Tezaytishlarning samarasini bilasizmi?
1-sinfga qadam qo‘ygan bolalarning dars jarayoniga moslashishi oson bo‘lmaganidek, kunni o‘yin bilan o‘tkazgan bolani tartibga olishda ham o‘qituvchilar qiyinchiliklarga duch keladi. Ziyrak bolalar darslarni tez fursatda o‘zlashtirib oladi. Lekin o‘quvchilar orasida o‘zlashtirishda qiynaladiganlari ham uchraydi. Ayrim bolalar “r” , “k” va boshqa tovushlarni aytishda qiynaladi. Talaffuzida muammosi bor o‘quvchilar bilan ishlash o‘qituvchidan ko‘proq mehnat talab qiladi.
Mana shunday vaziyatlarda tezaytishlardan foydalanish yaxshi samara beradi. Avvalo, tezaytish orqali bola to‘g‘ri, ravon o‘qishni o‘rganadi. Tezaytishni tez aytaman deb, talaffuzida qiynaladigan tovushlarni ham to‘g‘rilab aytib yuboradi. O‘quvchilar o‘rtasida ijodiy musobaqa muhiti ham paydo bo‘ladi. Faoliyatim davomida guvohi bo‘ldimki, bolalarga tezaytishni o‘rgatishning ijobiy taraflari juda ko‘p. Ayniqsa, 1-sinflarning savod chiqarish davrida 3 ta harf o‘tilgach, o‘g‘il-qizlardan diktant olishni boshlaymiz. Shu vaqtdan boshlab sodda tezaytishlarni yodlatib borish kerak. Bu orqali ularda ko‘nikma hosil bo‘ladi. Misol uchun:
1. Ayiq asal yaladi, asalari taladi.
2. Bilimli bola Bilolmi,
Bilol bilimli bolami?
3. Malika marradami,
Mardon marradami?
kabi sodda misralar bolalarning ifodali o‘qish ko‘nikmalari shakllanishiga zamin bo‘ladi. Bu usuldan barcha fanlar doirasida foydalanish mumkin. Savod o‘rgatish jarayonida, o‘qish, tarbiya darslarida, darsdan so‘ng o‘tiladigan to‘garak mashg‘ulotlarida foydalanilsa, o‘quvchilarimizning nutqi, talaffuzi ravonlashuviga, ziyrak va chaqqon bo‘lishiga erishamiz. Masalan, savod o‘rgatish davrida “k” harfi o‘tilayotganda quyidagi tezaytish mavzuga mos:
Lak-lak elak, elakka un kerak.
Shu asosda savol-javob ham o‘tkazish mumkin:
1. Tezaytishimizda nechta “k” harfi ishtirok etgan? (7).
2. 7 juft sonmi yoki toq? (Toq).
Shu va shunga o‘xshash misollar bilan fanlararo bog‘lanishga ham erishish mumkin.
Shahnoza SOTVOLDIYEVA, Xo‘jaobod tumanidagi 26-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi