Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga ta’lim yordamini kuchaytiradi
Joriy yilning 16-iyul kuni “Yevropa ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda inson o‘lchovi: yoshlar, almashinuv va yaxshi hayot” mavzusida ekspert video anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti ekspertlarining yevropalik hamkasblari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligi ko‘magida video anjuman tashkil etildi.
Unda Yevropa parlamenti a’zolari, Yevropa tashqi ishlar xizmati vakillari, Yevropa Ittifoqining qo‘shni mamlakatlar ishlari bo‘yicha Kengashi ekspertlari hamda Yevropadagi yetakchi davlatlar, xususan hozirda Yevropa Ittifoqida raislik vazifasini amalga oshirayotgan Germaniya tahlilchilari ishtirok etishdi.
Onlayn-muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda “Yaxshi hayot” va unga erishish uchun zarur bo‘lgan uning “tarkibiy qismlari” tushunchalarining O‘zbekiston fuqarolari, eng avvalo yoshlari tomonidan qabul qilishini masalalari hamda shu munosabat bilan talab etiladigan O‘zbekiston-Yevropa hamkorligini rivojlantirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov tadbirni ochib berar ekan, yoshlar siyosati O‘zbekistonni isloh qilish va yana-da rivojlantirish borasidagi rejalarning asosini tashkil etishini qayd etdi. So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu borada yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi jihatlarini qamrab olgan chuqur tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Toshkentda qabul qilinayotgan chora-tadbirlar Yevropa e’tiboridan chetda qolmayapti, deb hisoblaydi Yevropa Ittifoqining qo‘shni mamlakatlar ishlari bo‘yicha Kengashi direktori Samyuyel Vesterbe. Uning qayd etishicha, ayni paytda O‘zbekiston chuqur islohotlarning muhim bosqichidan o‘tmoqda. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi Kelishuv tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikda muhim bitim bo‘lishi lozim. Shu bois, fuqarolik jamiyatlari, inson salohiyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan almashinuvlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish tuzilayotgani savdo munosabatlari hamda aholining barcha qatlamlari o‘rtasidagi eng yaxshi o‘zaro munosabatlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordam beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining direktor o‘rinbosari Sanjar Valiyev COVID-19 pandemiyasi sharoitida O‘zbekiston ijtimoiy siyosatida amalga oshirilayotgan muhim jihatlar hamda yoshlarning salohiyatini hisobga olgan holda, inqirozdan keyingi tiklanish bo‘yicha hukumatning strategik qarashlarini bayon qildi.
Xususan, ekspert hamkorlik qilishda YEIning salohiyati foydali rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan o‘zbek yoshlarining ta’lim va kasbiy tayyorgarligi sohasidagi bir qator loyihaviy takliflarni taqdim etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining direktor o‘rinbosari video anjuman mavzusiga to‘xtalib, “yaxshi hayot”ni tushunish formulasini 2030-yilgacha bo‘lgan davrda qabul qilingan BMT Barqaror rivojlanishning 17 ta global maqsadlariga erishish asosida ishlab chiqishni taklif etdi. U YEI ning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan strategiyasi va O‘zbekiston bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim chuqur ishlab chiqilgani, O‘zbekiston Prezidentining izchil davom etayotgan islohotlari ehtiyojlarini inobatga olgan holda har tomonlama ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shu bois, tomonlar ushbu kelishuvlarni izchil amalga oshirishga o‘tishlari lozim.
Yevropa parlamentining a’zosi Ilxan Kyuchuk Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. U Yevropa qonunchilik organida O‘zbekiston bo‘yicha maxsus ma’ruzachi bo‘lgani holda, Bryusselning Markaziy Osiyodagi maqsadlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda e’lon qilingan o‘zgarishlarni izchil amalga oshirish, mamlakatni YEI da “o‘sib borayotgan sherik” sifatida qabul qilinishiga yordam beradi.
Parlament a’zosi Yevropada O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar imkoniyatlar taqdim etibgina qolmay, chaqiriqlarga ham to‘la ekani yaxshi bilishadi.
Bryussel bu borada Toshkentni to‘la qo‘llab-quvvatlashga tayyor. YEI ham yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishda insonlar va ularning salohiyati muhim ahamiyat kasb etadi, degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.
Xalqaro iqtisodiyot va diplomatiya universiteti prorektori Gulnoza Ismoilova tashqi ochiqlik siyosati va islohotlarni amalga oshirishda yosh avlodning ishtirokiga e’tiborni qaratar ekan, yoshlar O‘zbekistonning buguni va kelajagi ekanini ta’kidladi.
Yevropa komissiyasining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha Bosh direktorati vakili Machey Madalinskiy yoshlarning qarorlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishiga qaratilgan “Umumiy tushunish yo‘lida” yangi dasturini amalga oshirish boshlanganini qayd etdi.
Anjuman yakunida tomonlar kelgusi oylarda O‘zbekiston va Yevropa parlamenti ekspertlari va jamoatchilik vakillarining chiqishlarini tashkil etish zarurligini qayd etdilar. Uchrashuvda shuningdek, mutaxassislar tomonidan ta’lim va kadrlarni kasbiy tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishda “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalasi ham muhokama qilindi.
O‘zA