Maktab tilshunos olimlarning tajriba quyonchasi emas!
Maktablarda dars o‘tayotgan o‘qituvchilarga tanqid ko‘zi bilan qarab, turli sinovlar, bellashuvlarni tashkillashtirayotgan ba’zi olimlarimiz bir oy maktablarga borib dars berishlarini, oliy ta’lim bilan o‘rta ta’lim farqlarini, maktabda hamma bola ham bir xil o‘qiy olmasligini, undagi muhitni yaqindan kelib ko‘rishlarini istardim.
Maktab darsliklarini faqat tilshunos olimlar emas (to‘g‘ri, mualliflar qatorida nomiga maktab o‘qituvchisining ism-familiyasi ham turadi), to‘liq maktab o‘qituvchilarining o‘zlari ishlab chiqishi kerak. Darslik namunasi tayyor bo‘lgandan keyin tilshunoslarimiz uni nazoratdan o‘tkazib, keyin respublika miqyosida muhokamaga qo‘ysin. Shunda har bir pedagog o‘z qarashlari, faoliyati, malakasidan kelib chiqib fikr bildiradi. Chunki maktab o‘quvchisining saviyasi bilan, oliy ta’lim talabasining saviyasi mutlaqo nomutanosib. Maktabda dars beradigan o‘qituvchi bolaga nimani ko‘proq o‘rgatish kerag-u, qaysi mavzuga qisqaroq yondashish lozimligini yaxshi biladi. Maktab o‘quvchisi bilan talaba orasida bilim olishga, o‘qishga munosabat yer bilan osmonchalik. Maktabda o‘qituvchi ba’zi o‘quvchilarni istamasa, majburlab o‘qitishiga to‘g‘ri keladi. Ko‘proq mas’uliyat o‘qituvchining zimmasiga tushadi. Oliy ta’limda-chi? Buning teskarisi. Shuning uchun maktab darsligi yaratishni o‘qituvchilarning o‘zlariga topshirish kerak. Shuni unutmaylik, maktab tilshunos olimlarimizning tajriba quyonchasi emas!
Dilafro‘z ESHONOVA, Shofirkon tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi