Bulung‘urdagi maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik qanday, aniqlangan muammolar bartaraf etildimi?
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov joriy yilning 4-iyun kuni Bulung‘ur tumanidagi umumta’lim maktablarida bo‘lib, yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bilan tanishgan edi. Ushbu jarayonda ayrim umumta’lim maktablarida qator muammo va kamchiliklar aniqlanib, xalq ta’limi bo‘limi va maktab direktorlariga topshiriqlar berilgandi.
Jumladan, Bulung‘ur tumanining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hududida joylashgan 41-umumta’lim maktabida yurtimizda karantin boshlangandan keyin ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgani tanqid qilingandi. Bugungi kunda 41-umumta’lim maktabi yangi o‘quv yiliga tayyor. Barcha sinfxonalarning devor va pol qismlari bo‘yalgan. 2019-yilda mahalliy byudjetdan ajratilgan 56 million so‘m mablag‘ hisobiga 2 ta yangi qozonxonalar o‘rnatilib, isitish tizimi to‘liq yangilangan.
Tumandagi 10-umumta’lim maktabida ham qator muammolar ko‘zga tashlangan edi. Ayni paytda aniqlangan kamchiliklarning barchasi bartaraf etilib, maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Mazkur maktabda 2019-yilda “Obod qishloq” dasturi asosida 140 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilib, zamon talablari asosida jihozlangan holda foydalanishga topshirilgan. E’tiborlisi, tuman hokimi B.Bahromov tashabbusi bilan yaqinda maktabdagi o‘qituvchilar xonasiga zamonaviy mebellar topshirildi. Bundan tashqari, 7 ta sinfxona 2 tadan shkaf va kitob javonlari, stol va stullar bilan jihozlandi. Tumandagi yana 6 ta maktabga xuddi shunday tartibda zarur mebellar topshirildi.
Bulung‘ur tuman hokimligi tomonidan xalq ta’limi sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doir amalga oshirilayotgan ishlarni ham alohida e’tirof etish joiz. Ayniqsa, muassasalarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha o‘tgan yili qator umumta’lim maktablariga zamonaviy isitish jihozlari o‘rnatildi. Birgina, tumandagi 42-maktabga 3 ta yangi qozonlar olib berildi va 3 tasi qayta ta’mirlanib, jami 6 ta qozonlarning soz holatda ishlashi ta’minlandi.
3-maktabda “Obod qishloq” dasturi asosida 2018-yilda yilda 2 milliard 640 million so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobiga 780 o‘rinli maktab binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi. Sport va faollar zallari ta’mirlandi. Maktab hovlisining 160 metr qismi baland devor bilan o‘raldi. Ayni paytda maktab yangi o‘quv yiliga tayyor.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, tumani hokimi Bahodir Bahromovning yoshlar bilan uchrashuvida yoshlar tomonidan bir qator takliflar ilgari surilib, umumta’lim muassasalarida sport jihozlari hamda musiqa asboblariga ehtiyoj borligi to‘g‘risida murojaatlar bo‘lgandi.
Hokim bosqichma-bosqich ushbu ehtiyojlarning qanoatlantirilishi bo‘yicha yoshlarga va’da bergandi. Shunga asosan tumandagi 66 ta maktabning barchasiga o‘quvchi sonidan kelib chiqib, 132 ta basketbol, 132 ta gandbol, 265 ta voleybol hamda 284 ta futbol to‘plari, shuningdek, 24 ta tennis stoli va raketkalar topshirildi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati