Tilim kuymasidan aytib olay…
Xalq ta’limi tizimida islohotlar amalga oshirilmoqda. Bundan behad shodmiz, ammo ayrim ishlar, masalan, ona tili soatlarining qisqarishi kishini taajjubga solmoqda. Shundoq ham ona tili darslari umumiy sinf bilan o‘tiladi. Ba’zi sinflarda o‘quvchi soni 35–40 nafarligini ko‘z oldimizga keltirsak, ona tili yuzaki o‘rganilayotganini tushunish qiyin emas. Endi bu ham yetmagandek, dars soatlarining qisqartirilishi…
Oliy ta’lim tizimiga kirish imtihonlarida ona tili fani bo‘lmagan hech bir yo‘nalish yo‘q. Shunday ekan, har bir o‘quvchi bu fanni chuqur o‘rganishi darkor. Ona tili va adabiyotdan maktab darslaridan qoniqmay, repetitorga boradiganlar sinfda 80–90 foizni tashkil qiladi. Sababi, testda tushadigan savollar murakkab, darslarni chuqur o‘rganish uchun esa imkon yo‘q.
Misol tariqasida keltiraylik: kirish imtihonlarida abituriyentlarga qiyinchilik tug‘dirayotgan savollardan biri gap bo‘laklari va ularning tahlilidir. Lekin biror-bir sinf o‘quv dasturida alohida gap bo‘laklarini tahlil qilish mavzusiga chuqur kirishilmagan (5-sinfda boshlang‘ich tahlil bor, xolos).
Agar ona tilimizni ham chet tilining o‘qitilishi singari sinfni ikki guruhga bo‘lib o‘rgatsak, 35–40 nafar o‘quvchi savodini yaxshilash, daftarlarni nazorat qilish, husnixatiga e’tibor berishga vaqt yetar va ularni oliy ta’limga kirish imtihonlariga puxta tayyorlay olgan bo‘lardik.
Poydevori mustahkam bo‘lmagan uy qulab tushishini har birimiz bilamiz. Bilimlarning asosi maktabda beriladi. Bir jumlani ham xatosiz yozolmaydigan, o‘z fikrlarini ona tilida chiroyli ifoda qilib berolmaydigan, tilimizning ertasi uchun qayg‘urib, uni buzib qo‘llashdan o‘zini tiyadigan yosh avlodni tarbiyalash uchun imkoniyatlarni saqlab qolishimiz darkor.
Saodat TOJIYEVA, Yakkasaroy tumanidagi 48-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi