Test tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar
Yangi avlod darsliklari ko‘p yillik an’analarga o‘zgartirish kiritib, jahonning ta’limi rivojlangan davlatlari andozasiga mos ravishda va o‘zbek ta’limi modelining yutuqlarini o‘zida aks ettirishga yo‘naltirilgan. Shuni inobatga olib, keyingi yillarda milliy test tizimi qanday bo‘lishi kerakligi haqida amaliyotchi o‘qituvchi sifatida ba’zi mulohazalarimni bildirmoqchiman. 2017-yili 6-, 7-,10-sinf ”Ona tili” darsliklari, 2018-yili 11-sinf, 2019-yili 8-9-sinf darsliklari yangi nashrdan chiqdi. Darsliklarda oldingi nashrdagi yutuqlar saqlab qolinishi bilan birga, ularga yangicha yondashuv bilan qaraldi.
Har bir sinfda nazariy ma’lumotlar uchun ajratilgan soatlar qisqartirilib, o‘rniga o‘quvchi dunyoqarashi, tahliliy fikrlashi, so‘z boyligiga ega bo‘lishi nazarda tutilgan matnlar ustida ishlash turkumidagi mavzular kiritilgan. So‘zlarning imlo va izohli lug‘atlari berib borilgan. Lekin bu topshiriqlar oliy ta’limga kirish testlarida qay darajada aks etyapti? O‘quvchi matnni o‘rganayotganda unga muhim deb qarayaptimi? To‘g‘ri, o‘tgan yillarda 10-sinfdagi lug‘ati berilgan so‘zlar testga qamrab olindi, lekin matnlar-chi? Ular asli nima uchun darslikka kiritilgan edi? Demak, bugun milliy test tizimini isloh qiladigan, unga yangicha yondashadigan vaqt keldi. Mulohazalarim shu haqida. Darslikdagi matn ustida ishlash turkum mavzulari o‘qituvchi va o‘quvchining o‘z ustida ishlashi, izlanishi va mantiqiy fikrlay olishi uchun xizmat qilsin.
Deylik, test topshirig‘i quyidagicha bo‘lishini taklif qilmoqchiman:
Bahromshohning uch o‘g‘li bor ekan. U tirikligida farzandlaridan birini taxtga o‘tqizib, hotirjam bo‘lmoqchi bo‘libdi va ularni sinash uchun shunday debdi: — O‘g‘illarim, menga dunyoda eng kuchli, o‘ta shirin va eng yoqimli lazzatbaxsh narsani topib keltiringlar.
Yigitlar o‘sha narsani … yo‘lga tushishibdi. Biri may, biri asal olib kelibdi. Kenjasi esa til keltiribdi.
Shoh sukut saqlab hammasini qabul qilib olibdi va debdi: — Endi menga tig‘dan o‘tkir, zahardan kuchli, eng achchiq va ziyonli narsani olib kelinglar.
Hamma tarqalib ketibdi. Kenjasi yana til keltiribdi.
Bahromshoh kenja o‘g‘lini taxtga loyiq deb topibdi. Chunki dunyoda tildan kuchli narsa yo‘q. (H. Rahmatullayev. “Otamning rivoyatlari” kitobidan, 9-sinf ona tili, 2019-yil, 89-bet).
1. Matnga mos sarlavhani belgilang.
A. Bahromshoh — Eron shohi.
B. Tilning qudrati.
D. O‘g‘illarning topqirligi.
E. Aka-ukalar bellashuvi.
2. Matndagi tovush hodisasiga uchragan yasama so‘z(lar)ning miqdori va gapdagi sintaktik vazifasini belgilang.
A. 5 ta; ega, hol, to‘ldiruvchi.
B. 4 ta; ega, aniqlovchi, to‘ldiruvchi.
D. 3 ta; ega, hol.
E. 2 ta; hol, aniqlovchi.
3. Berilgan matndagi omonimlik xususiyatiga ega bo‘lgan ajratib ko‘rsatilgan so‘zning omonimi qanday so‘z turkumida?
A. Ot B. Sifat
D. Yuklama E. Ravish
4. Nuqtalar o‘rniga asosi paronimlik xususiyatiga ega mos so‘zni qo‘ying.
A. Qidirib B. Izlab
D. Axtarib E. Xohlab
5. Matndagi imlo xato bilan yozilgan so‘zning turkumini aniqlang.
A. Ot B. Son
D. Sifat E. Fe’l
6. Hamma tarqalib ketibdi. Berilgan gapdagi nisbat shakliga ega fe’lning nisbati qanday nisbatga o‘zgartirilsa, so‘zlarning gapdagi vazifasi ham o‘zgaradi?
A. Majhul nisbat
B. O‘zlik nisbat
D. Orttirma nisbat
E. Birgalik nisbat
7. Berilgan matndagi qaysi so‘zning paronimining tarixiy nomlanishi Mirkarim Osimning “Zulmat ichra nur”” asarida tilga olingan?
A. Shoh B. Yoqimli
D. Dil E. Yo‘l
8. Matnda berilgan zahar so‘ziga qanday qo‘shimcha qo‘shilsa, tovush hodisasi ro‘y beradi?
A. Kelishik B. Egalik
D. Qarashlilik E. Erkalash
9. Boshqa asarda terakka chiqib chumchuq bolasini olaman deb yiqilib jon bergan bola bilan umumiy xususiyatga ega bo‘lgan shahzoda otasiga nima olib keladi?
A. May B. Asal
D. Til E. Qilich
10. Xusrav Dehlaviyning Shoh Bahrom nomi keltirilgan dostoni nomini belgilang.
A. “Sab’ayi sayyor””
B. “Haft paykar” ”
D. “Hasht behisht”
E. “Haft avrang””
Yuqoridagi bitta matn asosida tuzilgan testlar orqali o‘quvchining ham ona tiliga, ham adabiyotga oid bilimi sinovdan o‘tkaziladi. Shuningdek, uning mantiqiy fikrlashi ham tekshiriladi.
Test tahlili:
1-test. Bu test matndagi asosiy fikrni ilg‘ay olishni rivojlantirish uchun tuzilgan.
Javob: B. (Matnda asosiy fikrni aniqlash, 7-sinf).
2-test. O‘quvchining fonetika, morfemika va sintaksis bo‘limlariga oid
bilimlarini sinaydi.
Javob: E. Tovush hodisasiga uchragan yasama so‘zlar — tirikligida, achchiq. Gapda hol va aniqlovchi vazifasida kelgan.
3-test. O‘quvchining leksikologiya va morfologiya bo‘limlariga oid bilimlarini sinash uchun tuzilgan.
Javob: B. Matnda taxt so‘zi ot turkumiga mansub. Uning omonimi esa sifat turkumiga mansub.
4-test. So‘z asosi morfemika, paronimlik esa leksikologiya bo‘limida o‘rganiladi.
Javob: B. Izlab; asosi – iz, paronimi – is.
5-test. O‘quvchining orfografiyaga oid bilimini sinash uchun tuzilgan.
Javob: E. Matnda xotirjam bo‘lmoq fe’li imlo xato bilan yozilgan.
6-test. Berilgan test o‘quvchining morfologiya va sintaksisga oid bilimini sinashdan tashqari qo‘shimcha qo‘llash uslubiyati bilan bog‘liq bilimlarini ham tekshiradi.
Javob: D. Hamma tarqalib ketdi, ega, fe’l. Hammani tarqatib ketdi, to‘ldiruvchi, fe’l.
7-test. O‘quvchining ham adabiyotga, ham leksikologiyaga, ham lug‘at bilan ishlash ko‘nikmasiga oid bilimini sinaydi.
Javob: A. Shoh so‘zining paronimi shox. “Zulmat ichra nur” asarida muguz deb berilgan (5-sinf, adabiyot).
8-test. O‘quvchining ona tiliga oid bilimini keng qamrovda tekshiradi.
Javob: B. Zahar + i= zahri (7-sinf, ona tili).
9. Matndan kelib chiqqan holda adabiyotga oid bilimi ham tekshiriladi.
Javob: D. Berilgan ma’lumot “Shum bola” qissasidagi Bo‘riboyvachcha haqida. U Sariboyning kenja o‘g‘li. Kenja shahzoda otasiga til olib keladi.
10-test. Matn bilan bog‘liqlikda adabiyotga oid bilimni tekshirish uchun tuzilgan.
Javob: D. (9-sinf, adabiyot).
Bunday tipdagi testlardan oraliq va joriy nazoratlarda ham foydalanilsa, yanada samarali bo‘ladi. Shuningdek, Milliy sertifikat imtihonlarining grammatika turi uchun beriladigan testlar ham, menimcha, shu shaklda tuzilishi va amalga tatbiq qilinishi kerak.
Zulayho MAMATQULOVA, Toshloq tumanidagi 15-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi