2766 ta maktab 46 ming dona zamonaviy kompyuter bilan jihozlandi
Koreya Respublikasi Eksimbanki ishtirokidagi “Maktab ta’limida axborot-kommunikatsion texnologiyalarni yanada rivojlantirish” loyihasi doirasida 2859 to‘plamdagi o‘quv-kompyuter sinflari O‘zbekistonga yetkazildi. Bu haqda XTV axborot xizmati ma'lum qildi.
To‘plamlar 2859 o‘qituvchi kompyuterlari hamda 43127 o‘quvchi kompyuterlaridan iborat. Loyiha natijasida 2766 ta ya’ni qariyb 30 foiz maktab yangi kompyuter sinflarga ega bo‘ladi.
Hozirgi kunda Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kompyuter sinflari to‘laligicha yetkazildi. Sardoba texnogen ofatining oqibatlarini yumshatish maqsadida zarar ko‘rgan umuta’lim muassasalariga qo‘shimcha kompyuter sinflari yetkazilgan.
Buxoro, Namangan, Fargona, Xorazm va Toshkent viloyatlarida kompyuter sinflarini o‘rnatish jadal sur’atlarda ketmoqda. Yakuniy bosqichda, Toshkent shahar, Jizzax viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kompyuter sinflarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 20-iyuldagi qaroriga asosan Koreya Respublikasi Eksimbanki Iqtisodiy rivojlanish va taraqqiyot jamg‘armasining 33 mln. AQSh dollar imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.