Oʻqituvchilarning faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik belgilandi
Bosh prokuratura tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan qator qonunlar va kodekslarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeks 197⁵ - modda bilan toʻldirildi.
Unga koʻra, taʼlim muassasalari pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki taʼlim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishga toʻsqinlik qilish javobgarlikka sabab boʻlishi belgilandi.
Bunday huquqbuzarlik uchun:
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHMning) 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 mln 115 ming soʻmdan 1 mln 561 ming soʻmgacha);
mansabdor shaxslarga esa BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida (1 mln 561 ming soʻmdan 2 mln 230 ming soʻmgacha) jarima qoʻllaniladi.
Shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa:
fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 561 ming soʻmdan 2 mln 230 ming soʻmgacha);
mansabdor shaxslarga esa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorida (2 mln 230 ming soʻmdan 3 mln 345 ming soʻmgacha) jarima qoʻllanishi mumkin.
Ushbu huquqbuzarlik sodir etilganda taʼlim muassasasining pedagog xodimi maʼmuriy bayonnoma tuzmasdan oʻz arizasida huquqbuzarning shaxsi, huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda boshqa zarur boʻlgan maʼlumotlarni koʻrsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.