rus tili hamda geografiya. Xo‘sh, geografiya fanidan repetitorga borish shartmikan? Bor-yo‘g‘i 6 ta darslikda 300 ta mavzuning nazariy bilimlarini 180 kunda bemalol tushunib yodlashga ulgursa bo‘ladi. Vaholanki, bir kunning ikki soatini uch-to‘rtta mavzu va atlas bilan shug‘ullanishga ajratsa bo‘ladi. Tushunmagan, eslab qolishi qiyin bo‘lgan ma’lumotlarni o‘qituvchidan so‘rab turish kifoya. Ushbu maslahatni eshitgan o‘smirlar: “Geografiyaning masalasi borda, ularni yechishni mustaqil o‘rganish qiyin. Shuning uchun repetitorlik qiling” deb murojaat qilishmoqda. Abituriyentlarning bu gaplari mutlaqo to‘g‘ri. Geografiyaga taalluqli masalalarning 90 foizi 5-sinf mavzulariga to‘g‘ri keladi. Eng achinarlisi, ushbu masalalarni mukammal tushunib olish 5-sinf o‘quvchisining yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan va ularga o‘tilmaydigan fizika faniga bog‘liq bo‘lib, ustiga-ustak masalalar yechishga amaliy mashg‘ulot darsi bir yilda bor-yo‘g‘i ikkita dars. Ayniqsa, hozirgi dunyo xaritasini ko‘ziga singdirishga ulgurmagan, endigina boshlang‘ich sinfdan chiqib kelgan o‘quvchilarga juda qadimgi, o‘tgan asrlarda tuzilgan xaritalarni, birgina darsning o‘zida o‘rgatishimiz imkonsiz. Bu xaritalardagi barcha geografik nomlar OO‘Ylarga kirish uchun murakkab test qilib berilyapti.
Biz 5-sinf o‘quvchisiga, endigina nihol qilib ko‘chirilgan daraxt ko‘chati tanasiga narsa ilish uchun mix qoqayotganga o‘xshaymiz. 5-sinf o‘quvchilariga qiyinlik qilgan masalalarni to‘rt-besh marta yozib-chizib tushuntirganimizda ham arang tushunadigan o‘quvchilar 8-sinfga o‘tganidan so‘ng birgina og‘zaki aytsak ham tushunib olishadi. Lekin 5-sinf o‘quvchilari 9-sinf “Jahon iqtisodiy-ijtimoiy geografiyasi” mavzularini qiynalmay o‘zlashtirganiga ham guvoh bo‘lyapmiz. Ushbu darslik mualliflari maktabning 5—9-sinf o‘quvchilariga (bir sinfga 30 nafar), hozirgi fan-texnika davrida geografiya fanidan uzluksiz ravishda necha yil dars o‘tib amaliyot o‘tagani darslik taqrizchilarining maktab o‘qituvchilari boshqa nechta maktabning geografiya o‘qituvchilari bilan o‘zaro xulosaga kelishi bizga qorong‘i. Bu holatni nafaqat geografiya fani, yana kimyo, biologiya, fizika fanlarida ham ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni ushbu fanlardan amaliy mashg‘ulotlar soati bir yilda 10 foiz, rivojlangan davlatlarda esa 30—50 foizini tashkil qiladi. Bugun yoshlar chuqur va puxta bilim egallashlari uchun qanchadan-qancha mablag‘, mehnat sarflansa-yu o‘qituvchilar foydalanmasa, o‘quvchilarga “ko‘rmoqlik bor — yemoqlik yo‘q” tarzida ish tutilsa, ilmga bo‘lgan chanqog‘i qondirilmagan yoshlardan ko‘p narsa umid qila olmaymiz.
Xurshida YO‘LDOSHEVA, Kitob tumanidagi 2-IDUMI geografiya fani o‘qituvchisi